O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarining rivojlanish holati va istiqbollari
10.08.2011
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Bugun poytaxtimizdagi Aloqa tarixi muzeyida shu mavzuda brifing o‘tkazildi. Mavzu yuzasidan O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari A.Ishanxodjayev, “O‘zbektelekom” AK bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Q.Yuldashev, “O‘zdunrobita” QK departament boshlig‘i B.Nazarzodalar ma’ruza qilishdi.

Ma’ruzalarda ta’kidlanishicha, mamlakatimizda telekommunikatsiya tarmoqlarini yanada yuksaltirish va modernizatsiya qilish borasida qator istiqbolli loyihalar amaliyotga tatbiq etilmoqda. Natijada aloqa infratuzilmasi jadal suratlarda taraqqiy topmoqda. Respublikaning tuman markazlari darajasigacha analog rusumdagi ma’nan eskirgan telefon stansiyalari zamonaviy, raqamli telefon stansiyalariga almashtirildi. Optik tolali aloqa liniyalari asosida yuqori tezlikdagi raqamli kanallar tashkil etilgan bo‘lib, tarmoqni kengaytirish va ishonchliligini yanada oshirish bo‘yicha ishlar olib borilapti. Yaratilgan infratuzilma simsiz texnologiyalar, jumladan, mobil aloqaning keskin rivojlanishiga asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Bugungi kunda mahalliy telekommunikatsiya tarmog‘i 2,0 mln. dan ortiq raqamlar sig‘imi bilan 2 mingdan ortiq ATSga ega, ularning 93,9 foizi raqamlashtirilgan.

555555

Mahalliy telekommunikatsiya tarmog‘ini raqamlashtirish elektraloqa tarmoqlari faoliyati sifatini oshirib, tarmoq abonentlariga yangi xizmat turlarini taqdim etishni ta’minladi hamda keng foydalanuvchilar doirasiga internet tarmog‘iga yuqori tezlikda kommutatsiyali ulanishni tashkil etishga imkon berdi.

Joriy yilning 2 iyulidan provayderlar uchun internet-xizmatlari tariflari 1 Mbit/s. uchun 688 AQSh dollarigacha pasaytirildi va kelgusida yana pasaytirib borilishi belgilangan.

Xalqaro internet tarmoqlariga chiqish tezligini 4 barobarga, ya’ni 10 Gbit/s. gacha oshirish imkoniyati yaratildi. Bugungi kunda internet kanallarining umumiy sig‘imi 12,3 foizga, qo‘shimcha 465 Mbit/s.ga oshirilib, 2 975 Mbit/s.ni tashkil etmoqda. Rejaga muvofiq, avgust oyida tezlik 3750 Mbit/c.ga yetkaziladi.

Bugungi kunga kelib mamlakatimizda internetdan foydalanuvchilar soni 7,7 mln.ga yetdi. Shu jumladan, mobil aloqa operatorlari orqali internet xizmatlaridan 4,27 mln. nafar abonent foydalanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yilda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yakunlariga va 2011 yilga mo‘ljallangan eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisida Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan zamonaviy keng formatli va optik texnologiyalarni tatbiq etish asosida telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish va modernizatsiyalash yuzasidan qo‘yilgan vazifalarni bajarish doirasida 2011 yilda qurilishi belgilangan 950 km uzunlikdagi optik aloqa liniyalaridan shu kunga qadar 432,45 kilometri qurib bitkazildi.

2011 yili «Elektron ta’lim» milliy tarmog‘ini qurishning birinchi bosqichini tugallash va respublikaning 79ta oliy ta’lim muassasasini va keyinchalik barcha oliy ta’lim muassasalari hamda akademik litseylar, kasb-hunar kollejlarini yagona komputer axborot tarmog‘iga ulashni ta’minlash rejalashtirilgan. Brifing ishtirokchilarining ta’kidlashlaricha, ushbu loyihaning birinchi bosqichi yangi o‘quv yili boshlanishi bilan ishga tushiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yilligi munosabati bilan «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi 2011 yilning oxirigacha butun mamlakat bo‘ylab «yagona oyna» tamoyili bo‘yicha 50ta brendlashtirilgan abonent punktlarini jihozlashni amalga oshiradi. Ushbu punktlarda kompaniya abonentlari telefon aloqasi, internet-xizmatlaridan tortib, to CDMA-450 standartida mobil aloqa xizmatlarigacha butun xizmatlar to‘plamini olishlari mumkin bo‘ladi. 1 sentabrga qadar Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida «yagona oyna» tamoyili bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi 26ta abonent punktlari ochiladi.

Yaqin vaqtda «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasining UZONLINE loyihasi asosida mijozlar va kichik biznes subyektlariga internet tarmog‘iga keng formatli ulanish bo‘yicha yanada arzon tariflar taklif etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Brifingda ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq