Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga
27.06.2012
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: O‘zA.

Qadrli do‘stlar!

Siz, hurmatli jurnalistlarni, nashriyot va matbaa, radio va televideniye vakillarini, muhtaram faxriylarimizni 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Bugun biz yashayotgan, globallashuv va Internet asri deb nom olgan davrda taraqqiyotni, hayotimizni zamonaviy axborot va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, televideniye va ommaviy axborot vositalaridan, siz aziz jurnalistlar faoliyatidan ayri holda tasavvur etib bo‘lmasligini hammamiz yaxshi anglaymiz va sizlarning o‘ta mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli mehnatingizni yuksak qadrlaymiz.

Haqiqatan ham, shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hozirgi zamonda ommaviy axborot vositalarining faoliyat ko‘lami, inson va jamiyat hayotiga ta’siri misli ko‘rilmagan darajada kuchayib bormoqda. Bugungi kunda axborot nafaqat ma’lumot yetkazish, odamlarni yangilik va o‘zgarishlar bilan tanishtirish vositasi bo‘lib xizmat qilmoqda, ayni vaqtda axborot va kommunikatsiya tarmog‘i amalda ishlab chiqarishning yetakchi yo‘nalishlaridan biriga, moddiy, ijtimoiy va ma’naviy sohalarning rivoji va o‘sishiga hal qiluvchi asos va turtki beradigan, tez rivojlanayotgan eng zamonaviy sohaga aylanib borayotganiga barchamiz guvoh bo‘lmoqdamiz.

Bu haqda fikr yuritganda, yurtimizda yangi jamiyat, yangi hayot qurish, mamlakatimizni yangilash va modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish sur’atlarini kuchaytirish, iqtisodiyotimiz samaradorligini oshirish yo‘lida to‘siq bo‘lib turgan muammolarni yechish, ichki va tashqi siyosatni olib borish bo‘yicha to‘g‘ri yo‘lni tanlashda matbuot sohasining qo‘shayotgan hissasini tan olib, uning roli, ahamiyati va mohiyati haqida ko‘p gapirish mumkin.

Lekin shular qatorida yana bir masala borki, bu haqda alohida to‘xtalib o‘tishni istardim. U ham bo‘lsa, erkin va obod hayot barpo etish yo‘lida asosiy kuch bo‘lmish xalqimiz, eng avvalo, yoshlarimizning ma’naviy olamini shakllantirishda, odamlarimizning hayotga, mehnatga munosabatini o‘zgartirishda, ularni mustaqil fikrlash, ongli yashash ruhida tarbiyalashda, bizning rivojlanishimizga xalaqit berayotgan eski qolip va qarashlardan xalos bo‘lishda, bir so‘z bilan aytganda, doimo sezgir va ogoh bo‘lib yashash, bugungi va ertangi kun talablari bilan hamqadam borish, o‘z ona yurtiga bo‘lgan mehri va sadoqatini mustahkamlashda – o‘zini haqiqiy inson degan har qanday kishiga mansub ayni shunday olijanob fazilatlarni kamol toptirishda ommaviy axborot vositalari sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan mehnatchilarning ulkan xizmati borligini katta minnatdorlik bilan ta’kidlab aytishni o‘zimning burchim deb bilaman.

Biz mustaqillikka erishgan birinchi kunlardan boshlab, mamlakatimizda matbuot va ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirayotgan keng ko‘lamli ishlarimiz bugungi kunda o‘zining hosili va samarasini berayotgani barchamizga mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan ommaviy axborot vositalarining miqdor va sifat darajasi tubdan o‘zgarib, ularning umumiy soni 1 ming 250 dan oshib ketgani, raqamli va mobil televideniye, internet-televideniye, internet-radio kabi zamonaviy axborot tarmoqlarining ulushi va ta’siri tobora ortib borayotgani ayniqsa e’tiborlidir.

