Zamonaviy bank xizmatlari namoyishi
11.04.2012
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

“O‘zko‘rgazmasavdo” Respublika yarmarka-savdo markazida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan “BankEXPO – 2012” bank xizmatlari, uskunalari va texnologiyalari milliy ko‘rgazmasi boshlandi.

Mamlakatimiz bank tizimidagi bugungi holat, kreditlar ajratish shartlari, ko‘rsatilayotgan bank xizmatlari, sohada zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish, moliya va boshqa resurslar bilan ta’minlanganlik darajasi, rivojlanish istiqbollari to‘g‘risida keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida tashkil etilgan ko‘rgazmada O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlarning yetakchi banklari, moliya, investitsiya, sug‘urta institutlari, kredit uyushmalari ishtirok etmoqda.

Hozir yurtimizda o‘ttizga yaqin bank faoliyat yuritmoqda. Tijorat banklarining to‘qqiz mingdan ziyod filial va mini-banklari mijozlar xizmatida. Banklarning aholiga xizmat ko‘rsatish darajasi oshib, aholining bank xizmatlari, xususan, omonatlarga bo‘lgan ishonchi, qiziqishi tobora mustahkamlanmoqda. Natijada to‘rt yuzdan ortiq jozibali depozit turlari tatbiq etilib, plastik kartochkalar asosida hisob-kitob qilish tizimi izchil rivojlanmoqda.

Banklar tomonidan tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash – doimiy e’tiborda. O‘tgan yili mazkur soha subyektlariga tijorat banklarining 4 trillion 41 milliard so‘m sarmoyasi ajratilgani buning yorqin dalilidir. Joriy yilda “Mustahkam oila yili” Davlat dasturiga muvofiq kichik biznes subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 4,5 trillion so‘m miqdorida mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2010 yil 26 noyabrda qabul qilingan “2011-2015 yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga erishishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qarori bank amaliyotiga zamonaviy axborot texnologiyalarini faol jalb qilish va belgilangan vazifalarni muvaffaqiyatli hal etishda muhim dasturilamal bo‘layotir.

Axborot texnologiyalarining so‘nggi yutuqlaridan foydalangan holda “Xalq banki” masofadan turib boshqariladigan, kechayu kunduz ishlaydigan zamonaviy “Uyali pul” yangi tizimini joriy etdi. Yuksak ilg‘or texnologiyalar asosida yaratilgan mazkur tizim har bir mijozga internet, mobil yoki uy telefonlari orqali istagan joyidan turib, o‘z hisobraqamini kuzatish va boshqarish imkonini beradi. Hisobvarag‘iga ega mijoz uyda yoki ishxonasida turib, istagan vaqtda o‘z pullarini boshqarishi, ko‘rsatilgan xizmatlarga to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin. Bunda tadbirkor yoki mijoz vaqtini tejash bilan birga ish unumdorligini oshirishga ham erishadi.

– Mustahkam oila yilida har bir oilaga bir plastik kartochkaga asoslangan to‘lov tizimidan iborat ishonchli va tezkor xizmat yo‘lga qo‘yildi, – deydi “Xalq banki”ning axborot-texnologiyalari departamenti direktori To‘lqin Yoqubov. – Uning boshqa xizmatlardan farqi oiladagi budjetni boshqarish bilan bir vaqtda mablag‘ni oila ichida taqsimlash mumkin. Misol uchun, otaning plastik kartochkasida 100 ming so‘m bo‘lsa, undan o‘g‘liga limit berishi va mablag‘ni farzandi nima maqsadda sarflaganini nazorat qilishi mumkin. Hozirda 3 mingdan ziyod mijoz ana shunday qulay xizmat turidan foydalanmoqda.

Ko‘rgazmada qator sug‘urta kompaniyalari ham banklar uchun ko‘plab yangi, zamonaviy turdagi xizmatlarni namoyish etmoqda.

– Biz banklarga eksklyuziv xizmatlar ko‘rsatamiz, – deydi “Ishonch” banklararo sug‘urta kompaniyasi menejeri Shahnoza Nosirova. – Majmuaviy ipoteka sug‘urtasi, garovga yoki lizingga berilayotgan mol-mulk, garovga qo‘yilayotgan mol-mulk sug‘urtasi, rieltor, auditorlar javobgarligini sug‘urtalash shular jumlasidandir. 2011 yil davomida moliya muasasalariga 30 turdagi sug‘urta xizmatlari ko‘rsatdik.

Ko‘rgazmada tadbirkorlikni, xususan, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining biznes-rejasini qo‘llab-quvvatlashda banklar bilan keng hamkorlik qilib kelayotgan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash markazi va boshqa bir qator tashkilotlar o‘z xizmatlarini namoyish etmoqda.

“Mikrokreditbank” o‘zining filial va mini-banklari orqali mijozlariga 2011 yili 290 milliard so‘m kredit berdi. Natijada 104 mingdan ziyod ish o‘rni yaratildi. Xizmat ko‘rsatishning tezkorligida har bir mijozning kredit tarixi mavjudligi qo‘l kelayotir. Bunda mijozning avvalgi kreditlarni o‘z vaqtida to‘lagani alohida e’tiborga olinadi. Bank joriy yilning o‘tgan davrida 70 milliard so‘m miqdorida kredit ajratdi. Shundan 41 milliard so‘mi yillik 3-6 foizli imtiyozli sarmoyalardir.

Ko‘rgazmada yosh oilalar, oilaviy tadbirkorlik subyektlari, o‘z tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish istagida bo‘lgan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari, uy mehnatini yengillashtirish maqsadida xotin-qizlarga taklif etilayotgan bank xizmatlari bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berilmoqda. Shuningdek, bank-moliya sohasining yangi zamonaviy texnologiyalari va xizmatlari, xususan, internet banking, mobayl banking, zamonaviy pul o‘tkazmalari, bank va moliya muassasalari uchun axborot texnologiyalari, plastik kartalar bilan ishlash va ularning afzalliklari xususida batafsil axborot olish mumkin.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq