«Yаgona raqam» konvergent xizmatini tashkil etish
06.04.2012
Rukn: Texnologiya.
Muallif: Rustam Abdurahmanov, Baxtiyor Rizayev.

Muqim tarmoqlar (NGN, IMS) va mobil tarmoqlar (3G/4G)ning jadallik bilan rivojlanishi yaqin orada bu tarmoqlar ko‘rsatadigan xizmatlar orasidagi chegara amalda yo‘q bo‘lib ketishini taxmin qilish imkonini yaratadi. Foydalanuvchilarga keng ko‘lamdagi umumlashgan xizmatlarni taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘lgan yagona tarmoq tushunchasi yuzaga keladi.

Xalqaro telekommunikatsiya ittifoqi (XTI)ning tavsiyanomasiga ko‘ra, umumlashgan (konvergent) xizmatlar quyidagi asosiy xususiyatlarga ega (ITU-T Q.1702 Long-term vision of network aspects for systems beyond IMT-2000):
• foydalanish texnologiyasiga bog‘liq emas (simli/simsiz, 2G/3G/4G);
• abonent terminaliga bog‘liq emas;
• provayderga bog‘liq emas.

Konvergent xizmatlarni amalga oshirish uchun konvergent tarmoqlar kerak bo‘ladi. XTI-T’ning «IP-tarmoqlarida boshqaruv» tavsiyanomasida konvergent tarmoqning tavsifi ko‘rsatilgan. Bu tarmoq IP protokoli asosida bo‘lib, ovoz, ma’lumotlar, video, tasvirlarni yuborish kabi multimediyali xizmatlarni amalga oshirishga mo‘ljallangan turli aloqa texnologiyalaridan foydalanadi (ITU-T E.417 Framework for the network management of IP-based networks).

Konvergent xizmatlar mobil va muqim aloqa tarmoqlari taqdim etadigan barcha xizmatlarni o‘zida saqlab qolgan. Muqim tarmoqlarning afzalliklariga keng o‘tkazish polosasi (sekundiga yuzlab, minglab terabit), media servislarning yuqori sifatliligi, ma’lumotlarni uzatish tarmoqlaridan foydalanib korporativ axborot tizimlari o‘zaro aloqasini tashkil etish imkoniyati kiradi. Mobil tarmoqlarning afzalliklariga foydalanuvchilarning harakati davomida ham aloqada bo‘lishi, terminallarning portativligi, hamma foydalanish imkoniyatiga egaligi kiradi.

Aloqa operatori tomonidan konvergent xizmatlarga qo‘yiladigan asosiy talablarning bajarilishi foydalanuvchilarga quyidagilarni taqdim etadi: xizmatlardan foydalanish uzluksizligi (doimiy), qabul qilish qurilmasiga bog‘liq emasligi (bitta terminal), joylashish hududiga bog‘liq emasligi (hamma joyda), xizmatlarga yagona to‘lov va yagona xizmat ko‘rsatish (bitta operator). Shu bilan birga, ideal holda konvergent xizmat personallashtirilgan bo‘lishi kerak, chunki konvergensiyaning asosiy prinsipi xizmatni u yoki bu raqamga qaratilgan deb emas, balki ma’lum bir foydalanuvchiga yo‘naltirilgan deb mulohaza qilish imkonini beradi. Foydalanuvchi o‘zining talablaridan kelib chiqib mustaqil ravishda foydalanish xususiyatlarini tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Mobil va muqim aloqa operatorlari konvergent yechimlarni tashkil etish orqali salmoqli foydaga ega bo‘lishlari mumkin. Masalan, ko‘rsatiladigan xizmatlar spektrini kengaytirish hamda mobil va muqim aloqaning yagona xizmatlar paketini taqdim etish. Aloqa operatorlari ko‘proq korporativ foydalanuvchilar bilan ishlashga harakat qiladilar, vaholangki bu xizmatlarni jismoniy shaxslarga ham taqdim etish mumkin. Chet elda bu xizmat British Telecom, Orange, T-Mobile va boshqa aloqa operatorlarida tashkil etilgan.

«Yagona raqam» xizmati — bu foydalanuvchiga, unda mavjud bo‘lgan barcha telefon raqamlari (ishxona, uy, muqim, mobil) kiritilgan qo‘shimcha telefon raqamini (qo‘shimcha abonent raqamini) taqdim etish xizmati. Bunda «Yagona raqam»ga kiruvchi barcha qo‘ng‘iroqlar foydalanuvchi tanlagan marshrutizatsiya shartlariga muvofiq va foydalanuvchining o‘zi tahrirlagan ro‘yxati asosida uning real telefonlariga yo‘naltiriladi. Xizmat foydalanuvchiga kunning soati yoki hafta kunidan kelib chiqib, marshrutizatsiya trafigining bir necha turli shartlarini o‘rnatish imkoniyatini taklif etadi.

Jismoniy va yuridik shaxslar uchun mo‘ljallangan xizmat quyidagilarni ta’minlaydi:
• aloqa operatori o‘zgartirilganda, mavjud bo‘lgan telefon raqami almashtirilganda yoki kompaniya manzili o‘zgarganda, «Yagona raqam» bo‘yicha qo‘ng‘iroqlarning saqlanib qolishi;
• «yagona raqam» bo‘yicha ko‘p kanalli raqam tashkil qilinganligi yoki qo‘ng‘iroqlarning ovozli pochtaga yo‘nalti-rilganligi hisobiga kontakt telefoniga yuklamaning ortib ketishi sodir bo‘lganda ham qo‘ng‘iroqlarning saqlanib qolinishi;
• «yagona raqam»ni kompaniyaning funksional tuzilmasiga biriktirilishi natijasida, kompaniyaning u yoki bu filiali boshlig‘i o‘zgarganda ham qo‘ng‘iroqlarning saqlanib qolinishi;
• xizmat safariga chiqqan xodimlarning mobil telefon real nomerini ro‘yxat asosida, foydalanuvchi ayni vaqtda joylashgan hududdagi mahalliy aloqa operatori raqamiga o‘zgartirish natijasida, shaharlararo va xalqaro aloqaga xarajatlarini qisqartirilishi;
• xavfsizlikning oshirilishi, mavjud telefon raqamlarini (ishxona, uy, mobil) istalmagan telefon qo‘ng‘iroqlaridan saqlash;
• «yagona raqam» orqali muloqot qilinayotgan foydalanuvchining joylashuv hududini aniqlash mumkin emasligi.

«Yagona raqam» xizmatini IP-domenda texnik tashkil qilish usullaridan biri bu — ENUM texnologiyasini qo‘llash. ENUM loyihasi internet-texnologiyalari bo‘yicha Maxsus komissiya (The Internet Engineering Task Force — IETF) qoshidagi ishchi guruh tomonidan 2000-yilda yaratilgan, keyinchalik RFC 3761da o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilgan. ENUM (tElephoneNUmber Mapping) — bu E.164 formatidagi telefon raqamlari va internet tarmog‘idagi bir yoki bir nechta resurslarning manzili o‘rtasidagi muvofiqlikni aniqlovchi texnologiya (Faltstrom, P., «E.164 number and DNS», RFC 2916, September 2000.).

Bu texnologiya ishi asosida ikkita muhim tushunchalar yotadi:
• telefon raqamidan kompleks domen nomini yaratish, u keyinchalik DNS (Domain Name Service) texnologiyasi yordamida Internet manziliga (identifikator URI — Uniform Resource Identifier) translyatsiya qilinadi. URI internet tarmog‘ida belgilar satri yordamida foydalanuvchi identifikatsiyasini amalga oshirish imkonini beradi;
• xosting, ENUM domen nomlarini DNS servisiga joylashtirish (e164.arpa);
• ENUM raqamini IP-tarmoqning DNS manziliga almashtirish proseduralari bir necha qiyin bo‘lmagan amallardan tashkil topgan bo‘lib, abonent qurilmasining o‘zida yoki Internet tarmog‘i va telefon tarmog‘ini o‘zaro bog‘laydigan shlyuzda amalga oshirilishi mumkin.

ENUM’ning ishlash namunasi 1-rasmda ko‘rsatilgan. «A» abonent E.164 formati asosida «B» abonentni telefon raqami orqali chaqirmoqda. ENUM’ni qo‘llay oladigan terminal qurilmasi, stansiya yoki shlyuz RFC 3761’da yozilgan qoidalar asosida raqamni domen nomiga aylantiradi. Keyin dasturiy agent (Resolver) yordamida DNS so‘rovi yuboriladi, javob tariqasida, chaqirilayotgan abonent xizmatlari yoki qurilmalariga mos URI identifikatorlariga ega bo‘lgan NAPTR (Naming Authority Pointer, RFC 3403) yozuvlar ro‘yxatini oladi. NAPTR satri DNSga kiritiladi hamda shu holatda saqlab turiladi va bu maqsadga yo‘naltirilgan birlashma registrator deb nomlangan. Shu tariqa, olingan manzil qo‘ng‘iroqni IP-tarmoq orqali marshrutizatsiya qilish uchun ishlatiladi va nihoyat amalga oshirilgan qo‘ng‘iroq B abonentning SIP-terminaliga keladi.

