Unitel MChJ Bosh dirеktori Andrеy Safronyuk bilan blits-intеrvyu

Andrey Safronyuk: «Yetakchilik – biz uchun mas’uliyat!»
2012 yilning ikkinchi yarmi allaqachon mamlakat telekom-bozori tarixida keng ko‘lamli o‘zgarishlar va aloqa operatorlarining tarmoqdagi maksimal qiyinchiliklar hamda trafikning misli ko‘rilmagan o‘sishi sharoitida g‘ayratli faoliyat davri sifatida iz qoldirdi. Vaziyatni barqarorlashtirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida Unitel MCHJ bosh direktori Andrey Safronyuk biz bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda so‘zlab berdi.

– Engn avvalo, Andrey Vladislavovich, Sizni noyabr oyida e’lon qilingan uchinchi chorakning a’lo darajadagi yakunlari bilan muborakbod etishga ruxsat bersangiz. Endilikda “Bilayn”, shubhasiz, O‘zbekiston mobil bozorining yetakchilaridan biri sanaladi, biroq bunga qadar oldingizda tezkorlik bilan hal qilinishi zarur bo‘lgan ko‘plab masalalar turibdi. Ularning eng asosiysi – tarmoqni kengaytirish.
– Tabrik uchun rahmat, lekin Siz haqsiz: oldimizda turgan masalalar erishilgan muvaffaqiyatlar ustida fikrlashga vaqt qoldirmayapti. Odamlar o‘zgarishlarni kutmoqda va men suhbatni vaqtinchalik qiyinchiliklarni tushunayotgan mijozlarimiga minnatdorchilik so‘zlari bilan boshlamoqchiman. O‘z navbatida biz abonentlarimizga eng qisqa vaqt ichida ular “Bilayn”ning respublikadagi faoliyati yillarida ko‘nikib qolgan xizmatlarning yuqori sifatini qaytarish uchun bor imkoniyatimizni ishga solmoqdamiz.

– “Yorqin yangiliklar” teleloyihasining yaqinda namoyish qilingan sonida 2013 yilning boshiga kelib, “Bilayn” asosiy stansiyalar sonini 30% ga oshirishi haqida aytib o‘tilgan edi…
– Bu, shubhasiz, to‘g‘ri. Biroq shuning o‘zi bilan kifoyalanib qolish niyatimiz yo‘q. Keyingi yilda Tarmoq qurilishi hamda modernizatsiya qilinishi dasturi allaqachon tasdiqlangan va amalga oshirilmoqda – bu ancha davom etadigan jarayon.

– Aytgancha, kompaniya teleyangiliklarini yo‘lga qo‘yish tashabbusi nima bilan bog‘liq?
– Barchasi oddiy: odamlar yuzaga kelayotgan muaamolarni bartaraf qilish yo‘lida nimalar qilinayotgani bilan qiziqadilar, shuningdek u yoki bu qarorlar nima uchun qabul qilinayotganini tushunishni istaydilar. Teleintervyuning interaktiv elementli shakli nafaqat abonentlarni oson va batafsil xabardor etish, balki ko‘p millionlik auditoriyani qamrab olish imkonini beradi. Biz ochiq va shaffof biznesni qurmoqdamiz va mijozlarimiz mish-mishlarga ishonib yashashlarini istamaymiz, shunday ekan, OAV imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalanmoqdamiz.

– Ha, yaqinda o‘tkazilgan matubot anjamani buni yana bir bor tasdiqladi. Agar adashmasam, unda yuzdan ortiq mass-media vakillari ishtirok etdi.
– Bu yana bir bor fuqarolarning telekom sohaga bo‘lgan qilizqishlarini isbotlaydi. Bunday sharoitda aholiga to‘liq axborot berishni majburiyatimiz, deb hisoblayman. Qaytaraman: shaffoflik “Bilayn”ning doimiy tashrif qog‘ozi bo‘lgan va bo‘lib qolmoqda. Biz istalgan murojaatlar uchun ochiqmiz, “noo‘rin” savollardan qo‘rqmaymiz, hech qanday holatda barchasi yaxshiligini, muammolar yo‘qligini isbotlashga harakat qilmaymiz. Aksincha: aloqa sifatining pasayganligi aniq va hamma vaqt bu haqda gapirganimizdek, uni yaxshilash o‘lida qanday ishlarni amalga oshirayotganimiz to‘g‘risida xabar berib bormoqdamiz. Quruq gaplar – bizga to‘g‘ri kelmaydi, shuning uchun mijoz bilan bog‘lanish uchun istalgan imkoniyatdan foydalangan holda boshlagan ishimizni va’da bera olamiz. Call-markaz, onlayn-maslahatlar, ijtimoiy tarmoqlardagi hamjamiyatlar – bularning barchasi yuqori darajada xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan.

– 2012 yilning boshida Unitelning mijozlarga xizmat ko‘rsatish xizmati O‘zbekistondagi eng yaxshi call-markaz sifatida tan olinganligi eslaydigan bo‘lsak, sizlar buning uddasidan chiqmoqdasizlar. Yaqindagina esa “Bilayn”ning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati yilning Eng yaxshi PR-kampaniyasi, deya e’tirof etildi.
– Joriy yilda Beeline Uzbekistanning ijtimoiy maydonlardagi ommalashuvchi 9 barobar o‘sdi: 24 000 dan 215 000 kishiga qadar. Biz avvalgidek, Markaziy Osiyodagi eng yirik Facebook-hamjamiyati hisoblanamiz, shuningdek “Odnoklassniki” tarmog‘ining eng ommalashgan sahifalarining TOP-30 ligiga kirganmiz. Iyul oyida www.beeline.uz sayti o‘ta ko‘payib ketgan qiyinchiliklarning uddasidan chiqa olmagan paytlar bo‘ldi va qanchadir vaqt ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz kompaniyaning Internetdagi yagona rasmiy vakolatxonasi vazifalarini bajargan.

– Nima bo‘lganda ham, Brand Award 2012 “O‘zbekiston xalq brendi” nominatsiyasidagi g‘alaba, ehtimol, Siz uchun asosiy va eng ramziy mukofot bo‘ldi, shunday emasmi?
– Yuz foiz qo‘shilaman. O‘ylaymanki, istalgan kompaniya uchun Xalq brendi unvoni unga mijozlari keltira olgan eng katta sharaf hisoblanadi va “Bilayn” ushbu unvonni aholi ichida o‘tkazilgan onlayn-ovoz berish natijasida olgani biz uchun alohida quvonarli hol. Bizga ko‘rsatilgan ishonchni qadrlaymiz va uni albatta oqlaymiz. Lekin, boshqa muvaffaqiyatimiz bilan ham faxrlanamiz: noyabrda SuperJob xalqaro rekruting portali tomonidan “Bilayn” mamlakatning eng jozibali ish beruvchilari ro‘yxatiga kiritildi. Shuni anglash muhimki, iyulda chegarasiga yetgan qiyinchiliklar nafaqat uskunalar, balki kompaniya personali yelkasiga ham tushdi va “Bilayn” xodimlari ularning uddasidan chiqa oldi. Ha, o‘zining fidoiy mehnati va uzaytirilgan ish tartibiga o‘tish evaziga bo‘lsa-da, biroq milionlab kishilarni aloqa bilan ta’minladi.

– Keling, tarif siyosatiga o‘tamiz. Noyabr oxirida “Bilayn” ommalashgan “O!” tarifining shartlarini o‘zgartirib, kutilmagan qadamni bosdi. Ushbu mavzuga oid bir necha mish-mishlar tarqaldi, yetakchi onlayn-OAV esa ushbu qarorning sababini aniqlashga harakat qildilar. Xususan, bizning www.infocom.uz saytimizning taxmini bo‘yicha, bu operatorning tarmoqdagi qiyinchiliklarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan strategiyasining bir qismi hisoblanadi. To‘g‘ri topibmizmi?
– Ehtimol, faqat qisman. Aloqa sifatiga bo‘lgan e’tibor bizning istalgan tashabbusimizda mavjud, biroq umuman olganda, bu mutlaqo ishga oid jihat. U abonentlarga xizmat ko‘rsatish sharoitlarini yaxshilashga yo‘naltirilgan. Biz “Yangi O!”ni ishga tushirib, flagmanli tarifni o‘zgartirdik. O‘ylaymanki, ushbu taklifning afzalliklarini hech kimga isbotlab o‘tirish shart emas: agar “O!”da tarmoq ichidagi bepul muloqot uchinchi daqiqadan boshlangan bo‘lsa, “Yangi O!”da hisob o‘z vaqtida to‘ldirilganida “Bilayn” abonentlari bilan bepul muloqot qilish imkoni beriladi.

– Mobil Internet haqida gapiradigan bo‘lsak, iyuldan dekabrga qadar xalqaro internet sig‘imi qay darjada o‘zgardi?
– Bu yerda raqamlarning o‘zi barchasidan darak beradi: ushbu davr mobaynida mazkur ko‘rsatkich sekundiga 750 dan 1200 Megabitgacha o‘sdi va bu aloqa operatorlari ichida eng yirik tashqi kanal hisoblanadi.

