Shimoliy-sharqiy yevropa mintaqasi dasturlash bo‘yicha jahon chempionatining yarim final musobaqasi

2011-yil 26-27 noyabr kunlari Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Shimoliy-sharqiy Yevropa mintaqasi bo‘yicha talabalar o‘rtasidagi Dasturlash bo‘yicha jahon chempionatining yarim final bosqichi musobaqalari o‘tkaziladi. Ushbu musobaqalar muntazam bo‘lib, har yili kuz faslida o‘tkazilib kelinadi.

Respublikamizda bu musobaqalar to‘qqizinchi marotaba o‘tkazilmoqda. Musobaqa parallel ravishda, Sankt-Peterburg, Barnaul, Toshkent va Tbilisi shaharlarida o‘tkazildi. Ushbu musobaqada Toshkent shahrida O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikalaridan jami 40 dan ortiq jamoa (120 nafardan ortiq ishtirokchi) qatnashdi.

Musobaqa tashkilotchilari: O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda jalb qilingan homiylar, qiziqish bildirgan tashkilotlar, jismoniy va yuridik shaxslardan iborat bo‘ldi.

Chempionat haqida
Oliy ta’lim muassasalarining tanlangan jamoalari o‘rtasidagi dasturlash bo‘yicha talabalarning jamoaviy jahon chempionati (ICPC — International Collegiate Programming Contest) 1977-yildan buyon kompyuter olamida yuqori mavqega ega bo‘lgan ASM — Association for Computing Machinery xalqaro tashkiloti tomonidan o‘tkazilib kelinadi. Ushbu musobaqalar jahon kompyuter olamida eng mavqeli yosh dasturchilarning intellektual bellashuvi musobaqalaridan bo‘lib hisoblanadi.

Musobaqalar yetakchi kompyuter firmalari tomonidan o‘zlarini malakali kadrlar bilan to‘ldiruvchi manba sifatida qaraladi va an’anaviy tarzda yirik kompyuter korporatsiyalari tomonidan qo‘llab-quvvatlanib kelinmoqda. Keyingi yillarda ushbu jahon chempionati yanada ommaviy bo‘lib, tanilib bormoqda.

Dasturlash bo‘yicha jahon chempionati 3 bosqich: chorak final, yarim final va finaldan iborat. Musobaqa qoidalariga muvofiq, oliy ta’lim muassasasining 3 nafar talabadan iborat jamoasiga 1ta kompyuter, masalalarning murakkablik darajasiga va soniga qarab, 5 soat vaqt ajratiladi. Ushbu berilgan vaqtda har bir jamoa 10 tadan 12 tagacha ingliz tilidagi masalani yechishi kerak. Masalaning yechimi sifatida ruxsat etilgan dasturlash tillarining birida yozilgan, hajmi 256 Kbaytgacha bo‘lgan dastur tushuniladi. Qatnashchilarga lug‘atlardan (inglizcha-o‘zbekcha, inglizcha-ruscha so‘zlar to‘plamidan), oq qog‘oz varaqlaridan va turli yozuv qurollaridan foydalanishga ruxsat beriladi.

Musobaqa vaqtida kitoblardan, elektron lug‘atlardan, qo‘llanmalardan, tayyor dasturlar kodlaridan, shaxsiy kompyuterdan, mobil telefondan va boshqa telekommunikatsiya qurilmalaridan foydalanish taqiqlanadi. Yarim final musobaqalari natijalaridan kelib chiqib, final musobaqalari tashkil etiladi.

Musobaqa shartiga muvofiq, Shimoliy-sharqiy Yevropa davlatlari mintaqasi bo‘yicha ya’ni Sankt-Peterburg, Barnaul, Toshkent va Tbilisi shaharlarida parallel ravishda, sinxron bo‘lib o‘tgan musobaqa umumiy reytingidan 12 ta jamoa final bosqichiga yo‘l oladilar. Musobaqaning navbatdagi final bosqichi 2012-yil 14-18 may kunlari Polshaning Varshava shahrida o‘tkaziladi.

Manba: www.tuit.uz

Orphus system