Aloqa va axborotlashtirish sohasi xodimlari davlat mukofotlari bilan taqdirlandilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 25 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish va islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishdagi katta xizmatlari, ko‘p yillik samarali mehnati uchun turli sohalar vakillari qatorida aloqa va axborotlashtirish sohasining bir guruh xodimlari ham davlat mukofotlari bilan taqdirlandilar.

Aloqa sohasini rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi, ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining “Toshkent shahar telefon tarmog‘i” filiali direktori Abdumo‘minov Abdurashid Abduaxadovich hamda “Uzinfocom” kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Djurayev Ibroxim Djurayevichga «O’zbekiston Respublikasi aloqa sohasida xizmat ko’rsatgan xodim» faxriy unvoni berildi.

Samarali mehnati va erishayotgan yutuqlari bilan mamlakatimizning mustaqilligini mustahkamlash hamda iqtisodiy qudratini oshirishga, shaxsiy ibrati bilan xalqimizni, ayniqsa, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga qo‘shgan ulkan hissasi, mehnatsevarligi, vatanparvarligi, jamoat ishlaridagi faolligi bilan umumxalq izzat-hurmatiga sazovor bo‘lganligi uchun Kattaqo‘rg‘on tumani telekommunikatsiyalar bog‘lamasining payvandlovchisi Pardayev Akbarali Malikovich hamda Qo‘shko‘pir tumani telekommunikatsiyalar bog‘lamasining muhandisi Raximov Allabergan Abdullayevichlar «Shuhrat» medali bilan mukofotlanishdi.

Orphus system