Axborot-resurs markazlari uchun dasturiy ta’minot

Respublikamizda juda ko‘plab akademik litsey va kasb-hunar kollejlari muhtasham binolarga ega. Yoshlarimizning ta’lim olishlari uchun juda yaxshi imkoniyatlar yaratilgan va yaratilmoqda. Ma’lumki, ta’lim muassasasining har birida ta’lim oluvchilarga axborot-resurs markazlari (ARM) xizmat ko‘rsatmoqda.

Ko‘pchilik ta’lim muassasalarining axborot-resurs markazlari yetarli darajada kompyuter va boshqa texnika vositalari bilan ta’minlangan. Biroq kompyuterlarga ega, lokal va global tarmoqqa ulangan hamda Internet xizmatidan foydalanayotgan ARM bugungi kun talabiga mos faoliyat olib bormoqdami? Ta’lim muassasasining ARM faqat kompyuterlar bilan yetarli darajada ta’minlanishi, ZiyoNET ta’limiy portalidan foydalanishi va hatto Internet xizmatining yo‘lga qo‘yilishi, uning bugungi kun talabiga mos faoliyat olib borayotganligini bildirmaydi. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining «Axborot kutubxona faoliyati to‘g‘risida»gi qonunida ARM’lar oldiga bir qator yangi vazifalar qo‘yilgan edi.

Jumladan:
• ta’lim muassasasining ixtisoslashuviga muvofiq asosan ilmiy-ta’limga oid mazmundagi axborot-kutubxona fondini shakllantiradi va uning but saqlanishini ta’minlaydi;
• elektron kutubxona va elektron katalogni shakllantiradi;
• shaxsning ma’naviy boy va barkamol ijodiy o‘sishi uchun imkoniyatlar yaratgan holda o‘zidagi va o‘zidan uzoqdagi axborot-kutubxona resurslaridan foydalanish asosida O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosidan foydalanuvchilarni bahramand etadi;
• axborot-kutubxona resurslaridan o‘zaro foydalanishni ta’minlaydi;
• boshqa axborot-kutubxona muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
• yig‘ma elektron katalogni shakllantirishda ishtirok etadi.

Axborot-resurs markazlari qo‘yilgan vazifalarni bajarishi uchun ular tegishli dasturiy-texnik vositalar bilan ta’minlanishi lozim. Axborot-resurs markazidagi asosiy axborot jarayonlarini avtomatlashtirishga mo‘ljallangan dasturiy vositalar quyidalarni o‘z ichiga oladi. Korporativ axborot-resurs markazlarining avtomatlashtirilgan tizimi (KARMAT-U) to‘rtta avtomatlashtirilgan: Kataloglashtiruvchining, Foydalanuvchining, Kutubxonachining va Administratorning AIO‘ ish o‘rinlaridan iborat.

Kataloglashtiruvchining AIO‘ asosan ikki funksiyani bajaradi: ARM fondidagi hujjatlar bibliografik tavsif elementlarini tizimning elektron katalog bazasiga kiritadi, foydalanuvchilarni tizimda ro‘yxatga oladi, ya’ni ularga tegishli login va parol berish orqali har bir foydalanuvchi uchun shaxsiy elektron kabinet ochadi.

Foydalanuvchining AIO‘da tizimda ro‘yxatdan o‘tgan har bir kitobxon uchun shaxsiy elektron kabinet ochiladi. Foydalanuvchi bu yerda ARM’dan olib, o‘qib, qaytarib topshirgan, kutubxonadan olgan, ammo hali qaytarib topshirilmagan kitoblar ro‘yxatini ko‘rishi mumkin. Shaxsiy elektron kabinetdan turib, ARM’ning EK bazasini ko‘rishi, kerakli adabiyotlarni qidirib topishi va ularga buyurtmalar berishi, buyurtmaning qabul qilinganligi va bajarilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lishi mumkin. Ayni paytda bibliografik tavsifga bog‘langan to‘liq matnlardan ham foydalanish imkoniyatiga ega.

Кutubxonachining AIO‘da kutubxonachi buyurtmalarni bajarilish holati to‘g‘risida foydalanuvchiga xabar yetkazadi. Buyurtirilgan adabiyotlarni foydalanuvchiga beradi. Foydalanuvchi tomonidan qaytarib topshirilayotgan adabiyotlarni qabul qiladi. ARM’dan «qarzdor» bo‘lgan foydalanuvchilar to‘g‘risidagi axborotlarga ega bo‘ladi. Foydalanuvchilarning qo‘lida bo‘lgan adabiyotlar ro‘yxatini ko‘rishi mumkin. Shuningdek, kutubxonachining AIO‘ ARM’ga tegishli bo‘lgan statistik ma’lumotlar (eng ko‘p o‘qilayotgan kitoblar, ARM’ning kundaligi: kitobxonlarning fan sohalari bo‘yicha ma’lum bir vaqt oralig‘ida o‘qilgan kitoblari to‘g‘risida ma’lumot) ni ham ko‘rish mumkin.

