Ta’lim jarayonida elektron muhitdan foydalanish – ta’lim sifatini oshirish omilidir

Globallashuv asrida bir soha faoliyatini axborot-kommunikatsiya texnologiyalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ma’lumki, har qanday davlatning xalqaro miqyosda barqaror rivojlanishi va istiqbolib iqtisodiy o‘sishini ta’minlovchi omillar aynan ta’lim sohasi rivojlanishiga bevosita bog‘liq.

Barcha sohalar qatori axborot-kutubxona faoliyati sohasini takomillashtirishga, bugungi kun talabi bilan tashkil etilayotgan axborot-resurs markazlarida xalqimizning kitobxonlik imkoniyatlarini har jihatdan kengaytirish, qiziqish va xohishlarini o‘rganish, bu boradagi tajribalarni ommalashtirishga davlatimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilib kelinmoqda. Mamlakatimizda axborot va axborot faoliyatining turli javhalari to‘g‘risida qator hujjatlar e’lon qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 20-iyundagi Respublika aholisini axborot kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risidagi PQ-381 sonli qarorida ta’lim muassasalari o‘quvchilari va aholining zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda muntazam ta’lim olishi va mustaqil ravishda ta’lim olishga ko‘maklashish, yangi axborot texnologiyalari asosida aholiga axborot xizmati ko‘rsatish, ta’lim muassasasi, mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, milliy madaniyat markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish asosiy vazifa etib belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 28-sentabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining jamoat ta’lim axborot tarmog‘ini tashkil etish to‘g‘risida»gi PQ-191-sonli, Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 28-dekabrdagi «ZiyoNET» axborot tarmog‘ini yanada rivojlantirish to‘g‘risida»gi 282-sonli Qarorlariga muvofiq, Toshkent Pedagogika kolleji «ZiyoNet» axborot tarmog‘iga ulangan.

Shu bois, mamlakatimizdagi umumiy ta’lim maktablari, akademik litsey, kasb-hunar kollejlari, oliy ta’lim muassasalari, turli yoshlar tashkilotlari, kutubxonalar, muzey va boshqa ta’lim, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalar xalqaro axborot tarmog‘i — Internetga ulash amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-fevralda PQ-1487 sonli qarori e’lon qilindi. Unda yig‘ma elektron katalog, elektron kutubxonalar tizimini rivojlantirish va malakali kadrlarni tayyorlash vazifasi belgilangandi. Qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi «Axborot kutubxona faoliyati to‘g‘risidagi» Qonuni 13-aprel 2011-yilda tasdiqlandi. Qonunning 12-moddasida axborot resurs markazlari va ularning vazifalari haqida, ya’ni aholining va o‘quvchi yoshlarning axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, elektron kutubxona va elektron katalogni shakllantirish, o‘zidan uzoqdagi axborot kutubxona resurslaridan foydalanish asosida o‘zbek xalqining tarixiy ma’naviy va madaniy merosidan foydalanuvchilarni bahramand etishdan iborat ekanligi e’tiborga loyiqdir.

Qonunda axborot-kutubxona faoliyatining maqsad-vazifalari, shu jumladan, fuqarolarning axborot-kutubxona resurslaridan foydalanish huquqini ta’minlash, xalqimizning tarixiy, ma’naviy — madaniy merosini asrab-avaylash, milliy qadriyatlarimizni yanada rivojlantirish hamda qayta tiklashga ko‘maklashish masalalari qamrab olingan.

Qarorda belgilanganidek, Toshkent shahar pedagogika kolleji kutubxonasiga 2006-yilda Axborot resurs markazi (ARM) maqomi berildi va quyidagi: foydalanuvchilarni ARM’dagi va undan tashqaridagi barcha axborot-resurslaridan foydalanish imkoniyati bilan ta’minlash, foydalanuvchilarning ehtiyojlarini o‘rganish va axborot-resurslaridan foydalangan holda talablarga muvofiq yangi xizmatlarni tashkil etishdan iborat bir qator vazifalar belgilandi.

Toshkent pedagogika kollejining axborot-resurs markazida 55279 tadan ortiq adabiyot mavjud bo‘lib, ular darslik, o‘quv qo‘llanma, ijtimoiy-siyosiy adabiyotlar, badiiy adabiyotlar va elektron resurslardan iborat.

