Tadbirkorlar uchun internet resurslar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekiston Biznes-forumi (2-bosqich)” loyihasi bilan hamkorlikda ushbu mavzuga bag‘ishlangan matbuot anjumanini tashkil etdi.

Tijorat tuzilmalari faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 21-martda qabul qilingan “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish dasturining ustuvor yo‘nalishlaridandir. Ushbu hujjatda tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni internet hamda plastik kartochkalar orqali amalga oshirish infratuzilmasini yaratish, tijorat faoliyati va tadbirkorlikda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan yanada keng foydalanishni ta’minlash masalalari qayd etilgan.

Savdo-sanoat palatasi raisi Alisher Shayxovning ta’kidlashicha, mamlakatimizda biznes vakillari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda, xususiy sektorni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Mazkur tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad keng jamoatchilikni qiziqarli dasturiy mahsulotlar va 2012-yilda chop etilgan axborot nashrlari bilan tanishtirishdan iborat.

Tadbirkorlarga o‘z faoliyatini tashkil qilish va yuritish jarayonida zarur bo‘lgan foydali axborotni o‘z ichiga olgan www.biznesinfo.uz axborot portali imkoniyatlari namoyish etildi. Saytda biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish shartlari, litsenziyalash va ruxsat etish tartib-taomillari, mamlakatimiz moliya institutlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar, shuningdek, tegishli adabiyotlar bilan tanishish, shartnoma va biznes-rejalar namunalarini kompyuterga yozib olishi mumkin. Shunisi e’tiborliki, bu saytda 600 turdan ortiq uskunalar va mini-texnologiyalar to‘g‘risidagi axborot jamlangan.

Matbuot anjumani ishtirokchilarida tadbirkorlar uchun mo‘ljallangan UzSAT innovatsiya ishlanmasi katta qiziqish uyg‘otdi. Mobil telefonga o‘rnatiladigan ushbu ilova internet yordamida ishlaydi. U orqali O‘zbekistonning qaysi banklaridan kreditni qanday shartlar asosida olish mumkinligini bilish, xo‘jalik sub’ektlarini tekshirishning yillik rejasi bilan tanishish mumkin.

Tadbirda mobil telefonlar uchun yana bir ilova – “SMS-To`lov” va Savdo-sanoat palatasining Call-markazi faoliyati to‘g‘risida ham so‘zlab berildi. Bundan tashqari, mamlakatimizda biznesni tashkil qilish va yuritish imkoniyatlari haqida hikoya qiladigan ixtisoslashtirilgan nashrlar to‘g‘risidagi axborot ham ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi. “Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirish haqida nimalarni bilish kerak?”, “Biznesga ko‘maklashuvchi imtiyozlar“, “Fuqarolik-huquqiy shartnomalar”, “Tadbirkorlar uchun kompyuter”, “Tadbirkorlar uchun internet” shular jumlasidandir. Ular Savdo-sanoat palatasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekiston Biznes-forumi (2-bosqich)” loyihasi bilan hamkorlikda nashr etilgan.

Orphus system