Aloqa va axborotlashtirish sohasida 2012 yil birinchi yarim yillik yakunlari sarhisob qilindi

Shu yilning 20 iyul kuni O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligida O‘zAAA Hay’atining yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda 2012 yil birinchi yarim yilligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish yakunlari ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, hisobot davri davomida aloqa va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi korxonalari tomonidan aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar o‘sish ko‘rsatkichi 24,3 foizni tashkil etdi. O‘tgan yilning shu davriga solishtirilganda bu ko‘rsatkich 19,2 foizga oshgan.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilingan xorij investitsiyalari va kreditlari hisobiga amalga oshirilgan loyihalar bo‘yicha yarim yillik reja 139 foizga bajarildi.

Investitsiya dasturiga muvofiq, “O‘zbektelekom” AK tomonidan amalga oshirilishi belgilangan investitsiya loyihalari bo‘yicha quyidagi ishlar amalga oshirildi:

— Boysun-Denov oralig‘ida 94,1 km optik aloqa liniyalarini qurish loyihasi doirasida 77 km kabel yotqizildi;

— Urgut-Shahrisabz oralig‘ida optik aloqa liniyalarini qurish loyihasi bo‘yicha ishlar yakunlanib, 78,1 km optik tolali aloqa liniyasi tajribaviy foydalanishga topshirildi;

— Xalqaro kommutatsiya markazlarini NGN texnologiyasi asosida modernizatsiya qilish va kengaytirish loyihasi bo‘yicha telekommunikatsiya uskunalarini yetkazib beruvchi kompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda;

— “O‘zbektelekom” AKning mahalliy telekommunikatsiya tarmog‘ini yangi avlod tarmog‘i (NGN) texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish va rivojlantirish” loyihasi doirasida uskunalari keltirilmoqda;

— “Xalqaro paketli kommutatsiya markazini kengaytirish va modernizatsiya qilish” loyihasi bo‘yicha joriy yilning 26 iyunida tender savdolari e’lon qilindi;

— “O‘zMobayl” filiali CDMA-450 mobil aloqa tarmog‘ini modernizatsiya qilish va kengaytirish” loyihasi bo‘yicha telekommunikatsiya qurilmalari keltirilmoqda.

Xalqaro axborot tarmoqlaridan foydalanish umumiy tezligi 6850 Mbit/s ga yetgan va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,4 barobar ko‘paygan (2011 yilning shu davrida 2820 Mbit/s).

Davlat axborot resurslarining umumiy soni 195taga, tizimlari soni 98taga yetdi. Bazaviy interaktiv davlat xizmatlarning umumiy soni 197 tani tashkil qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 21 martdagi PQ-1730-son qaroriga muvofiq belgilangan axborot tizimlarini yaratish hamda Milliy axborot tizimiga integratsiyalash yuzasidan har bir tizim bo‘yicha alohida tarmoq grafiklari ishlab chiqilib, tegishli vazirliklar bilan birga ishlar olib borilmoqda.

Davlat organlarini axborot bilan tezkor ta’minlash uchun “O‘zinfokom” markazida alohida Departament tashkil etildi.

Milliy axborot tizimi doirasida yangidan ishlab chiqiladigan yoki xarid qilinadigan ixtisoslashtirilgan dasturiy mahsulotlar oldindan majburiy ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida, “UNICON.UZ” markazi qoshida tegishli bo‘linma tashkil etildi.

Bugungi kunda, 2012 yilda ishga tushirilishi belgilangan “Aloqa”, “Kasaba uyushmasi”, “Mahalla”, “Kutubxona” kabi kompleks axborot tizimlarini yaratish bo‘yicha ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

ERI kalitlari sertifikatlari va amaldagi kalitlarning umumiy miqdori 280 709taga yetdi, o‘sish 188,4 % (2011 yil 1 yarim yilda – 148 952ta) tashkil etdi.

Yig‘ilishda “Mustahkam oila yili” Davlat dasturining ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar ham ko‘rib chiqildi. Ma’lum qilinishicha, respublika qishloq joylari maktablari, o‘rta-maxsus kasb-hunar kollejlari va akademik litseylari yoshlariga Internet tarmog‘ida ishlash hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha birinchi bosqichda jami 17 953 nafar kishi o‘qitildi.

Shuningdek, soha obyektlarining kuzgi-qishki mavsumga tayyorgarligiga oid masalalar ham muhokama qilindi.

Davlat dasturlarini amalga oshirish va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bilan izma-iz ravishda soha rivojini jadallashtirish hamda kelgusidagi vazifalarni ado etishda rahbar-xodimlar javobgarligiga alohida e’tibor qaratildi.

Majlis davomida joriy yilda aloqa va axborotlashtirish sohasining asosiy vazifalari ham keng muhokama etildi. Jumladan: davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining axborot tizimlarini joriy etish va ishga tushirish, kengpolosali tarmoq orqali ko‘rsatiladigan telekommunikatsiya xizmatlarini rivojlantirish ishlarini jadallashtirish, respublikada raqamli televideniye qamrovini kengaytirish, raqamli televideniye oydalanuvchilari uchun yangi interaktiv xizmatlarini joriy etish va boshqalar.

Hay’atda ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Orphus system