ARM’da uchta bo‘lim mavjud bo‘lib, bular elektron axborot-resurs texnologiyalari bo‘limi, bosma adabiyotlar va elektron axborot resurslari bo‘limi va axborot-resurslarini qabul qilish va fondlarni shakllantirish bo‘limlaridir.

Mazkur bo‘limlar o‘zlarining ish faoliyati davomida bosma adabiyotlarni elektron variantga ko‘chirish, o‘qituvchilar tomonidan yaratilgan elektron darslik, qo‘llanmalar va barcha elektron resurslarni qabul qilish va foydalanuvchilarga yetkazish, tavsiya ko‘rsatkichlari, kitobxonga esdaliklarni tayyorlash hamda nashr etish ishlarini amalga oshiradi.

Shuningdek, foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish, kitobxonlarning adabiyotlarga bo‘lgan qiziqishlarini o‘rganish va statistik ma’lumotlarni yig‘ib, alohida qayd etib borish ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, bu bo‘limdagi kompyuterlar internet tarmog‘iga ulangan va doimiy ravishda, foydalanuvchilarga o‘quv jarayonida kerak bo‘layotgan turli ma’lumotlarni topishda yordam beradi.

Axborot-resurs markazi o‘z www.tashped.uz saytiga ega. Bu saytga ARM’da bo‘layotgan barcha o‘zgarishlar, me’yoriy va huquqiy hujjatlar haqidagi ma’lumotlar, tashkil etilgan turli mavzudagi tadbirlarning o‘tkazilganligi haqidagi ma’lumotlar doimiy ravishda kiritilib boriladi. Foydalanuvchilarimiz ushbu sayt orqali ARM faoliyatining barcha jabhalari bilan tanishishlari mumkin.

ARM’da elektron kutubxona tashkil etilgan bo‘lib, unga barcha umumta’lim fanlarining elektron nusxalari kiritilgan. Maxsus fan darsliklarini kiritish va foydalanuvchilarga yetkazish ishlari olib borilmoqda. Maxsus fan darslik va o‘quv qo‘llanmalariga qo‘shimcha sifatida kollej o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan ma’ruza matnlari, uslubiy qo‘llanmalarning barchasi elektron kutubxonada joylashtirilgan, ulardan lokal tarmoq orqali dars jarayonida foydalanish mumkin. Shuningdek, elektron kutubxonaga umumta’lim fanlarini joylashtirish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Hozirgi vaqtga kelib, elektron darslik va o‘quv qo‘llanmalar soni 352 tadan ortiq. Elektron kutubxona faoliyati jarayonida uning jamg‘armasi o‘quv yili davomida 16 foizga, foydalanuvchilar soni esa 50 foizga oshdi.

Toshkent pedagogika kollejida 2011-2012 o‘quv yilida «Axborotlashtirish va kutubxonashunoslik» yo‘nalishi «Axborot resurs markazi kutubxonachisi» kasbi bo‘yicha yangi yo‘nalish ochildi. Unda hozirgi davrda dolzarb bo‘lgan turli sohalardagi faoliyat yuritayotgan ARM’lar uchun malakali kadrlar tayyorlanadi.

Kollej axborot-resurs markazi turli tanlov va tadbirlarda faol ishtirok etib keladi. Masalan, 2010-2011 o‘quv yilida Respublika axborot-resurs markazlari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovda ishtirok etib, Toshkent shahri miqyosida 1-o‘rinni, Respublika miqyosida 3-o‘rinni egalladi.

Bundan tashqari, kollej axborot-resurs markazi rahbari Saodat Komilova, axborot texnologiyalari bo‘limi mudiri Visola Ikromova, yetakchi mutaxassis Lobar Tursunova, Iqbol Ashurova tomonidan turli tadbirlar tashkil etiladi.

Xulosa qilib «Axborot kutubxona faoliyati to‘g‘risida»gi qonun aytganda, axborot resurs markazlari faoliyatini rivojlantirish, axborot kutubxona fondi, axborot kutubxona xizmati, elektron katalog, elekt-ron kutubxonalar ishini yanada rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Kollejimiz ARM xodimlarining samarali mehnatlari va oldinga qo‘yilgan dolzarb vazifalarni o‘z vaqtida bajarishlari bilan ta’lim sifati hamda samaradorligi yanada oshib boradi.

Orphus system