Ulug‘ ayyom “Bayram” guruhi bilan qarshi olindi
04.09.2012
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Nigora Umarova.

UZINFOCOM markazining ZiyoNET axborot resurs tarmog‘i tomonidan real va virtual muloqotlar o‘tkazish an’ana tusiga aylangan. Mana shunday muloqotlardan biri Istiqlol shodiyonalari arafasida elimiz sevgan “Bayram” guruhi bilan bo‘lib o‘tdi.

Ijodiy uchrashuvga «Bayram» guruhining ijodkorlari — Doniyor Mamedov (guruh prodyusori, bas-gitara ijrochisi, qo‘shiqchi), Akmal Mamedov (1996-yildan guruhning yetakchi qo‘shiqchisi), Mashhura Rasulova (Mamedova) guruh qo‘shiqlarining bastakori, qo‘shiq so‘zlarining muallifi), Baxtiyor Shokirov (solo-gitara, soz, rubob, buzuki asboblarining mohir ijrochisi) hamda internet jurnalistlar, bloggerlar tashrif buyurdilar.

«Bayram» guruhi o‘z ijodiy faoliyatini boshlaganiga 15 yildan ortiq vaqt o‘tdi. Bu davr mobaynida guruh a’zolari davr bilan hamnafas ohangda ijod qilib kelmoqdalar.

Guruh repertuarida milliy qo‘shiqlarimizdan tashqari rus, ingliz, fransuz, fors va boshqa xorijiy tildagi qo‘shiqlar ham bor. Ushbu yil «Bayram» guruhi o‘zbek, rus, ingliz tillarida faoliyat olib boruvchi www.bayrammusic.uz saytini ishga tushirdi. Muxlislarining guruh ijodi haqidagi doimiy fikrlarini o‘rganib borish maqsadida www.uforum.uz’ning ZiyoNET bo‘limidagi «Ijod xususida so‘z» bo‘limidagi virtual suhbatlarda doimiy ravishda ishtirok etib kelyaptilar. ZiyoNET tarmog‘ining www.utube.uz videoportalida qo‘shiqlariga olingan vafo-sadoqatni tarannum etuvchi o‘ttiztaga yaqin videokliplar joylashtirilgan.

Ijodiy uchrashuv jarayonida jurnalistlar hamda forum a’zolari «Bayram» guruhiga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etdilar, jonli ijroda qo‘shiq tingladilar.

— Internet, axborot kompyuter texnologiyalaridan qay darajada foydalanasiz? Uning qulaylik taraflarini nimada deb bilasiz?
Akmal Mamedov, guruh ijrochisi:Internet, axborot kompyuter texnologiyalari bugungi kunda juda ham rivojlangan va rivojlanishda davom etmoqda. San’atkor sifatida AKT imkoniyatlaridan keng qamrovli foydalanaman. Bir necha yil oldin biz uchun nihoyatda zarur bo‘lgan musiqa yoki qo‘shiqlarni radiokompaniyalarga yoki ovoz yozish studiyalaridan izlab topardik. Hozirgi kunda esa internet orqali kerakli musiqa yoki qo‘shiqni juda tez va oson topsa bo‘ladi.

Internetdan to‘g‘ri foydalanilsa, san’atkor va qolaversa, har bir soha vakili o‘z ustida ishlab, mutaxassisligiga oid tezkor yangiliklardan boxabar bo‘lib, sohasining rivojiga katta hissa qo‘shishi mumkin.

Kompyuter texnologiyalari bugungi kunda san’atkorlar uchun juda ko‘p qulayliklar yaratib bermoqda. Masalan: ovoz yozish studiyalarida ko‘p yillar avval, hali kompyuter va axborot texnologiyalari takomillashmagan paytda, qo‘shiqlar, musiqalar babinali magnitofonga yozilar edi. Unga yozish uchun boshidan oxirigacha xato qilmasdan kuy yoki qo‘shiqni yozish kerak edi.

Agar qo‘shiq ma’lum bir kamchilik bilan ijro etilgan bo‘lsa, qaytadan yozilardi. Hozirgi kunda esa kompyuterga qo‘shiq yoki kuyni alohida-alohida qilib yozib olsa bo‘ladi, buning bitta yomon tomoni — hozirgi kunda ovozi, qobiliyati yetarli darajada bo‘lmaganlar ham kompyuter texnologiyalaridan foydalangan holda qo‘shiqchi bo‘lib olmoqda.

Doniyor aka guruh rahbari sifatida sizga saytingizning yaratilishi borasida savol bermoqchi edik. Saytni yaratishdan asosiy maqsad nima?
Doniyor Mamedov
: — Davr bilan hamnafas bo‘lishni istagan har bir guruh yoki san’atkorning internetda o‘z sayti bo‘lishi darkor, deb o‘ylayman. Sababi o‘z muxlislariga ijodining yangi namunalarini tez va oson yetkazib berish usuli sifatida internet maydoni oson vositadir. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, saytimizga guruh endigina ijodiy faoliyatini boshlagan ilk qo‘shiqlaridan boshlab, to hozirgi kungacha bo‘lgan ijod namunalarini joylashtirganmiz. Bu esa o‘z navbatida, ommaga guruhning yillar davomida qay darajada ijodiy faoliyat olib borganligi, «o‘sganligi»ni ko‘rsatuvchi ko‘zgu bo‘lib xizmat qiladi. Sayt bu yil o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lishiga qaramay, unga tashrif buyuruvchilar soni kundan-kun ortmoqda. Internet foydalanuvchilariga qulaylik yaratish maqsadida uni TAS-IX’da ishlashini yo‘lga qo‘yganmiz.

Davra suhbati mobaynida turli ijodiy muammolar yuzasidan ham savollar berildi. Doniyor va Akmal Mamedov va Mashhura Mamedovalar bu borada o‘z mushohadalarini erkin bayon etdilar: «Ish bor joyda muammo bo‘ladi va ular ijodiy faoliyat davrida hal qilinadi. Muammolar insonni o‘z ustida doimiy ravishda ishlashga, ijod qilishga undaydi. Asosiysi, esa har doim, har vaqt muxlislar qalbini yorqin qo‘shiqlar bilan charog‘on etishdan, ularga bayramona kayfiyat ulashishdir».

Ijodiy uchrashuv so‘ngida Akmal Mamedov jonli ijroda, Baxtiyor Shokirovning soz jo‘r­ovozligida qo‘shiq bilan tadbirga yakun yasadi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq