Ertaklar mavzusini axborot kompyuter texnologiyalaridan foydalangan holda o‘rgatish

Hоzirgi davrda ta’limni axborot kompyuter texnologiyalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Axborot kompyuter texnologiyalaridan «Yangi pedagogik texnologiyalar»ning bir negizi sifatida zamonaviy dars jarayonida foydalanishlik davr talabiga aylandi. Zero, dunyodagi rivojlangan mamlakatlar maorifida dars o‘tish jarayonidan kelib chiqib fikr yuritadigan bo‘lsak, internet «leptop»lar ta’limning imkoniyatlarini butunlay o‘zgartirib yubordi, yanada kattaroq imkoniyatlar yaratib berdi.

O‘zbekistonimizning mustaqilligi yillarida ta’lim tizimini isloh qilish birinchi navbatda, ta’lim va tarbiya tizimiga ilg‘or axborot texnologiyalarini tatbiq etish bo‘yicha yanada kengroq imkoniyatlar yaratib berdi. Zamonaviy pedagogik texnologiyalarga binoan zamonaviy o‘qituvchi darsni boshqaruvchi emas, bevosita yo‘naltiruvchisiga va kuzatuvchisiga, o‘quvchi esa avvalgi davrlarda bo‘lgani kabi darsning kuzatuvchisi emas, balki faol ishtirokchisiga aylandi. Chunki ta’lim-tarbiyadagi asosiy maqsad taqqoslash orqali o‘zining mustaqil fikriga ega aqlan yetuk bo‘lgan barkamol avlodni tarbiyalashdir.

Аdabiyot pedagogik maqsadlarga xizmat qiluvchi fan bo‘libgina qolmay, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘qitiladigan boshqa fanlar singari, o‘quvchilarga birinchi navbatda, bilim berish, ya’ni ko‘p asrli o‘zbek adabiyoti tarixi va hozirgi adabiy jarayonning asosiy yo‘nalishi-yetakchi yozuvchilar va ular ijodi bilan, adabiyotning fan sifatidagi yetakchi yozuvchilar hamda ular ijodi bilan adabiyotning o‘ziga xos tomonlari hamda nazariy masalalari haqida tasavvur berishi lozim. O‘quvchiga bilimni shunchaki bermay, balki qanday usulda berish muhim ahamiyat kasb etadiki, unda «Nega?» degan savol paydo bo‘lsin va bilim oluvchi shu «nega»ning javobini o‘zi topsin.

5-sinf Adabiyot darsida «Xalq og‘zaki ijodi»ni o‘rganish uchun 8 o‘quv soati vaqt ajratilgan. Shundan 1 soati «Maqollar» mavzusini, 1 soati «Topishmoqlar», qolgan 6 soati o‘zbek xalq ertaklari «Uch og‘a-ini botirlar», «Susambil»ni o‘rganishga mo‘ljallangan.

Dasturda alohida ta’kidlab o‘tilganidek, «…Yozma adabiyotdan bir necha muddat avval xalq og‘zaki ijodi yaratila boshlangan va bu og‘zaki ijod hozirga qadar yashashda davom etib keladi. Yozma adabiyotning maydonga kelishida muhim manba bo‘lgan o‘zbek xalq og‘zaki ijodi dunyodagi eng boy og‘zaki ijodlardan biri bo‘lib, ko‘plab doston, afsona, rivoyat, ertak, qo‘shiq, maqol, topishmoq singari asarlarni o‘z ichiga oladiki, ularda, bir tomondan, xalq tarixi, maishiy madaniyati, urf-odatlari o‘z aksini topgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, shu asarlar xalqni, ayniqsa, yosh avlodni milliy an’analar ruhida, shuningdek, vatanparvarlik, erkparvarlik, mehnatsevarlik ruhida tarbiyalab kelgan. Shuning uchun ham yozma adabiyot bilan birga, umumiy maktab o‘quvchilariga o‘zbek xalq og‘zaki ijodining eng yaxshi namunalari haqida ham bilim berish maqsadga muvofiq».

Xalq og‘zaki ijodini bugungi globallashuv jarayonida o‘rgatish o‘sib kelayotgan yosh avlodni yuksak ma’naviyatli qilib tarbiyalashda juda qo‘l keladi hamda tahdid solayotgan ma’naviy bo‘hronning oldini olishga xizmat qiladi. Shuning uchun o‘qituvchi 5-sinf o‘quvchilariga «Uch og‘a-ini botirlar», «Susambil» ertaklarini o‘rgatishga alohida ahamiyat berishi lozim. Shuni alohida qayd etib o‘tish zarurki, o‘qituvchi o‘z darsini audio-vizual vositalar yordamida «Media-dars» sifatida o‘tishni maqsad qilib qo‘ygan ekan, www.ziyonet.uz portalining «Kutubxona» bo‘limidagi «Bolalarga» ruknidan ertaklarning audio yozuvini diskka ko‘chirib olish, agar o‘quv xonasida internet mavjud bo‘lsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saytdan eshittirishi mumkin. Bundan tashqari, ZiyoNET ta’lim tarmog‘ining www.utube.uz videoportalida ertaklar yuzasidan ishlangan multfilmlar ham mavjud bo‘lib, dars jarayonida o‘qituvchi ulardan samarali foydalansa bo‘ladi.

Darslikdagi ertaklar:
1) Hayvonlar haqidagi ertaklar;
2) Sehrli ertaklar;
3) Hayotiy-maishiy ertaklar;
4) Hajviy ertaklar kabi turlarga ajratilgan.

O‘qituvchi o‘quvchilarni mustaqil ishlashlari uchun www.utube.uz portalining «Bolalarga» bo‘limidagi 160 ga yaqin o‘zbek va jahon xalqlari ertaklaridan birini ko‘rib taassurot yozib kelishni yoki ZiyoNET portalidagi kutubxonada joylashtirilgan 80ta ertakning audio faylini tinglab uni tahlil qilib kelishni topshirsa bo‘ladi. Bu bilan u o‘quvchilarning yozma va og‘zaki nutqlarini rivojlantirish yuzasidan amaliy ish olib borgan bo‘ladi, ularning qiyosiy tafakkurlarini rivojlantiradi.

«Agar o‘qituvchi internet tarmog‘iga yoki sinf darsxonasi Internetga ulanmagan bo‘lsa-chi? — degan savol tug‘ilishi tabiiy. U holga kompyuterga ulangan proyektor yordamida POWER-POINT dasturi asosida dars o‘tishdan oldindan yaratilgan «Mashhur ertakchilar» mavzusida slaydlarning tasviriy taqdimotini namoyish etsa bo‘ladi. Bunda ertakchilarning surati va aytgan ertaklarining rasmi ko‘rsatiladi yoki ertakning yuqorida nomlari keltirib o‘tilgan saytlardagi audio fayllari ko‘chirib olinib, eshittiriladi hamda ertak tahlil qilinadi.

Ertaklar mavzusi to‘laqonli o‘tib bo‘lingach, POWER-POINT dasturi orqali o‘quvchilar o‘rtasida sinov darsi o‘tkazilsa ham bo‘ladi. Bunda dastlab ekranda savol paydo bo‘ladi. O‘quvchilar savolga javob berishadi. So‘ng kompyuter tugmachasini bosish orqali ekranda to‘g‘ri javob namoyon bo‘ladi. Agar o‘quvchi noto‘g‘ri javob bergan bo‘lsa, o‘z xatosini anglaydi va uni to‘g‘rilaydi.

Savolnomaning taxminiy ko‘rinishi quyidagicha:
1. Ertak aytuvchilar qadimdan nima deb atalgan?
(ertakchi, matalchi)
2. Ertaklar shartli ravishda qanday mavzularda bo‘ladi?
• Hayvonlar haqidagi ertaklar;
• Sehrli ertaklar;
• Hayotiy-maishiy ertaklar;
• Hajviy ertaklar.
3. Hayvonlar haqidagi ertaklarda qaysi hayvon nimaning majoziy timsoli?
(Tulki-ayyorlik, bo‘ri-yovuzlik, laqmalik, chumoli-mehnatsevarlik, ayiq-qo‘pollik, besunaqaylik, yo‘lbars-dovyuraklik, mardlik)
4. Ertaklarni guruhlang.

Sehrli ertaklar: «Yalmog‘iz», «Devbachcha», «Urto‘qmoq», «Ochil dasturxon», «Semurg‘», «Susambil». Hayotiy-maishiy ertaklar: «Zumrad va Qimmat», «Malikai Husnobod», «Ziyod botir», «Tohir va Zuhra», «Ozodachehra», «Uch og‘a-ini botirlar».

Demak, adabiyot fanini o‘qitishda AKT’dan foydalanish — darsning qiziqarli va mazmundor bo‘lishini ta’minlovchi amaliy-didaktik omillardan biridir. Shubhasiz, ular o‘quvchilarning sinfdan tashqari mustaqil ishlash jarayonlari bilan uyg‘unlashsagina yaxshi samara beradi.

Orphus system