ENUM texnologiyasini qo‘llab “Yagona raqam” xizmatini tashkil etish.

ENUM quyidagi turlarda bo‘lishi mumkin: ommaviy (Public) ENUM, xususiy (Private) ENUM va operator (Carrier) ENUM. Ommaviy ENUM’dan foydalanish uchun foydalanuvchi ENUM raqami va unga mos domen ITU tomonidan u yoki bu davlat uchun ajratilgan raqam va domenlardan olinadi. Xususiy ENUM’da aloqa operatori bu texnologiyani faqat o‘zining tarmoq ko‘lamida, o‘zining manzil (adres) muhitidan foydalangan holda va faqat o‘zining abonentlari uchun qo‘llashi mumkin. Operator ENUM bir necha aloqa operatorlarini o‘z ichiga olishi mumkin. Bunda ular maxsus operatorlararo kelishuvni tasdiqlagan bo‘lishlari talab etiladi.

Demak, ENUM texnologiyasini qo‘llash orqali quyidagilar taqdim etiladi:
• umumiy foydalaniladigan telefon tarmog‘i (UFTT) abonenti internet tarmog‘i abonentiga uning ENUM raqami orqali qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirishi;
• internet tarmog‘i abonenti UFTT abonentiga uning ENUM raqami orqali qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirishi;
• kiruvchi qo‘ng‘iroqlarni foydalanuvchining, o‘zi joriy qilgan qoidalar asosida, istalgan boshqa UFTT raqamiga yo‘naltirishi.

Yuqorida sanab o‘tilgan texnik imkoniyatlar «Yagona raqam» xizmatini tashkil qilish imkonini beradi. ENUM texnologiyasini qo‘llash telefon tarmog‘i operatorlari va o‘zining ma’lumot uzatish tarmog‘iga ega bo‘lgan operatorlar o‘rtasida o‘zaro faoliyat yuritilishini ta’minlaydi.

Xulosa qilib aytganda, ENUM texnologiyasini qo‘llagan holda «Yagona raqam» konvergent xizmatini tashkil etish, bu xizmatning keng ishlatiladigan aloqa tarmoqlari — UFTT va ma’lumot uzatish tarmoqlari foydalanuvchilari o‘rtasidagi muloqot uchun har tomonlama qulay bo‘lishiga asos bo‘ladi. Ommaviy ENUM texnologiyasining qo‘llanilishi bu xizmatni butun jahon bo‘ylab taqdim etishni ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasining yetakchi aloqa operatorlari o‘rtasida kelishuvlarni amalga oshirib, Operator ENUM texnologiyasini qo‘llash, bu xizmatni milliy miqyosda taqdim etish imkonini beradi. O‘zbekiston Respublikasi hududida «Yagona raqam» xizmati va ENUM texnologiyasiga asoslangan boshqa foydali xizmatlarni muvaffaqiyatli joriy etish uchun O‘zbekiston Respublikasi aloqa va axborotlashtirish agentligi tomonidan XTI’ga ENUM raqamini va unga mos DNS manzil muhitini ajratish yuzasidan talabnoma yuborishi va ijobiy yechimni qo‘lga kiritishi kerak.

Bundan tashqari, ENUM texnologiyasiga asoslangan «Yagona raqam» xizmatini tatbiq etish jarayonida mavjud aloqa operatorlari o‘zaro faoliyatida yuzaga keladigan turli nizolarni bartaraf etish uchun joriy normativ-huquqiy aktlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish lozim.

Maqolada: ITU-T Q.1702Long-term vision of network aspects for systems beyond IMT-2000, ITU-T E.417 Framework for the network management of IP-based networks, Faltstrom, P., «E.164 number and DNS», RFC 2916, September 2000, ITU-T Q.1761. Principles and requirements for convergence of fixed and existing IMT-2000 systems, RFC 2396 Uniform Resource Identifiers (URI): Generic Syntaxdan foydalanildi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq