Avtotransport sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada kengroq joriy etish vazifalari belgilab olindi

O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruhning avtotransport sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada kengroq joriy etish hamda Agentlik axborot tizimi bilan boshqa idoralar axborot tizimlari o‘rtasida o‘zaro bog‘lanishni tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi.

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari Kompleksining 2012-yil 5-oktabrdagi 177-son majlisida O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligida AKTning joriy etilishi holati ko‘rib chiqilib, “a’lo”ga baholangan, shuningdek, kelgusida bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada rivojlantirish borasida tegishli ko‘rsatmalar ham berilgan edi. Ushbu topshiriqlarni bajarish maqsadida o‘tkazilgan yig‘ilishda sohada AKTni keng joriy etish uchun yaqin kelajakda va kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalar belgilab olindi.

Jumladan, tadbirda Agentlik axborot tizim bilan Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi hamda Adliya vazirligi axborot tizimlari o‘rtasida o‘zaro bog‘lanishni tashkil etish masalasi ushbu sohalar vakillari ishtirokida alohida muhokama qilinib, ko‘zda tutilgan tizimlararo bog‘lanishlarning texnik imkoniyatlari va mazmun-mohiyati chuqur tahlil qilindi.

Yig‘ilishda Agentlik boshlig‘i o‘rinbosari Sh.Shovahobov keyingi paytda Davlat bojxona qo‘mitasi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan Agentlik axborot tizimi o‘rtasida tashkil etilgan tizimlararo bog‘lanish natijasida erishilgan yutuqlar xususida to‘xtalib o‘tar ekan, Ichki ishlar vazirligi hamda Adliya vazirligi axborot tizimlari bilan ham shu kabi o‘zaro bog‘lanishni tashkil etish maqsadga muvofiq ekanligini, chunki buning natijasida avtotransport faoliyati ko‘rsatish huquqi uchun litsenziya olmoqchi bo‘lgan litsenziya davogarlaridan so‘raladigan hujjatlarni ikkitaga qisqartirish mumkinligini ta’kidladi. Bu esa bugungi kunning talabiga mos bo‘lib, tadbirkorlarga qulaylik yaratish hamda qog‘ozbozlikni qisqartirish imkonini beradi, dedi u.

Shu kuni yig‘ilishda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari Kompleksining 2012-yil 5-oktabrdagi 177-son majlisi qaroriga asosan Agentlikka AKTni joriy etish borasida amaliy yordam ko‘rsatish uchun O’zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasidan biriktirilgan rahbar va mutaxassis ham ishtirok etdilar. Ular ham sohada AKTni joriy borasida amalga oshirilgan va rejalashtirilayotgan ishlarni yuqori baholashib, o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Manba: www.uzaart.uz

Orphus system