– “Bilayn” oson kechmagan keyingi oylarda ilgari qabul qilingan ijtimoiy majburiyatlarini amalga oshirishda davom etdi. Ruxsatingiz bilan, bevosita jurnalimizga aloqasi bo‘lgan ikkita loyihaga to‘xtalmoqchimiz: bu Uzbekistan Cyber Games Beeline 2012 kompyuter o‘yinlari bo‘yicha milliy birinchiliklning o‘tkazilishi, shuningdek INFOCOM 2012 AKT Haftaligiga ko‘rsatilgan ko‘mak.
– Birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha bergan intervyuda men aytib o‘tgan edim, “Bilayn”ning kelajagi mamlakat hamda jamiyatning kelajagi bilan bog‘liq. Bu ma’noda biz uchun hatto bozordagi o‘zgarishdan so‘ng ham hech narsa o‘zgargani yo‘q. Bundan tashqari: yetakchilik holati yanada ko‘proq mas’uliyatni nazarda tutadi, shuning uchun UCG Beeline 2012 yoshlarda uyg‘otgan qiziqishni bajonidil kuzatib bordik.

– Bundan ortig‘i bo‘ladimi? Axir g‘oliblarga WCG Jahon chempionatida ishtirok etish imkoni taqdim qilindi-ku.
– Men ham shuni aytmoqdaman. Butun mamlakat bo‘ylab minglab yigit hamda qizlar oldiga bu kabi ajoyib maqsadni qo‘yish, ularni e-sport g‘oyalari bilan birlashtirishning uddasidan chiqqan ekanmiz, bu mening nazarimda juda soz.

– Biroq “Bilayn” an’anaviy sport turlari, shuningdek yana bir nechta yo‘nalishlarga ham ko‘maklashmoqda…
– Asosan, ushbu yo‘nalishlar bolalar va faxriylarni, ta’lim hamda madaniy dasturlarni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq. Umuman olganda, 2012 yilda xayriya ishlariga 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.

– Joriy faoliyatga qaytamiz: ko‘plab viloyatlarda “Bilayn” abonentlari aloqa sifatida ijobiy o‘zgarishlarni his etdilar. Ushbu trend saqlanib qolishiga umid qilsa bo‘ladimi?
– Tushuntirishga harakat qilaman: keyingi ikki yil ichida kompaniyaning O‘zbekistondagi kapital xarajatlari 300 million dollardan oshdi. Aslini olganda, tarmoqni rivojlantirish uchun kiritilgan aynan shu investitsiyalar joriy qiyinchiliklarning uddasidan chiqish imkonini berdi. Biroq, iyuldan dekabrga qadar sig‘imni kengaytirish asosan nisbatan oldinroq yetkazib berilgan uskunalar, shuningdek ombordagi zaxiralar evaziga amalga oshirildi. Hozir biz strategik investitsion dasturni amalga oshirishga kirishdik va yangi asosiy stansiyalarning birinchi to‘plamini oldik, ular butun maamlakat bo‘ylab o‘rnatilmoqda. Shunday qilib, eng qiyin davr endi ortda qoldi va endi oldingi sifatga qaytish – yaqin kelajak masalasi.

– Va oxirgi savol: sentabr oxirida Unitel abonentlarining soni 9 229 000 kishini tashkil qildi. “Bilayn” 2012 yilning yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda o‘n millionlik ko‘rsatkichdan o‘tgan ilk operator bo‘la oladimi?
– Eng avvalo, barchaga yaxshi ma’lumki, biz hech qachon maksimal abonentlik bazasi ortidan quvgan emasmiz. Buning bir necha sababi bor – abonentlarni hisobga olishning turli tizimlaridan tortib, sifat ko‘rsatkichlari tarafdorligigacha. Bundan tashqari, Vimpelcom Ltd kompaniyalar guruhi darjasida to‘rtinchi chorak yakunlari rasmiy ravishda sarhisob qilinguniga qadar, biz yakunlarni sarhisob qila olmaymiz. Shuning uchun javobim quyidagicha: men bunda imkoni bo‘lmagan hech narsani ko‘rayotganim yo‘q.

– Sizning yangi yil tilaklaringizni infoCOM.UZ o‘quvchilari huzurlanib o‘qir edi.
– Butun “Bilayn” jamoasi nomidan sizga Yangi yilda faqatgina samimiy hamda huzurbaxsh muloqot qilishni tilab qolaman. Hayotning yorqin tarafida bo‘ling!

Aleksandr Suchkov suhbatlashdi

Orphus system