Ziyo maskanlari va ilg‘or texnologiyalar

Mamlakatimizda barkamol avlodni voyaga yetkazish, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning puxta bilim olishi uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratish, axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini davr talabi asosida yo‘lga qo‘yish yuzasidan olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar o‘zining yuksak samaralarini bermoqda.

“Ma’rifat markazi”da bo‘lib o‘tgan “Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida”gi qonun normalarini amalga oshirishning dolzarb vazifalariga bag‘ishlangan seminarda bu alohida qayd etildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur seminarda deputatlar, tegishli vazirlik va idoralar, agentliklar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlardagi axborot-kutubxona markazlarining mutaxassislari, ma’naviyat targ‘ibotchilari, oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori A.Umarov, Aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktori H.Muhiddinov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari I.Abdullayev va boshqalar XXI asr talablariga to‘liq javob beridagan, yuksak ma’naviyatli, yuqori ijodiy-intellektual salohiyatli shaxslarni kamolga yetkazish, real iqtisodiyotning barcha jabhalari uchun puxta bilim va malakaga ega bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan olib borilayotgan izchil islohotlarning ustuvor yo‘nalishi ekanini ta’kidladi.

Bu jarayonda axborot-kutubxona muassasalari ishini tubdan takomillashtirish, ularda ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish muhim ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2011-yil 13-aprelda qabul qilingan “Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida”gi qonun ziyo maskanlari ishini isloh etish, ularni davr talabi asosida yo‘lga qo‘yishda muhim omil bo‘lmoqda.

Muhtasham “Ma’rifat maskani”da joylashgan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi faoliyati tubdan takomillashmoqda. Boy kitob fondiga ega ushbu maskanda eng zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal joriy etilayotir. Bu yerdagi nodir asarlar saqlanadigan kitoblar muzeyi, o‘ndan ortiq o‘quv zallari, media markaz, virtual ma’lumotlar xizmati zarur adabiyotlardan foydalanishda keng qulayliklar yaratmoqda. Ayni paytda nodir adabiyotlar, kitobxonlar tomonidan ehtiyoj katta bo‘lgan ma’rifiy nashrlarni raqamlashtirish, elektron katalog yaratish, kutubxona ishini to‘liq avtomatlashtirish, axborot-kutubxona muassasalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish va mustahkamlash, bu jarayonga bilim dargohlaridagi axborot-resurs markazlarini ham keng jalb etish doimiy e’tiborda.

– Ziyo maskanimizda ikki yuz ming nomdan ortiq adabiyotlar saqlanadi, – deydi Navoiy shahridagi viloyat axborot-kutubxona markazi bo‘lim mudiri Mavjuda G‘afurova. – Ularning elektron kataloglarini yaratish, kitoblarni raqamlashtirish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan barpo etilgan “Ma’rifat markazi” kitobxonlar, yoshlar, butun xalqimiz uchun chinakam tuhfadir. Bunday ko‘rkam va zamonaviy inshootlar barchamiz, ayniqsa, ma’naviyat sohasi fidoyilarini yangicha g‘ayrat, kuch va tafakkur, alohida mas’uliyat bilan ishlashga undaydi.

Seminarda O‘zbekiston Milliy kutubxonasida joriy etilgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining yangi funksional imkoniyatlaridan foydalanish, uning mamlakatimizdagi axborot-kutubxona muassasalari bilan hamkorligi, yig‘ma elektron kataloglarni yaratish va rivojlantirish texnologiyasi masalalariga oid ma’ruzalar tinglandi.

Orphus system