Zamonaviy bilim maskani

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda zamon talablariga javob beradigan, bozor iqtisodiyoti shart-sharoitlarida muvaffaqiyatli ishlay oladigan, raqobatbardosh mutaxassis-kadrlar tayyorlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Farg‘ona viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan besh oliy o‘quv yurtida 22 mingdan ortiq yigit-qiz o‘qimoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga binoan tashkil etilgan Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Farg‘ona filialida mingdan ziyod yoshlar to‘rt yo‘nalish bo‘yicha tahsil olmoqda. Filialda magistratura, kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘limlari ham faoliyat ko‘rsatayotir.

– 2009 yili filialimizning yangi binosi qurilib, foydalanishga topshirildi, – deydi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Farg‘ona filiali direktori vazifasini bajaruvchi Fazliddin Polvonov. – Filialda aloqa va axborotlashtirish sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Elektron doskalar bilan jihozlangan, internet tarmog‘iga ulanish tizimlari o‘rnatilgan o‘quv xonalarimizda xorijiy mamlakatlarning nufuzli ilmiy markazlari va universitetlarida ishlab tajriba orttirgan professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlarning ma’ruzalari bilan tanishish, ular o‘tkazadigan amaliy mashg‘ulotlarda qatnashish mumkin. Shuningdek, axborot-resurs markazi, sport maydoni va zali ham talabalar ixtiyoriga berilgan.

Ta’lim muassasasida masofaviy ta’limni yo‘lga qo‘yish maqsadida o‘tgan yilning yanvar oyida “Huawei Tech Investment Tashkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan videokonferensiya aloqa terminali o‘rnatildi. Bu qurilma yordamida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallari professor-o‘qituvchilarining ma’ruzalarini tinglash, unda filial talabalarining virtual tarzda ishtirok etishini ta’minlash, amaliy mashg‘ulotlarni birgalikda bajarish, ilmiy-amaliy konferensiya, seminar, treninglar, virtual ko‘rgazmalarni hamkorlikda o‘tkazish mumkin. Ayni vaqtda filial professor-o‘qituvchilari va talabalari VPN tarmog‘i orqali xohlagan axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatiga ega. Bunday zamonaviy pedagogik texnologiyalarning amaliyotga keng joriy etilayotgani talabalarning jahon ta’lim standartlari asosida tahsil olishiga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunning asosiy talablaridan biri har bir ishga tashabbuskorlik bilan yondashishdir. Bu avvalo ilmiy tadqiqot ishlariga, innovatsion loyihalar sohasidagi izlanishlarga tegishli, albatta. Filialda mazkur yo‘nalishda ham salmoqli ishlar olib borilmoqda. Professor-o‘qituvchilar va talabalar hamkorligida ishlab chiqilayotgan innovatsion loyihalar ko‘paymoqda. O‘tgan yili Asilbek Murotaliyev, Feruz Rahimov, Islom Qodirov kabi iste’dodli talabalar “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” va “Mehr nuri” jamg‘armalarining ta’lim grantlari hamda stipendiyalar dasturi g‘oliblari bo‘ldi. Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Best soft Uzbekistan – 2011” ko‘rgazmasida ham filialda tahsil olayotgan 9 nafar talaba 7 nomdagi dasturiy ta’minot bilan ishtirok etdi.

– Mazkur ko‘rgazmada o‘zim yaratgan “Zaif ko‘ruvchi va zaif eshituvchi o‘quvchilar uchun surdo tarjimasi” dasturi bilan qatnashdim, – deydi Dilnoza Hakimova. – Dasturim mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi. Ijodiy ishimga berilgan bunday e’tibor va rag‘bat meni yanada faollikka undamoqda.

Filial axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha malaka oshirish va kadrlarni qayta tayyorlash borasida Farg‘ona vodiysida yagona ilmiy-uslubiy markaz hisoblanadi. Bu yerda “O‘zbekiston pochtasi” ochiq aksiyadorlik jamiyati Farg‘ona, Andijon va Namangan filiallarining tuman va shahar pochta aloqa tarmoqlari bo‘lim boshliqlari va operatorlari uchun kompyuter texnologiyalari va ulardan foydalanish bo‘yicha malaka oshirish kurslari tashkil etilgan. Shu bilan birga, aholi turli qatlamlarining kompyuter savodxonligini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yili yozgi ta’til chog‘ida “Bunyodkor – 2011” mehnat otradlarida ishtirok etgan talaba-yoshlar yordamida Namangan, Andijon, Farg‘ona viloyatlarining shahar va tumanlarida yashovchi ikki mingdan ortiq fuqaroning bu boradagi bilim va ko‘nikmalari oshirildi.

Orphus system