Аdministratorning AIO‘ asosan ma’lumotlar bazalarini boshqarish, muassasalar va foydalanuvchilarni ro‘yxatga olish, ularga parol va login berish, bibliografik yozuvlarni eksport, import qilish singari bir qator operatsiyalarni bajarishga mo‘ljallangan.

KARMAT-U dasturining o‘ziga xos tomonlaridan yana biri shundaki, u tarmoqqa joylashtirilganda faqat bir ARM faoliyatini avtomatlashtiribgina qolmay, balki, tarmoqdan foydalanayotgan bir necha ARM’lar faoliyatini avtomatlashtira oladi. Uning bu xususiyati akademik litsey va kasb-hunar kollejlari qoshidagi ARM’lar yig‘ma elektron katalogini yaratishda qo‘l keladi.

KARMAT-U dasturi
Yig‘ma elektron katalog nima? Yig‘ma elektron katalog elektron kataloglar majmui bo‘lib, axborot-resurs markazi o‘zining fondini retrospektiv konversiya asosida yig‘ma elektron katalog bazasini shakllantiradi. Akademik litsey va kasb-hunar kollejlar qoshidagi ARM’larning yig‘ma elektron katalogi yaratilgach, u orqali tizimda ro‘yxatga olingan har bir foydalanuvchi Respublikamizdagi barcha axborot-resurs markazlaridagi kitoblar ro‘yxatini ko‘ra oladi, to‘liq matn bibliografik tavsifga bog‘langan hollarda esa tizim, elektron kutubxona rejimida ishlaydi, ya’ni foydalanuvchi o‘zi xohlagan kitobning elektron versiyasi bilan tanisha oladi. Yoki boshqacha qilib aytganda, yig‘ma elektron katalog to‘liq ishga tushirilgach, ARM fondidagi barcha adabiyotlar to‘g‘risida tarmoq-dan barcha ma’lumotlarni olish mumkin. Mana shu tarzda korporativ yig‘ma elektron katalog shakllanadi. Bibliografik yozuvlarni almashtirish ISO 27-09 standarti orqali amalga oshiriladi.

Maxsus o‘quv kurslari tashkil qilinib, bunda YEK ma’lumotlar bazasini shakllantirish usullari o‘qitiladi. Bu esa o‘z navbatida, kataloglashtirilayotgan hujjat turi bibligrafik tavsifini standart asosida to‘g‘ri kataloglashtirishni ta’minlaydi. Institut qoshida metodologik markaz tashkil etiladi. Shakllanayotgan Yig‘ma elektron katalogni medologik markaz nazorat qiladi, YEK samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi. Ayni paytda, YEK Metodologik markazga a’zo bo‘lmagan muassasalar va tashkilotlar uchun ham ochiq hisoblanadi. Metodologik markaz O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan va qaysi tarmoqqa tegishligidan qatiy nazar, barcha axborot-resurs markazlari, axborot-kutubxona markazlari va kutubxonalar bilan hamkorlik qilishi mumkin. Metodologik markaz hamkor tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli va ixtiyoriylik asosida shartnomalar tuzadi va Axborot-kutubxona faoliyatiga oid O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan standartlariga rioya qilgan holda faoliyat olib boradi.

