Talabalar uchun yangi imkoniyatlar
24.12.2012
Rukn: Texnologiya.
Muallif: O‘zA.

Mamlakatimizda internet tarmog‘iga ulanish va undan foydalanish borasida keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

“O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi va “Kelajak ovozi” yoshlar tashabbuslari markazi tomonidan 2012-yilda bu borada yirik loyiha amalga oshirildi. Mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida “Kelajak ovozi” Wi-Fi internet hududlari ochildi. Mazkur hududlar orqali talabalar darsdan bo‘sh vaqtlarida internet tarmog‘idan bepul foydalanishi mumkin.

Farg‘ona viloyatidagi oliy o‘quv yurtlarida ham talabalar ana shunday qulayliklardan bahramand bo‘lmoqda.

“Kelajak ovozi” axborot xonalari qoshida tashkil etilgan Wi-Fi internet hududlari talabalarning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, internet orqali dunyo va ilm olami yangiliklaridan xabardor bo‘lish, shuningdek, “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi, “Kelajak ovozi” yoshlar tashabbuslari markazi faoliyati bilan doimiy tanishib, loyiha va tadbirlarda ishtirok etishlariga ko‘maklashmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Wi-Fi internet hududlari ma’naviyatimizga yot bo‘lgan zararli g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi turli sayt va tarmoqlardan ishonchli himoyalangan.

– Mazkur Wi-Fi internet hududi talabalarning puxta bilim olishi va ta’lim jarayonidagi yangiliklardan xabardor bo‘lishida katta ahamiyatga ega, – deydi Farg‘ona davlat universitetining ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Abdug‘ofir Qosimov. – Bugun internet olamida yoshlar ongini chalg‘ituvchi har xil zararli g‘oyalar ham talaygina. “Kelajak ovozi” Wi-Fi internet hududining turli salbiy internet manzillaridan himoyalangani talabalarning milliy ma’naviyatimizga zid ta’sirlarga chalg‘ishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Viloyatdagi oliy o‘quv yurtlarida ochilgan “Kelajak ovozi” Wi-Fi internet hududi asosan Tas-ix tizimidagi veb-sahifalarda ishlashga mo‘ljallangan. “Kelajak ovozi” axborot xonalarida talabalar uchun foydali saytlarning manzillari ko‘rsatilgan bo‘lib, bu ularning izlanishlarida qo‘l keladi. Jumlalan, “Kelajak ovozi” yoshlar tashabbuslari markazining kelajakovozi.uz, “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasining sayti – fundforum.uz, Ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash fondining rasmiy veb-sahifasi – sisf.uz, qiziquvchan yoshlarning ijtimoiy mavzulardagi fikrlari berilgan va fikr almashishga mo‘ljallangan sahifasi – dilemma.uz, yosh jurnalistlarning maqolalari joylashtirilgan internet manzili – kelajakpress.uz va boshqa qator mazmunli saytlarning ko‘rsatib o‘tilganligi faol yoshlarning o‘z qiziqishlari bo‘yicha yangiliklardan xabardor bo‘lishlariga yordam beradi.

– Mazkur internet hududi juda qulay, – deydi Farg‘ona davlat universitetining 2-bosqich talabasi Mohigul Rahimova. – Darsdan bo‘sh vaqtlarimda, hatto qisqa tanaffus paytida ham mobil telefonim orqali internetga kirishim, o‘zimga kerakli ma’lumotlarni tezda olishim mumkin. Mazkur hududda asosan “ZiyoNet” tarmog‘i orqali ta’lim tizimidagi yangiliklardan xabardor bo‘lib turaman. Shuningdek, lingvo.uz sayti ham juda qiziqarli. Bu sayt orqali on-layn darslarda qatnashaman va ingliz tilini o‘rganaman.

Bugun yurtimizda internet tarmog‘idan foydalanmaydigan yoshlarni topish qiyin. Samarali mehnat qilish, o‘qish, yangiliklardan xabardor bo‘lish, qolaversa, boshqalar bilan muloqotga kirishish, ko‘ngilli dam olish – bularning barchasi internetdan foydalanish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar samarasidir. Eng muhimi, yoshlarimizni global tarmoqdagi turli ma’naviy tajovuzlardan himoya qilish bo‘yicha ham tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Wi-Fi internet hududi ham ana shunday ezgu sa’y-harakatlarga yorqin misol bo‘la oladi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq