Muvofiqlashtiruvchi kengash yig‘ilishi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Namangan va Navoiy viloyatlari hokimliklari rahbariyatining tizimda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini tashkil etish hamda faoliyatini yo‘lga qo‘yishda interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanish yuzasidan hisobotlari tinglandi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumati qarorlarining viloyat, shahar va tuman hokimliklari, mahalliy davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida bajarilishi holati muhokama qilindi. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 21 martda qabul qilingan “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ishlab chiqilgan mahalliy dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish hamda tijorat faoliyati va tadbirkorlikda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanishni rivojlantirishni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha tegishli hujjatlar loyihalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, internet tarmog‘ida milliy segmentni boyitish va undan foydalanish samaradorligini oshirish, axborot resurslari va interaktiv xizmatlarni ko‘paytirish va rivojlantirish maqsadida internet tarmog‘idan foydalanish samaradorligini baholash va rivojlantirish bo‘yicha Respublika uslubiy komissiyasi tarkibi hamda uning nizomi tasdiqlandi.

Iste’molchilarga yetkazib berilayotgan elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv va boshqa kommunal xizmatlar bo‘yicha hisob-kitoblarda avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini joriy etish, to‘lovlar hisobini yuritish va elektron to‘lovlarni amalga oshirish maqsadida soha korxona va tashkilotlarida billing tizimlaridan foydalanish holati ko‘rib chiqildi. Ushbu tizimni yanada rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi hamda mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlariga tegishli tavsiyalar berildi.

Ko‘rilgan masalalar bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish yuzasidan takliflar bildirildi. Yig‘ilish natijalari yuzasidan Muvofiqlashtiruvchi kengashning tegishli qarori qabul qilindi.

Orphus system