“Bilayn” tashqi Internet-kanal o‘tkazuvchanligini 60% ga oshirdi
18.08.2011
Rukn: Mobil aloqa, Yangiliklar.
Muallif: Jurnal tahririyati.
Yagona aloqa operatori “Bilayn” (“Unitel” MCHJ va “Buzton” QK) yana bir bor Tashqi Internet-kanal o‘tkazuvchanligini oshirdi. Yangi o‘quv yili arafasida “Bilayn”da foydalanilayotgan xalqaro Internet-kanal sig‘imi 1,6 marotaba kengaytirildi.
Mazkur voqeani sharhlar ekan, “Unitel”ning Jamoatchiik bilan aloqalar xizmati katta menejeri Oraz Abdurazakov shunday dedi: “Bilayn” telekommunikatsion soha yetakchilaridan biri bo‘lgan holda mamlakatni tez orada internetlashtirishga intilmoqda va biz kecha ushbu yo‘nalishda muhim qadam qo‘ydik deya olamiz. Kompaniyaning texnik potensialining o‘sishi, shubhasiz, ham xizmatlar sifatiga, ham marketing taklifimizga ta’sir qiladi. Kanalni kengaytirish ishlari butun mamlakat bo‘ylab keng miqyosda “Bilayn” 3G tarmoqlarini tashkil qilishning navbatdagi bosqichi bilan to‘g‘ri kelganligidan xursandmiz.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Toshkentdagi IKT-sammit jarayonida xalqaro axborot tizimlaridan foydalanishning umumiy tezligini yanada oshirish rejalari tilga olingan edi. 2011 yil avgust holatiga ushbu ko‘rsatkich 3750 Mbit/s ni ko‘rsatishi kerak.
Manba: Kompaniya matbuot-ma’lumotnomasi