Milliy axborot-kutubxona haftaligi boshlandi

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Infolib Uzbekistan” milliy axborot-kutubxona haftaligi boshlandi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi, Matbuot va axborot agentligi, “O‘zarxiv” agentligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Haftalikning ochilishida senatorlar, deputatlar, turli vazirlik va idoralar rahbarlari, o‘qituvchilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, talaba-yoshlar, xorijiy davlatlar kutubxonalarining vakillari qatnashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi M.Xo‘jamberdiyev, madaniyat va sport ishlari vazirining o‘rinbosari B.Ahmedov, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori A.Xo‘jayev, O‘zbekiston xalq artisti Yo.Ahmedov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yosh avlodning bilimi va dunyoqarashini kengaytirish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekiston Milliy kutubxonasining muhtasham binosida boshlangan “Infolib Uzbekistan” milliy axborot-kutubxona haftaligidan ko‘zlangan asosiy maqsad ham o‘quvchi-yoshlarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga oid bilim va ko‘nikmalarini yanada boyitish, mazkur ma’rifat maskanida kitobxonlar uchun yaratilgan barcha imkoniyat va qulayliklardan hamyurtlarimizni boxabar etishdan iboratdir.

Haftalik “Ochiq eshiklar kuni”, “Tanlovlar kuni”, “Ijodiy kun”, “Qiziqarli uchrashuvlar kuni”, “Mutaxassislar kuni” kabi muayyan mavzularga bag‘ishlanadi. Ular doirasida kutubxonaga ekskursiyalar, davra suhbatlari, ma’rifiy aksiyalar, ko‘rgazmalar, ma’rifat dargohi videotekasidagi filmlar namoyishi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, mashhur yozuvchi va shoirlar, musavvirlar, rejissyorlar, yoshlar va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkaziladi.

Ijodiy ko‘rik-tanlovlar, viktorinalar, mahorat saboqlari o‘g‘il-qizlarning adabiyot, musiqa, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, tasviriy san’at borasidagi bilimini yanada boyitish, iste’dodini aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish imkonini beradi. “Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning amaliyotga joriy etilishi va sohadagi dolzarb vazifalar, “Kelajakka intilayotgan kutubxona” mavzuidagi davra suhbatlari, konferensiyalar axborot-kutubxonalar faoliyatini yanada takomillashtirish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jadal joriy etish, ilg‘or ish tajribasini ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

– Bunday zamonaviy ma’rifat saroyi har qanday insonning hayratini oshirib, havasini keltiradi, – deydi Belarus Respublikasi milliy kutubxonasi direktori Roman Matulski. – Ko‘rkam va mahobatli bu bino so‘lim Toshkentga yanada chiroy baxsh etgan. Bu yerda kitobxonlarning zarur adabiyotlarni tez fursatda topishi, ulardan foydalanishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Bu mamlakatingizda yoshlar istiqboli, ularning ta’lim-tarbiyasi yo‘lida davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ulkan mehr-e’tiborning amaldagi yaqqol ifodasidir.

Milliy axborot-kutubxona haftaligining birinchi kuni yangi adabiyotlar yarmarkasi, kitoblar ko‘rgazmalari, “Foydalanuvchilar sari bir qadam” mavzuidagi konferensiya, “Buyurtma – 2013” ma’rifiy aksiyasi bo‘lib o‘tdi.

Orphus system