Insoniyatning axborot tamaddunidagi o‘rni

Yaqinda UZINFOCOM Markazining majlislar zalida Markaz xodimlari va www.uforum.uz qatnashchilari bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20 yilligiga bag‘ishlangan «Insoniyatning axborot tamaddunidagi o‘rni» mavzusida yozuvchi, jurnalist, filologiya fanlari doktori Xurshid Do‘stmuhammad bilan ijodiy muloqot bo‘lib o‘tdi.

Qomusimizning XV bob, 67-moddasida, — «Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar» deyilgan. Bugungi kunda axborot maydoni hisoblanmish internetda xabar joylashtirish etikasi muhim hisoblanadi.

Insoniyat «globallashuv» deb atalgan yangicha hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan va bu aloqalar jadal sur’atlarda kengayib borayotgan yangi taraqqiyot bosqichiga chiqdi. Buning natijasida, «globallashuv» so‘zi iqtisodiygina emas, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa qariyb barcha sohalardagi umuminsoniy jarayonlarni qamrab oluvchi tushunchaga aylanib ulgurdi. Axborot globallushuvi muammolar muammosi darajasiga ko‘tarildi. Ijodiy muloqot jarayonida adib Xurshid Do‘stmuhammad internet tizimiga axborot joylashtirish, yangi paydo bo‘lgan «internet jurnalistikasi» haqida mulohaza bildirar ekan, quyidagilarni alohida e’tirof etdi:

— Aql-idrok shu va shu singari eng qudratli zirhlarnida pisand qilmaydigan axborot vositalarini kashf etdi. Dunyo axborot izmiga o‘tdi!

Muhtaram Yurtboshimiz Islom Karimovning doimiy sa’y-harakati bilan Respublikamizda axborot texnolo-giyalarini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bu borada qabul qilingan bir qancha qonun va qarorlar fikrimizning yorqin dalilidir.

Yuksalish davom etar ekan, global miqyoslarda oladigan bo‘lsak, inson o‘zi yaratgan mo‘jizakor vosita oldida esankirab, o‘zi yaratgan «matoh»ning quliga aylanishdan o‘zini asray olmay qolayotganligini ham unutmaslikka to‘g‘ri keladi. Respublikada axborotlashgan jamiyat poydevorlari yaratilar ekan, ichki va tashqi axborot maydonidagi kurash O‘zbekistonni chetlab o‘tmasligini tobora teranroq bilib-tushunib bormoqdamiz.

Jamiyat erkinligining muhim sharti bo‘lmish axborot erkinligi sharoitini yaratish yo‘lida ancha-muncha ilgarilab qo‘yildi ham. Chunki zamonaviy taraqqiyot oqimidan chetda qolishning mutlaqo iloji yo‘q. Zero, axborot tez aylanmaydigan jamiyatda tafakkurlar sust ishlaydi, shu boisdan ham, axborot erkinligiga erishish uchun barcha omillar safarbar etilayotgan bir paytda AXBOROTDAN ERKINLIK muammosi dunyo ahlining ulkan boshqotirmasiga aylandi.

Axborot erkinligi va axborotdan erkinlik o‘rtasidagi oqilona muvozanatni saqlay bilish insoniyatning bundan keyingi taqdirini hal qilsa ajabmas… Internet mo‘jizalariga hayratdan lol qolib o‘tiradigan davrlar ortda qoldi, endi undan bizga «aytilayotgan» gap-so‘zlarga — yo‘llanayotgan axborot oqimiga hushyor bo‘lish ehtiyoji ortib bormoqda. Qolaversa, internet sahifalaridagi dahanaki jang maydonidan bemalol o‘z o‘rnimizni topish, o‘z so‘zimizni aytish imkoniyatlarimiz yetarli. Faqat ushbu imkoniyatdan dadil va oqilona foydalanishni uddalash zarur, xolos.

Internet — dunyo ahliga qarata fikr aytish, jahon muammolari miqyoslarida mulohaza yuritish imkoniyatidir. Aql-idrok, fikr globallashuvi vositasidir. Vosita yetarli, u to‘xtovsiz taraqqiy etib bormoqda, shu bilan birga, bugungi o‘zbekning dunyoga tatiguvchi, bashariyat koriga yaraydigan GAPLARI oz emas. Moddiy, texnikaviy, qurolli manfaat borasida aqlbovar qilmas yutuqlarga erishayotgan insoniyat eng oddiy, lekin eng insoniy ma’naviy-axloqiy qadriyatlar borasida anchagina ortda qolib ketayotgani, ayni zamonda dunyoda yuz berayotgan ko‘plab fojealarning tub sabablari shunga kelib taqalishi, najot shoshqaloqlik sindromidan voz kechishda ekanligi… Bu darajalarga ko‘tarilish jamiyatimiz miqyoslarida, umummilliy muammolar yuzasidan arzirli, ahamiyatli qarashlarni ochiq-ravshan bayon etishdan, turfa mavzularda qizg‘in va emin-erkin mubohasa yuritishlardan, ushbu odatni umummilliy madaniyat darajasiga ko‘tarishdan boshlanadi…»

Muloqot jarayonida tinglovchilar Xurshid Do‘stmuhammadga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etdilar. Muloqot ko‘tarinki kayfiyatda bo‘ldi. Zero, qonunlar jamiyatdagi barcha munosabatlarni uyg‘unlashtiruvchi, muvozanatga soluvchi asosiy vosita ekan, jamiyatga qarata matbuotda yoki internet-tarmog‘ida munosabat bildiruvchi har bir kasb egasi uchun bir tomondan, qonun, ikkinchi tomondan, umuminsoniy va milliy qadriyatlar tizimi tayanch vazifasini o‘taydi.

Orphus system