Obuna mavsumi boshlandi

10-sentabr kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida «O‘zbekiston pochtasi» OAJ tomonidan tashkil etilgan markaziy OAV vakillari va soha mutaxassislsri ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda «O‘zbekiston pochtasi» OAJ boshqaruv apparati, «O‘zbekiston markasi» va «Toshkent pochtamti», «Xalqaro pochtamt» filiallari xodimlari ishtirok etdilar. Matbuot anjumanini «O‘zbekiston pochtasi» OAJ bosh direktorining birinchi o‘rinbosari X. Tadjibayeva ochdi va yig‘ilganlarga quyidagilarni so‘zlab berdi: «Davriy nashrlarni tarqatish bozorida boshqa tarqatuvchilar qatorida «O‘zbekiston pochtasi» OAJ ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Korxona davriy nashrlarning tarqatilishini obuna rasmiylashtirish yo‘li bilan hamda chakana savdo orqali amalga oshiradi.

Bugungi kunda mamlakatimizda pochta jo‘natmalari va davriy nashrlarni o‘z vaqtida yetkazib berishda 174ta tuman va shahar pochta tarmoqlari, 2 986ta (shundan 2 227tasi qishloq aloqa bo‘limlari) pochta aloqa bo‘lim-laridan iborat Jamiyat tarkibidagi 14ta hududiy filial hamda ixtisoslashtirilgan «Xalqaro pochtamt» filiali tomonidan avtomobil, temir yo‘l va avtotransportdan foydalangan holda ta’minlanmoqda.

Pochta jo‘natmalarini va davriy nashrlarni o‘z vaqtida yetkazib berishda 6 427 ta uchastka tashkil etilgan bo‘lib, unda 6 mingdan ortiq pochtachi xodim mamlakatimizning barcha hududlarida yashovchi aholiga pochta xizmatlarni ko‘rsatib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 26-yanvardagi «Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili» Davlat dasturi to‘g‘risida»gi 1046-qaroriga muvofiq, 200tadan ortiq yetib borish qiyin bo‘lgan va chekka aholi punktlari uchun pochta aloqasining an’anaviy va zamonaviy xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha 20ta ko‘chma pochta aloqa bo‘limlari tashkil etilgan.

Jamiyat davriy nashrlarni tarqatish bo‘yicha «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi, «Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida»gi Qonunlar, O‘zbekiston aloqa va axborotlashti-rish agentligi va O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan tasdiqlangan hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 18-iyunda 1826-son bilan ro‘yxatga olingan «O‘zbekiston Respublikasida davriy bosma nashrlarni tarqatish qoidalari» va boshqa me’yoriy hujjatlarga asoslanib, amalga oshirmoqda.

Joriy yilning 6-sentabrida O‘zbekiston Respublikasi va chet ellarda chop etilayotgan nashrlarga 2013-yil uchun obuna rasmiylashtirish mavsumi boshlandi. Gazeta va jurnallarning 2013-yilgi obuna katalogidagi narxlar filiallarning sarf-xarajatlaridan kelib chiqqan holda imkon darajada belgilandi.

Ijtimoiy-siyosiy va bolalarga mo‘ljallangan nashrlarga imtiyozli narxlar o‘rnatildi.

Obuna katalogida obuna narxlari abonent qutisiga, yoki aloqa bo‘limiga hamda manzilga yetkazish bo‘yicha ko‘rsatilgan. Manzilga yetkazish sharti bilan rasmiylashtirilgan obuna pochta aloqa xodimlari orqali butun respublika hududidagi obunachilar manziliga yetkaziladi.

So‘nggi yillarda davriy nashrlarni obuna va chakana savdo orqali tarqatish tirajlari yildan-yilga oshmoqda, jumladan, 2012-yilning obuna orqali tarqatilayotgan nashrlar tiraji 2010-yilga nisbatan 113 foizni, chakana savdo bo‘yicha 126 foizni tashkil etdi.

Davriy nashrlarning obunachilarga o‘z vaqtida yetkazilishi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida oxirgi yillarda Jamiyat avtoparki 544ta avtomashinani tashkil etib, 248ta yangi hamda «Xalqaro pochtamt» filialiga 4ta yangi «Isuzi» avtomashinalar olindi. Bundan tashqari, gazeta, jurnallarni obunachilarga yetkazib berishni tezlashtirish uchun pochtachilarga 2 650ta velosiped sotib olib berildi.

Obunachilarga qulaylik yaratish maqsadida Jamiyatning WEB-saytida filiallar bo‘yicha obuna katalogining elektron nusxasi joylashtirildi, unda obunachilar o‘zlariga kerak bo‘lgan davriy nashrlarning narxlari bilan tanishishlari mumkin.

«O‘zbekiston pochtasi» OAJ bundan keyin ham matbuot tarqatish ishini yaxshilash, sifatini takomillashtirish hamda davriy nashrlarni mushtariylar qo‘liga qisqa muddatlarda to‘liq yetkazib berish uchun barcha zarur choralarni ko‘radi».

Matbuot anjumanida «O‘zbekiston pochtasi» OAJ faoliyati va kelgusi rejalari haqida soha mutaxassislari tomonidan keng ma’lumotlar berildi hamda jurnalistlarni qiziqtirgan masalalar ustida to‘xtalib, ko‘plab savollarga mutaxassislardan javob olindi.

Orphus system