Tikuvchilikda zamonaviy kompyuter dizaynidan foydalanish
18.12.2012
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Мunisa Esonova.

Dizayn — predmetli muhitni, manzarali kommunikatsiya va axborotni ishlab chiqish, funksional, samarali asoslarda loyihalashtirishning badiiy faoliyat turidir. Dizayn o‘z ishida: texnik konstruksiyalash, tuzilmalarni ishlab chiqishdan tortib, kompozitsion shaklni hosil qilish, uslubni ishlab chiqish; funksional tahlil qilishdan tortib, predmetli muhit tashkiliy, konseptual modellarigacha loyihalashtirishning barcha vositalaridan foydalanadi. Biroq mana shu barcha vositalar dizaynerning predmetli va kommunikatsiyalar olamining butun to‘plamini umummadaniyligi jihatlarini aniqlashi, badiiy-obrazli tushunishi kabi omillarga bo‘ysunadi.

Bu bir qator muhim metodlar — funksional tahlil qilish, fazoviy yoki grafik kompozitsion tuzilmalarni yaratish, uslublashtirish va shu kabilarga asoslanadi. Dizaynning maqsadi — insonning turli ehtiyojlarini, shu jumladan, o‘zini madaniy ifoda etish, badiiy-obrazli modellar asosida hayoti va faoliyatini predmetli va axborot muhitini samarali tashkil etish ehtiyojini qondiradi.

Dizayn tarixi, dizaynning o‘zi kabi, o‘z ichki janrlariga, sohasiga ega. Moda va kostyum tarixi, grafik dizayn va reklama tarixi, interyer va ko‘rgazma dizayni, idishlar va mebellar, matolar va maishiy asboblar tarixi mavjud. Biroq tor ixtisoslashganligiga qaramasdan, mana shu barcha sohalarda o‘z muammolari ham, ularni birlashtiruvchi tomoni ham, loyihalash yondashishi, loyihalash madaniyati, ko‘rish madaniyati, funksional, texnologik va badiiy muammolari ham mavjud. Loyihalashtirish — badiiy faoliyat turi sifatida dizayn tarixi ilmiy-texnik va ko‘rgazmali, badiiy madaniyat bilan o‘zaro bog‘liq holda sodir bo‘ladi, shuning uchun u texnikada, muhandislik va badiiy ijodda albatta o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

Keyingi davrda dizayn keng tarqalgan ommaviy sohaga aylandi, chunki ijodiy shaxslar qator soha mahsulotlarini qiziqarlilashtirdi, hayotni tashkil etishda, madaniy rivojlantirishda dizaynerlarning imkoniyatlarini namoyish etdi. Germaniya, Italiya, AQSH, Yaponiya davlatlari dizaynerlik yo‘nalishida yetakchi mamlakatlar hisoblanadi. Ishlab chiqarish yoki savdo sohasi dizaynning doimiy buyurtmachilari hisoblanadilar. Skandinaviya mamlakatlari, Yaponiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Rossiya kabi mamlakatlarda deyarli barcha faoliyat turlariga badiiy, predmetli madaniy, ilmiy-texnik ijodkorlikka boy dizayn kirib borgan.

Dizayn — bu bir vaqtda madaniyat mahsulidir hamda madaniy qurilish vositasi va madaniyatni faol shakllantiruvchi omildir. Bugungi kunda «dizayn» so‘zi: muhandislik ishlaridan tortib, to soch turmaklashgacha, biror tadbir uchun joy dekoratsiyasi, fоtodizayndan — landshaft, ya’ni manzara dizaynigacha va hatto oshpazlik san’atida ham juda ko‘p foydalaniladi.

Shu boisdan, so‘z boyligimizga «Liboslar dizaynerligi», «Mebellar dizayni», «Qandillar dizayni» va boshqa birikmalar kirib keldi. Dizaynerlik sohasi o‘zining chegaralarini yo‘qotib, turli faoliyat sohalariga kirib bormoqda. Liboslar dizayni ham shular jumlasiga kiradi. Liboslar dizayni loyihalashtirish, modellashtirish va tuzilishni ishlab chiqishni o‘z ichiga oladi

Avvallari moda rassom-modelyer, dizaynerlarning yakka, nodir ishlariga va modelyerning tikuv sanoatida ommaviy ishlab chiqariladigan mahsulotga ajratib kelingan. Bugungi kunda nodir asarlarni ham va tikuv sanoati ommaviy ishlab chiqariladigan mahsulotini ham liboslar dizayniga kiritadilar. Liboslar yangi namunalarini yaratuvchilar modelyer deb ataladi. Modelyer — kiyimlar modellarini, mahsulot nusxalari namunalarini tayyorlash bo‘yicha mutaxassisdir.

Dizayn san’atining mana shunday kengayib borishi — tabiiy jarayondir. Madaniy loyihalashtirishga ichki xususiyati jihatidan xos bo‘lib, barcha faoliyat turlarida ozgina bo‘lsa ham dizaynni ifoda etuvchi rejalashtirish va tashkil yetish, tuzilish, harakatlar ketma-ketligi kabi elementlar mavjud. Dizayn san’atining tarixini bilish, kasbiy faoliyat mazmunini anglab etish bilan birga, boshqa kasb turlariga obrazli modellashtirish, rejalashtirish, takomillashtirish metodlarini tatbiq etishga ham yordam beradi.

