Erkin va farovon hayotimizning huquqiy kafolati

“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 7 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning o‘n to‘qqiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda davlat va jamoat arboblari, fan, madaniyat va san’at namoyandalari, poytaxt jamoatchiligi, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlarning elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishni Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi R.Usmonov ochdi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangraydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tantanali yig‘ilishda ma’ruza qildi.

Davlatimiz rahbari yurtimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar Konstitutsiyamizdagi tamoyillar va qoidalarning amaldagi ifodasi ekanini alohida ta’kidladi. Biz tanlagan yo‘l – bugun xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan taraqqiyotning “o‘zbek modeli”ni bosqichma-bosqich amalga oshirish jarayonida erishayotgan barcha yutuqlarimiz, hayotimizga yangicha mazmun bag‘ishlayotgan islohotlar Konstitutsiyamiz qoidalariga to‘la mosdir.

Bu yil Vatanimiz mustaqilligining yigirma yilligini keng nishonladik. Xalqimiz istiqlol yillarida erishayotgan betimsol yutuqlarda Prezidentimiz Islom Karimov rahbarligida ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan tamoyillar mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Zero, Bosh qomusimiz o‘zining mazmun-mohiyati bilan insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etish, inson huquqlari ustuvorligini, tinchlik va totuvlikni ta’minlash kabi yuksak maqsadlarga erishishning muhim kafolatidir.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2011 yil – Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili deb e’lon qilingan edi. Bu borada maxsus davlat dasturi ishlab chiqilib, izchil amalga oshirilmoqda.

Mazkur dastur asosida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, qulay biznes muhitni yaratish, jamiyatimizda xususiy mulk ahamiyatini tubdan oshirish, iqtisodiyotda davlatning aralashuvini kamaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar bajarildi. Tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilishning huquqiy asoslari takomillashtirildi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bugun mamlakatimiz iqtisodiyoti tayanchi, xalqimiz farovonligining muhim kafolatiga aylandi. Ichki bozorni raqobatbardosh va sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini ko‘paytirishda mazkur sohaning o‘rni va ahamiyati kundan-kunga oshib borayotgani bunga misoldir.

Prezidentimiz Islom Karimov kirib kelayotgan yangi – 2012 yilni mamlakatimizda “Mustahkam oila yili” deb e’lon qilishni taklif etdi. Davlatimiz rahbarining bu taklifi yig‘ilganlar tomonidan gulduros qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatlandi.

Tantanali marosim san’at ustalari va yosh ijrochilarning bayram konserti bilan yakunlandi.

Orphus system