Qоraqalpog‘iston Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlantirish sur’atlari

Qoraqalpog‘iston Respublikasida axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha qabul qilingan muhim davlat hujjatlarida belgilangan vazifalarning bajarilishini ta’minlash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan: internetdan foydalanuvchilar soni 191,6 mingtani tashkil etib, yil boshiga nisbatan bu ko‘rsatkich 109,3 foizga o‘sdi.

Aholi yashash punktlarining 22 tasida jamoaviy Internet xizmati ko‘rsatuvchi shaxobchalar tashkil etildi. Mahalliy hokimiyatlar va davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar kun-sayin Internet tarmog‘iga ulanib, uning xizmatlaridan foydalanuvchilar soni o‘sib bormoqda.

Respublikada faoliyat yuritib, kelayotgan 8ta telekommunikatsiya operatorlari va Internet provayderlari tomonidan Internet xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Respublikada 7ta oliy ta’lim muassasasi, 10ta akademik litsey va 90ta kasb-hunar kollejlari mavjud bo‘lib, 100 foiz Internet tarmog‘iga ulangan. O‘quv maskanlari: oliy ta’lim muassasalari, kasb-hunar kollejlari, umumta’lim maktablari kompyuter texnikasi bilan ta’minlanib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 28-sentabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining jamoat ta’lim axborot tarmog‘ini tashkil etish to‘g‘risida»gi PQ-191-sonli, Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 28-dekabrdagi «ZiyoNET» axborot tarmog‘ini yanada rivojlantirish to‘g‘risida»gi 282-sonli Qarorlariga asosan «ZiyoNet» axborot tarmog‘iga 712ta umumta’lim maktabi, 98ta akademik litsey va kollejlar, 8ta oliy ta’lim muassasalari ulandi.

Davlat boshqaruv organlarida korporativ kompyuter tarmog‘ining tashkil etilganlik darajasi 100 foizni tashkil etdi. Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari xodimlarining kompyuterda ishlash malaka darajasi 100 foizga yetkazildi. Elektron hujjat aylanish ulushi o‘sib bormoqda. Internet tarmog‘ida 69 kollej, 7 umumiy o‘rta ta’lim maktablari va 102 ta tashkilotning rasmiy veb-saytlari tashkil etilgan.

O‘zAAA’ning 2011-yil 20-oktabrdagi 312-sonli buyrug‘i va 2012-yil 28-fevraldagi 50-f-son farmoyishiga asosan Nukus kompyuter va axborot texnologiyalari, Xo‘jayli aloqa va Kegayli qurilish va axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejlariga tegishli respublika aloqa korxonalari biriktirildi. Respublika aloqa korxonalari tomonidan biriktirilgan kasb-hunar kollejlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 2012-yilda aloqa korxonalari tomonidan jami 2,26 mln. so‘m miqdorida mablag‘ ajratish biznes rejalariga kiritildi.

Bugungi kungacha «O‘zbektelekom» AK Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali tomonidan Xo‘jayli aloqa kollejiga hamda Nukus kompyuter va axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejlariga Telekommunikatsiya yo‘nalishi o‘quv ustaxonasiga NE-6012 multipleksor 2M uskunalari o‘rnatildi va ishchi holatga keltirildi.

O‘quv jarayonining samaradorligini, sifatini yanada takomillashtirish maqsadida bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan kasb-hunar kollejlari(KHK) uchun «elektron ta’lim» tizimidan foydalanish, yuqori tezlikdagi Internet xizmatini joriy etish va raqamli kommutatsiya qurilmalarini tarmoqqa ulash uchun «O‘zbektelekom» AK Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali tomonidan Nukus kompyuter va axborot texnologiyalari KHK’ga 1,8 km optik aloqa kabellari yotqizildi. Kegayli qurilish va axborot texnologiyalari KHK’ga 2,3 km, Xo‘jayli aloqa KHK’ga 1,2 km optik aloqa kabellari yotqizildi.