Dizayner (ingliz, fransuz va nemis tillarida uslubchi tushunchasiga mos keladi) — modelyerni ko‘pincha aynan mana shunday ataydilar, bu kiyim ishlab chiqarish va yaratish sohasidagi o‘zgarishlar hamda ommaviy ishlab chiqariladigan yangi ijodiy faoliyatning yuzaga kelishi bilan bog‘liqdir. Liboslar dizayneri boshqa mutaxassislar (konstruktorlar, texnologlar)ning ishtirokisiz, o‘zi mustaqil mahsulotni loyihalashtirish va tayyorlashi mumkin, chunki barcha kerakli ko‘nikmalarga egadir.

Liboslarni loyihalashtirish — tadqiqot, eskizlar, maketlar, modellar yaratish, hisoblashlar va mahsulot chizmasini qurish, tajriba namunalarini tayyorlashni o‘z ichiga oluvchi berilgan xususiyatlar bilan kiyimning yangi namunasini yaratishdan iborat. Libosni loyihalashtirish, umuman loyihalashtirishga o‘xshash bosqichlardan tashkil topadi va shu kabi metodlardan foydalanadi. Iste’molchilar talablarini o‘rganish asosida ijodiy konsepsiya yaratiladi, u eng avval obrazda gavdalantiriladi.

Liboslarni modellashtirish — kostyum kompozitsion g‘oyasiga mos ravishda materialni tanlash, kiyimning modeli g‘oyasini materialda amalga oshirishdan iborat. Modellashtirish natijasi — tayyor mahsulotdan iborat bo‘ladi. Zamonaviy kompyuter texnologiyalari loyiha ustida ishlash vaqtini qisqartiradi, shu bilan birga, dizaynerning grafik va texnik imkoniyatlarini ancha kengaytiradi.

Badiiy-grafik va muhandislik-konstruktorlik, jumladan, uch o‘lchamli grafika va multiplikatsiyani o‘z ichiga oluvchi maxsus dasturlar to‘plamlari bugungi kunda turli mutaxassislar butun bir guruhi o‘rnini bosadi. Ular aniq hisoblarni amalga oshiradi, mahsulotning eng mos shaklini aniqlaydi, u yoki bu konstruksiyalar va materiallar to‘plamini tanlashda yordam beradi, uch o‘lchamli ko‘rinishda va haqiqiy vaqt davomida turli holatlarda bo‘lajak obyektni modellashtirishga imkon beradi, loyihalashtirilayotgan obyekt shakli virtual obrazlarini yaratadi va turli sharoitlarda vazifasini bajarishini tekshirishga imkon beradi.

Kompyuter dizayni jadal sur’atlarda rivojlanmoqda — amaliy va xizmat ko‘rsatuvchidan u ko‘proq dizaynerlik faoliyati mustaqil turiga aylanmoqda. Turli qo‘shimchalar, reklama roliklari va musiqiy videokliplari bilan televizion dizayn, kompyuter dizayni uning ko‘rinishi shakllaridan biri bo‘lib qoldi. To‘qimachilikda grafika jahon xalqlari madaniyatida hali anglab yetilmagan va grafik dizayn madaniyati ajralmas qismi sifatida konseptuallashtirilmagan ming yillik an’anaga ega madaniyatning nodir sohasi hisoblanadi.

Kompyuter dizaynida — CorelDraw va Adobe Photoshop, Photoshop kabi zamonaviy dasturlar bilimlari talab etiladi. Kompyuter dizayni vositasida milliy liboslarni yaratishda CorelDraw dasturi vektorli grafika bilan ishlashni chuqur o‘rganish zarur. Liboslar dizayniga qiziqqan va ushbu sohada ishlashni rejalashtirayotganlar mazkur dasturlar bo‘yicha nazariy bilim olish bilan birga, amaliy ko‘nikmalarni egallashlari lozim. Kompyuter dizayni vositasida dizayner ijodiy loyihalarni yaratish, zamonaviy moda sohasida o‘zini namoyon etishi uchun individual uslubni shakllantirish imkoniga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, libos dizaynini loyihalashtirish sohasida vektor grafikasi bilan ishlashga, matolarni qo‘lda bezash texnikasiga ham ega bo‘lishi mumkin.

To‘qimachilik va grafik dizayn ko‘rgazmali madaniyatining birlashishi asosiy tamoyilga aylandi. U to‘qimachilik grafikasi texnologik, konstruktiv, materialshunoslik asoslarini o‘zlashtirish bo‘yicha butun bir ijod namunalari: trikotaj grafikasi, bezaklar shakllarini tashkil qiluvchi asos sifatida bichish va konstruksiya va shu kabilar tizimiga aylandi.

Albatta, dizayn bugungi kunda o‘tmishdagi qonuniyatlardan ancha chetlangan, ammo hozirgi ko‘rinishida dizayn — ancha yosh fan hisoblanadi. Dizayn ilgarilab bormoqda. Zamonaviy dizaynerlar kompyuterda chizmalarni amalga oshiradilar va modellar yaratadilar — turli grafik dasturlar va ularning imkoniyatlari haqiqiy nodir asarlarni yaratish imkoniyatini beradi. Grafik dizayn va dizaynerlik vositalari bilan ishlash ko‘nikmalarini egallash mumkin.

Keyingi davrda kompyuter dasturlari asosida ishlaydigan turli zamonaviy tikuv mashinalarida ham milliy, ham hozirgi davrda eng ommalashgan liboslarni yaratish mumkin. O‘z yangi liboslar modellarini yaratishda ana shu yangi texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalansak, ish samaradorligini oshirgan bo‘lamiz.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq