Xotin-qizlar uchun yana bir qulaylik

Davlatimiz rahbarining shu yil 21-martda qabul qilingan “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida davlat organlarining rasmiy saytlarini rivojlantirish, samaradorligini oshirish va axborot xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq ko‘plab vazifalar belgilangan.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, qo‘mitaning axborot markazi tashkil etilib, veb-saytining yangi, takomillashtirilgan varianti yaratildi. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasida ushbu veb-sayt taqdimotiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda tegishli vazirlik va idoralar, davlat va nodavlat tashkilotlar vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi raisi o‘rinbosari G.Alimova, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari F.Muhammadjonova, Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Abdurahimova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini muhofaza qilish, turmush sharoitini yaxshilash, salomatligini mustahkamlash va ma’naviyatini boyitish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Mamlakatimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan yangilanish va islohotlar samaralarini xotin-qizlarga yetkazish, ularning huquqiy, tibbiy-ijtimoiy bilimini boyitishda zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan oqilona foydalanish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda qo‘mitaning www.wcu.uz rasmiy veb-sayti modernizatsiya qilindi. Ko‘plab yangi sahifa va ruknlar tashkil etildi.

Jumladan, saytning bosh sahifasida yurtimiz va xorij hayotiga oid yangiliklar, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi axborotlar muntazam berib boriladi. Madaniy-ma’rifiy, tibbiy-ijtimoiy, huquqiy mavzulardagi materiallarga keng o‘rin beriladi.

Yangi veb-saytda murojaatlarni elektron shaklda qabul qilish va javob yo‘llash tartibi joriy etilgani xotin-qizlarga keng qulayliklar yaratadi. “Sayt mehmoni” ruknida turli sohalarda faol mehnat qilayotgan xotin-qizlarning hayoti va faoliyati, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari haqida ma’lumotlar berib boriladi.

Yig‘ilishda saytni yanada takomillashtirish, uning xorijiy tillardagi va mobil versiyalarini yaratish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Tabirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova so‘zga chiqdi.

Orphus system