Kegayli qurilish va axborot texnologiyalari KHK’ga Testr M-43-42 o‘lchov asbobi, Qoraqalpog‘iston RTUM tomonidan V3-40 voltmetr o‘lchov asbobi, «O‘zbektelekom» AK TTT filiali 6-sonli bog‘lamasi tomonidan Millivoltmetr V3-57, Pribor 43103 o‘lchov asboblari berildi. Mazkur kollejlardagi mavjud kompyuter texnikalariga korxonalar mutaxassislari tomonidan amaliy yordam ko‘rsatib kelinmoqda. «O‘zmobayl» filiali tomonidan Nukus kompyuter va axborot texnologiyalari, Xo‘jayli aloqa hamda Kegayli qurilish va axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejlariga imtiyozli limit bilan ta’minlangan CDMA-450 standartidagi stasionar terminallar olib berildi.

«Matbuot tarqatuvchi» SHK tomonidan biriktirilgan 3ta kollejga «Xabar», «Xalq so‘zi», «Erkin Qaraqalpaqstan» gazetalariga va «Kutubxona» jurnaliga 2012-yil uchun obuna tashkil etildi. Nukus kompyuter va axborot texnologiyalari KHK o‘quvchilariga moddiy yordam berildi. «O‘zbekiston pochtasi» OAJ Qoraqalpog‘iston filiali tomonidan Xo‘jayli aloqa kasb-hunar kollejiga pochta aloqasi xizmatlari va tariflar bo‘yicha banner ishlab berildi. Pochta jo‘natmalarini o‘lchash elektron tarozi va pochta qutilari berildi. Biriktirilgan 3ta KHK’larining har biriga 190,0 ming so‘mlik «Erkin Qaraqalpaqstan», «Qoraqalpog‘iston tongi» va «Xalq so‘zi» gazetalariga obuna tashkillashtirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi axborot kutubxona markazining Axborot texnologiya bo‘limi boshlig‘i va Huquqiy axborot sektori xodimlari tomonidan 2012-yil 20-aprel kuni Nukus kompyuter va axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji ARM’ga metodik va amaliy yordam berildi. 2012-yil 23-aprel kuni kollej ARM’dan 4 nafar mutaxassis Axborot-kutubxona markaziga kelib, «KaDaTa» dasturi bilan ishlash bo‘yicha maslahatlar oldilar.

KHK’lari o‘quvchilarini tizimdagi korxonalarda o‘rnatilgan yangi texnika va texnologiyalar bilan tanishtirish maqsadida o‘quv-seminarlari rejasi tuzilgan. Joriy yilning 7-mart sanasida Xo‘jayli aloqa kasb-hunar kolleji va 14-mart sanasida Nukus kompyuter va axborot texnologiyalari KHK bitiruvchilari ishtirokida Davlat aloqa inspeksiyasi boshlig‘i M. Erejepova «Aloqa va axborotlashtirish sohasi, uning tarixi, bugungi kuni va kelajagi, jamiyatdagi o‘rni hamda sohaga joriy etilayotgan yangi texnika va texnologiyalar» mavzusida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Elektromagnit moslashuv xizmati boshlig‘i B.Artikov «O‘zbekiston Respublikasi Milliy radiomonitoring tizimi» mavzusida, Qoraqalpog‘iston Radiotelevideniye uzatish markazi boshlig‘i E. Xalbayev «Raqamli televideniye rivojlanishi» va «Radiotelevideniye uzatish markazi faoliyati» mavzusida o‘quv seminarlari o‘tkazildi. Joriy yilning 13-mart kuni Xo‘jayli aloqa KHK’da va 15-mart kuni Kegayli qurilish va axborot texnologiyalari KHK’da «O‘zbektelekom» AK TTT filiali 6-son bog‘lamasi boshlig‘i Q. Jantugelov «Bog‘lamaning xizmat faoliyati va o‘rnatilgan yangi texnika va texnologiyalar to‘g‘risida» mavzusida ma’ruza bilan ishtirok etdilar.