Xususan, eng tezkor va ta’sirchan axborot vositasi bo‘lmish Internet jurnalistikasiga, uni har jihatdan chuqur egallashga bo‘lgan intilishning tobora kuchayib borayotgani milliy matbuotimizning xalqaro media maydonda o‘z munosib o‘rnini topishi uchun muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonda nodavlat ommaviy axborot vositalarining keng tarmog‘i shakllanib, samarali faoliyat olib borayotgani jamiyatimizda fikr va qarashlar rang-barangligini, o‘zaro ijodiy musobaqa muhitini ta’minlashga katta hissa qo‘shmoqda. Buni mavjud tele va radiokanallarning 66 foizini, bosma nashrlarning esa 50 foizdan ziyodini aynan nodavlat ommaviy axborot vositalari tashkil etishi ham tasdiqlaydi.

Bizning eng yuksak maqsadimiz bo‘lmish taraqqiy topgan zamonaviy demokratik davlatlar qatoridan joy olish yo‘lida ommaviy axborot vositalari faoliyatining samaradorligini yangi bosqichga ko‘tarish, matbuotning tom ma’noda mustaqilligiga erishish, buning uchun avvalambor ularning moliyaviy mustaqilligini ta’minlash va barqaror rivojlanishi uchun zarur manbalarga ega bo‘lishi bilan bog‘liq masalalarni yechish hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

Bu borada Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida bayon qilingan fikr va g‘oyalar asosida izchil amalga oshirilayotgan ishlardan, o‘ylaymanki, sizlar yaxshi xabardorsiz.

Bu haqda so‘z yuritganda, mazkur konsepsiya negizida “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”, “Teleradioeshittirishlar to‘g‘risida”, “Ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslari to‘g‘risida”, “Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kafolatlari to‘g‘risida” va boshqa bir qator qonun loyihalarini siz, matbuot vakillarining faol ishtirokida tayyorlash va qabul qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni alohida ta’kidlash lozim.

Shular qatorida matbuot va ommaviy axborot vositalari, nashriyot, matbaa korxonalari va matbuot tarqatuvchi tashkilotlar uchun qo‘shimcha soliq imtiyozlari va afzalliklar berish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha qabul qilingan Prezident qarori ommaviy axborot vositalarining faoliyatini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi tabiiydir.

Ayni vaqtda barchamizga yaxshi ayonki, bugungi kunda tez o‘zgarib, murakkablashib borayotgan zamonning o‘zi, tobora kuchayib borayotgan turli tahdid va xatarlar ommaviy axborot vositalari oldiga o‘tkir va mas’uliyatli talablarni qo‘ymoqda.

Albatta, har qanday yangilanish, o‘zgarish, shu jumladan, axborot sohasida ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Hayotimizni, iqtisodiyotimizni boshqarish tizimi, mamlakatimizning taraqqiyoti, uning o‘sish sur’atlari va samarasini oshirish, barqarorligini ta’minlash kundalik og‘ir va mashaqqatli mehnat evaziga qo‘lga kiritilishini hammamiz yaxshi tushunamiz.

Shu nuqtai nazardan ommaviy axborot vositalari va bu sohada xizmat qilayotgan xodimlar oldida turgan eng muhim vazifalarni baholar ekanmiz:

birinchidan, doimo izlanish, qo‘lga kiritilgan yutuqlarga berilmasdan, ularga mahliyo bo‘lmasdan, maqtanmasdan, kimnidir ulug‘lash yo‘liga o‘tmasdan, avvalambor, marrani baland qo‘yib, hayot voqeligini haqqoniy va xolis aks ettirish talab qilinadi;

ikkinchidan, hammamizga ayonki, o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan marralarga erishish uchun jurnalist o‘zini ayamasdan, professional bilim va saviyasini, mahorat va tajribasini oshirish uchun o‘z ustida tinimsiz ishlashi, mehnat qilishi, turli sinovlardan munosib o‘tishi zarur;

uchinchidan, bunday yuksak darajaga ko‘tarilish uchun bu kasbni tanlagan har qaysi insonga mardlik, fidoiylik va jasorat kerak, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman;

to‘rtinchidan, o‘z kasbiga sadoqatli bo‘lish, uni sevish, avvalambor, eskicha qarash va alomatlardan voz kechish uchun jurnalist boshqalarga nisbatan oldingi safda bo‘lishi, o‘z hayotiy prinsiplaridan qaytmasdan, vijdon amri bilan yashashi lozim.

Bu haqda gapirganda, bir taklifni sizlar bilan o‘rtoqlashishni joiz, deb bilaman. Matbuot so‘zining ta’sirchanligini oshirish, eng muhim chiqishlarga jamoatchilik e’tiborini qaratish uchun birinchi navbatda samarali faoliyat ko‘rsatadigan aniq tizim tashkil qilish kerak, deb o‘ylayman. Bu borada O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi har chorak yakuni bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan eng dolzarb, eng o‘tkir materiallarni alohida qayd etib, baholab, bu haqda matbuotda xabar berib borsa, mening nazarimda, ayni muddao bo‘lar edi.

Bunda ayniqsa tahliliy va tanqidiy chiqishlarga alohida ahamiyat berish o‘rinlidir. Bunday munosabat, o‘ylaymanki, jurnalistlarning og‘ir mehnatini e’tirof etish va qadrlashda katta rol o‘ynaydi. Shu bilan birga, ayni shu materiallarda o‘rtaga qo‘yilgan muammolarni yechish uchun jamoatchilik e’tiborini jalb qilishga ham muhim hissa qo‘shadi.

Aytish kerakki, odatda gazeta-jurnallarimizda, teleradiokanallarimizda ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan dolzarb mavzular ko‘tariladi, lekin ularga nisbatan davlat va hokimiyat vazifalarida o‘tirganlar, jamoatchilik vakillari tomonidan yetarlicha ahamiyat berilmasligi tufayli ular ko‘pincha e’tibordan chetda qolib ketadi. Bunday holat, masalaga panja orasidan qarash, avvalo, shu maqola va ko‘rsatuvni yuragidan o‘tkazib, katta mehnat bilan tayyorlagan jurnalist va mualliflarning ijodiy izlanishlariga salbiy ta’sir ko‘rsatib, qo‘lini ishdan sovutib qo‘yadi. Eng yomoni, bu chiqishlarda ko‘tarilgan masala va muammolar bunday beparvolik natijasida eski holida o‘zgarmasdan qolishi iqtisodiyotimiz va hayotimizga katta zarar yetkazishi muqarrar.

Ta’kidlash lozimki, ommaviy axborot vositalarining samaradorligini kuchaytirishni ko‘zda tutadigan bunday tajribani joriy etishni, shu asosda matbuot orqali tanqidga uchragan tashkilot va korxonalar, mansabdor shaxslarning o‘z ishiga xolisona ko‘z bilan qarab, mavjud ahvolni tuzatishga harakat qilishini bugun hayotning o‘zi kun tartibiga qat’iy qilib qo‘ymoqda.

Bu o‘z navbatida matbuot va ommaviy axborot vositalarining, jurnalist ahlining ijtimoiy hayotimizda, jamoatchilik o‘rtasida hurmat-e’tibori, ayni paytda mas’uliyati ham ortishiga xizmat qilishi shubhasizdir.

Bugungi kunda butun dunyo O‘zbekiston erishgan ulkan yutuq va natijalarni tan olayotgan, e’tirof etayotgan bir paytda biz ommaviy axborot vositalari sohasida ham boshqalardan kam bo‘lmasdan, ana shunday yuksak marralarni egallashga albatta qodirmiz, desam, o‘ylaymanki, siz, azizlarning fikringizni ifoda etgan bo‘laman.

Shu yo‘lda doimo intilib, izlanib yashaydigan jurnalistlarni men hamisha qo‘llab-quvvatlashga, kerak paytda yordam va ko‘mak berishga tayyor ekanimni, ularni o‘zimning eng yaqin hamfikr va maslakdoshlarim, deb bilishimni izhor etmoqchiman.

Bugungi xursandchilik kunda sizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor samimiy qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, ijodiy kamolot tilayman.

Islom Karimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq