Aks-sadosiz ekranlangan kamera bilan jihozlangan sinov markazi ochildi

Bugun poytaxtimizda “Unicon.uz” DUKning Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan “3MCHA” rusumli aks-sadosiz ekranlangan kamera bilan jihozlangan labaratoriyalar majmuasidan iborat sinov markazi ochildi.

1_23_08_2011

Tantanali marosimda mamlakatimiz vazirlik va idoralari, kompaniya va tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi. O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktori H.Muhitdinov tadbir ishtirokchilarini qutlar ekan, mustaqillik bayrami arafasida mamlakatimiz yuksalishiga xizmat qiluvchi yangi binolar, obyektlar, inshootlarni ishga tushirish, bayramni ko‘tarinki ruhda kutib olish xalqimizning yaxshi an’analaridan biriga aylangani, qutlug‘ sana arafasida yana bir inshoot – ajoyib sinov-laboratoriya markazining ochilishi quvonchli hol ekanini ta’kidlab, kelajakda ushbu kompleks mamlakatimiz taraqqiyoti uchun xizmat qiladi, deya ezgu tilaklarini bildirdi.

1_23_08_2011_1

Shundan so‘ng, markazning ochilish tantanasi uchun tayyorlab qo‘yilgan tasmalar kesilib, ishtirokchilar labaratoriyalarda o‘rnatilgan o‘lchov uskunalari bilan tanishishga taklif etildi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda mobil aloqa, yuqori tezlikdagi WiMAX, Wi-Fi simsiz ma’lumot uzatish texnologiyalari, televideniye va radioeshittirish sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etish jadallik bilan rivojlanmoqda. Ushbu taraqqiyot aholimizga zamonaviy mobil xizmatlar, tezkor internet hamda interaktiv televideniye imkoniyatlaridan foydalanish kabi qator qulayliklar yaratishi bilan bir qatorda elektromagnit moslashuvi masalalari bo‘yicha ayrim muammolarni yuzaga keltiradi. Bu muammo shundan iboratki, komputerlar va elektromagnit energiyani ishlatuvchi turli radioelektron qurilmalar, simsiz ma’lumotlarni uzatish vositalarining ko‘payishi natijasida mazkur qurilmalarning bir-biriga xalaqit berishi, radiochastota resurslari tanqisligi hosil bo‘lishi mumkin.

1_23_08_2011_2

Shu yo‘nalishdagi muammolarni yechish maqsadida jahon andozalariga mos ravishda ilmiy tadqiqot va tekshiruvlar o‘tkazish imkonini beruvchi aks-sadosiz kamera bilan jihozlangan mazkur sinov laboratoriya kompleksi tashkil etildi.

Aks-sadosiz ekranlangan kamera (AEK) radioelektron va elektronik vositalarni elektromagnit moslashuvga sinash uchun mo‘ljallangan kompleks tizimlarning tarkibiy qismi hisoblanadi. Aks-sadosiz bo‘lishi uchun kamera elektromagnit to‘lqinlarni yutuvchi maxsus qatlam bilan qoplangan. Sinov jarayonini tezlashtirish va to‘liq avtomatlashtirish maqsadida kamerada aylanuvchi platforma, balandligi avtomatik o‘zgartiriluvchi antenna machtasi o‘rnatilgan, shuningdek, o‘lchash jarayoni videokuzatish va nazorat qilish tizimi bilan jihozlangan.

AEK ichida tashqi xalaqitlar ta’siridan holi bo‘lgan muhit hosil qilinadi va buning natijasida xalqaro hamda davlat standartlari talablariga muvofiq yuqori aniqlikdagi o‘lchashlar amalga oshirilishi ta’minlanadi.

Sinov kompleksining imkoniyatlari quyidagi texnik vositalarning davlat va xalqaro standartlarga muvofiqligini sinash bo‘yicha barcha xizmatlari ko‘rsatish imkonini beradi:
— Telekommunikatsion uskunalar;
— elektrotexnik uskunalar;
— axborot texnologiyalari uskunalari;
— tibbiyot uskunalari;
— maishiy texnika;
— antenna tizimlari va hokazo.

AEKda yaratilgan sharoitlar elektromagnit moslashuv sohasida o‘lchashlar va ilmiy-tadqiqot ishlarining yuqori darajadagi aniqligini, kvalifikatsion, davriy, konstruktorlik, namunaviy va boshqa turdagi ishlab chiqarish sinovlarining yuqori sifatda tashkil etilishini kafolatlaydi.

Orphus system