Qoraqalpoq elektromagnit moslashuv xizmati joriy yilning 19-aprel kuni Nukus kompyuter va axborot texnologiyalari KHK o‘qituvchilari va talabalari ishtirokida «Simsiz keng polosali tizimlar haqida umumiy tushuncha Radio Ethernet, Wi-Fi va WiMax» hamda «Mobil aloqasining raqamli tizimi GSM, CDMA, UMTS/WCDMA standartlari» mavzulari bo‘yicha o‘quv mashg‘uloti ma’ruzalar olib borildi.

Biriktirilgan KHK’larning soha yo‘nalishidagi 478 nafar bitiruvchilari va korxona, tashkilotlar o‘rtasida 100% uch tomonlama shartnomalar tuzildi. «O‘zbektelekom» AK Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali bilan 21ta, «O‘zbekiston pochtasi» OAJ Qoraqalpog‘iston filiali bilan 16ta, «O‘zbektelekom» AK TTT filiali 6-son bog‘lamasi bilan 3ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi «Matbuot tarqatuvchi» sho‘ba korxonasi bilan 4ta, Qoraqalpog‘iston Radiotelevideniye uzatish markazi bilan 2ta, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filiali bilan 1ta, Qoraqalpoq AKM bilan 1ta uch tomonlama shartnomalar imzolandi. Hozirgi vaqtda kollej bitiruvchilarini ishga joylash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

«O‘zbektelekom» AK Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali, Qoraqalpoq RTUM, «O‘zbekiston pochtasi» OAJ Qoraqalpog‘iston filiali, TTT filiali 6-bog‘lamasi, Qoraqalpog‘iston AKM, Qoraqalpog‘iston Respublikasi «Matbuot tarqatuvchi» SHK’lari tomonidan biriktirilgan kasb-hunar kollejlarida kompyuter va kompyuter texnologiyalari yo‘nalishidagi bitiruvchilarini bo‘sh va yangi ochiladigan ish o‘rinlariga jalb qilish va sohaning rivojlanishi, sohaga kirib kelgan yangi texnologiyalar bilan tanishtirish maqsadida taqdimotlar o‘tkazildi. Taqdimotda «O‘zbektelekom» AK Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali 22ta, «O‘zbekiston pochtasi» OAJ Qoraqalpog‘iston filiali 16ta, Qoraqalpoq RTUM 2ta, TTT filiali 6-bog‘lamasi 3ta, «Matbuot tarqatuvchi» SHK 4ta bo‘sh va yangi ochiladigan ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.

Joriy yil 9-iyun kuni Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filialida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi. Yarmarkada TATU Nukus filiali va biriktirilgan 3ta kasb-hunar kollejlari hamda Nukus shahrida joylashgan 19ta kollej bitiruvchilari qatnashdilar. Ushbu yarmarkada soha korxona va tashkilotlari tomonidan oliy ta’lim muassasasining bitiruvchilari uchun 4ta, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari uchun 18ta bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi va ishga kirish uchun yo‘llanmalar berildi.

«Matbuot tarqatuvchi» sho‘ba korxonasiga tegishli matbuot do‘konlarida chakana savdo va obuna to‘lovlarini plastik kartochka orqali qabul qiladigan terminallar o‘rnatildi. Shuningdek, mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida «O‘zbektelekom» AK Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali tomonidan o‘tgan yilda Nukus shahar 22-ATS’da, Orol so‘zlashuv punktida, Beruniy, va Chimboy tumanlarida zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi «Yagona oyna» markazlari ishga tushirildi.

«Yagona oyna» markazlari orqali mijozlarga simli telefon aloqasi, Uzmobile-CDMA-450 standartidagi mobil aloqa va mobil Internet xizmatlari, Uzonline-yuqori tezlikdagi Internet xizmatlari hamda Raqamli televideniye xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Nukus shahar 223-ATS da, Xo‘jayli, Qo‘ng‘irot, Kegayli va Nukus tumanlarida zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi «Yagona oyna» markazlari 2012-yil oxirigacha ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.

Orphus system