Har bir ARM, AKM va kutubxonalarning elektron ishchi katalogi mavjud. Unda ichki tarmoq orqali hujjatlar kataloglashtiriladi. Ishchi katalogda asosan bibliografik yozuvlarning tarkibi tekshiriladi. Коrporatsiyaning yig‘ma elektron ishchi katalogi to‘g‘riligi nazorat qilinadi. Tekshirilgan bibliografik yozuvlar korporatsiyaning yig‘ma elektron katalogiga o‘tqaziladi va bu yerda kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Axborot-resurs markaziga KARMAT-U dasturini joriy etish foydalanuvchi (kitobxon)larga quyidagi imkoniyatlarni beradi:
• Elektron kutubxona yaratish va foydalanish;
• Darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, o‘quv adabiyotlarining elektron katalogidan foydalanish;
• To‘liq matnli ma’lumotlar bazasidan foydalanish;
• Elektron kataloglan foydalanib, masofadan turib adabiyotlarni qidirish, buyurtmalar berish;
• Boshqa ta’lim muasasalari ARM’lar EK foydalanish;
• O‘zi o‘qiyotgan ta’lim muassasasi ARM’da bo‘lmagan adabiyotlarni boshqa ta’lim muasasasi ARM’ning EK’dan qidirish va buyurtma berish.
KARMAT-U dasturi kutubxonachilarning ham bir qator mushkul ishlarini yengillashtirishda yordam beradi:
• Tayyor bibliografik yozuvlardan foydalanish hisobiga o‘z EK ma’lumotlar bazasini shakllantirishni tezlashtiradi va katalooglashtirish xarajatlarini kamaytiradi;
• Asosiy axborot jarayonlari (axborotlarni yig‘ish, saqlash, qidirish, ishlov berish va foydalanuvchilarga uzatish) kompyuter dasturi orqali bajarilishi hisobiga turli statistik ma’lumotlarni avtomatik tarzda yaratish kutubxonachilar ishini osonlashtiradi;
• Elektron kutubxona yaratish imkoniyatini beradi;
• O‘quv adabiyotlari EK va to‘liq matnli ma’lumotlar bazasini shakllantirish orqali foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish madaniyati va sifatini oshiradi.

KARMAT-U dasturini ta’lim muassasalari qoshidagi ARM’da joriy qilish, ya’ni ARM xodimlarini dastur bilan ishlashga o‘rgatish maqsadida 36 soatlik maxsus kurs ishlab chiqildi. O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi tizimining kadrlarini malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash institutida maxsus kurs tashkil etilib, Respublikaning akademik litsey va kasb-hunar kollejlari qoshidagi ARM’ning rahbarlari va yetakchi mutaxassislarining o‘qishi tashkil qilindi. Bugunga qadar, 100dan ortiq ARM rahbari va yetakchi mutaxassislari kursni tugallab, KARMAT-U dasturini o‘zining ARM kompyuterlariga o‘rnatish uchun bepul oldilar.

O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi tizimining kadrlarini malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti qoshidagi ARM’da axborot-resurs markazi rahbari Nodira Isoxodjayevaning tashabbusi bilan Respublikamizning o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi tizimi uchun yig‘ma elektron katalog va to‘liq matnli ma’lumotlar bazasini yaratish ishlari boshlandi. Institut ARM’ning avtomatlashtirilgan tizimida 5500dan ortiq bevosita ta’lim tizimiga tegishli darsliklar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va boshqa o‘quv adabiyotlarining elektron katalogi va to‘liq matnli ma’lumotlar bazalari mavjud. Mazkur ARM bazasida Respublikamizning barcha o‘rta maxsus ta’lim tizimiga xizmat ko‘rsatadigan avtomatlashtirilgan axborot kutubxona tizimi yaratish imkoniyati mavjud. Shunday qilib, Akademik litsey va kasb-hunar kollejlari qoshidagi axborot-resurs markazlariga KARMAT-U dasturini joriy qilish, ARM’larida elektron katalog ma’lumotlar bazasini shakllantirish, o‘quv adabiyotlarining elektron kutubxonasini yaratish imkoniyatini beradi. Bu esa o‘z navbatida, ta’lim tizimini axborotlar bilan ta’minlash, kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish sifati va madaniyatini yuksaltirishga olib keladi.

Xulosa qilib ARM xodimlariga quyidagi tavsiyalarni taklif etishni lozim deb bildik:
1. Аkademik litsey va kasb-hunar kollejlari qoshidagi axborot-resurs markazlari uchun dasturiy ta’minot sifatida KARMAT-U dasturini tanlash tavsiya qilinadi. Mazkur dastur Respublikamizning OO‘YU qoshidagi ARM’larda joriy qilinmoqda, uning internetdagi manzili http://karmat.nuu.uz
2. OTM qoshidagi ARM’lar va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi tizimiga xizmat ko‘rsatayotgan ARM bir xil avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimi bilan ishlashi elektron bibliografik resurslarni almashtirish va yagona axborot fazosini tashkil etilishini ta’minlaydi.
3. O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi tizimi kadrlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti qoshidagi ARM’da Respublika o‘rta maxsus kasb-hunar ta’lim tizimi elektron kutubxonasini yaratish, elektron fondni shakllantirish bo‘yicha Metodologik markaz tashkil qilinishi zarur.
4. Metodologik markaz yig‘ma elektron katalogni shakllantirish, elektron resurslar yaratish ishini muvofiqlashtirish orqali elektron kutubxona yaratish sarf-xarajatlarini kamaytiradi va ayni paytda, ARM orqali xizmat ko‘rsatish madaniyati va sifatini yuksaltiradi.

Orphus system