Aloqa va axborotlashtirish sohasida 2011 yil birinchi yarim yillik yakunlari sarhisob qilindi

Shu yilning 27 iyul kuni O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi majlislar zalida O‘zAAA Hay’atining yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda 2011 yil birinchi yarim yilligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish yakunlari ko‘rib chiqildi.

Hay’at ishida Agentlikning bo‘limlari va hududiy boshqarmalari, aloqa va axborotlashtirish sohasidagi aksiyadorlik kompaniyalari, korxona va tashkilotlari rahbarlari ishtirok etishdi. Agentlik tizimiga kiruvchi hududiy korxonalar vakillarining ishtiroki videokonferensaloqa yordamida amalga oshirildi. Barcha viloyat va tuman markazlari audioselektor aloqasi vositasida ulandi.

dsc09366

Majlisni O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Bosh direktori, Hay’at raisi H.Muhitdinov boshqardi.

Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, hisobot davri davomida aloqa va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi korxonalari tomonidan 1100,0 mlrd.so‘mlik xizmatlar ko‘rsatildi (o‘tgan yilga nisbatan o‘sish sur’ati – 20,1 foiz), shu jumladan, aholiga aloqa xizmatlari ko‘rsatish 715,1 mlrd. so‘mni tashkil etdi. O‘tgan yil bilan solishtirganda o‘sish sur’ati 20,5 foizga oshdi.

2011 yil investitsiya dasturiga muvofiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilingan xorijiy sarmoyalar hamda kreditlar o‘zlashtirish rejasi 4,7 barobarga bajarildi.

Hozirgi kunda “O‘zbekiston pochtasi” OAJda an’anaviy pochta aloqasi xizmatlarini taqdim etish bilan birga, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida xizmatlarning yangi turlarini ko‘rsatish yuzasidan qator ishlar olib borilmoqda. Shu maqsadda o‘tgan vaqt davomida 625ta pochta aloqasi obyekti komputerlashtirildi. Pochta aloqasi obyektlarida 1009 ish o‘rni avtomatlashtirildi. Avtomatlashtirilgan 841 ish o‘rnida elektron pul jo‘natmalari xizmati ko‘rsatilmoqda.

Tadbir ishtirokchilarining alohida e’tibori O‘zbekiston telekommunikatsiyalar sohasining muhim yo‘nalishlaridan biri – Internet tarmog‘i rivojiga qaratildi. 2011 yil 1 yarim yil yakuniga ko‘ra, ma’lumotlar uzatish, jumladan Internet tarmog‘iga ulanish xizmatini ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar soni – 917ta, jamoa punktlarining soni esa 993tani tashkil etdi.

Internetdan foydalanuvchilar soni 7,7 mln.ni tashkil etdi. Jumladan, mobil aloqa operatorlari Internet xizmatlaridan 4,27 mln. nafar abonent foydalanishmoqda. UZ hududida ro‘yxatga olingan domenlar soni shu kunga kelib qariyb 12500taga yetgan.

2011 yilda qurilishi belgilangan 950 km uzunlikdagi optik aloqa liniyalaridan 432,45 kilometri qurib bitkazildi. Bu xalqaro Internet tarmoqlariga chiqish tezligini 4 barobarga, ya’ni 10 Gbits. gacha oshirish imkoniyatini yaratdi. Bugungi kunda Internet kanallarining umumiy sig‘imi 12,3 foizga, qo‘shimcha 465 Mbits.ga oshirilib, 2 975 Mbits.ni tashkil etmoqda.

Respublika telekommunikatsiya tarmoqlarida magistral hamda zonaichi telekommunikatsiya tarmoqlarining ishonchliligi va barqarorligini ta’minlash, iste’molchilar talablari asosida tarmoqni optimallashtirish, xizmatlar ko‘rsatish sifatini yaxshilash hamda tarmoq boshqaruvini yanada takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Yig‘ilishda elektron hujjat aylanishi tizimi va uni amaliyotga tatbiq etish, dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmi va ularni eksportini rivojlantirishga oid yo‘nalishlar sarhisobiga to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, elektron raqamli imzo kalitlarining ro‘yxatga olish markazlarining soni 9taga yetkazilgan. Bugungi kunda ERI kalitlarining umumiy soni 148952 tani tashkil etadi. Tashkil etilgan o‘quv kurslarida olti oy ichida 256 nafar dasturchi tayyorlandi.

Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 23 avgustdagi 181-son qaroriga muvofiq, davlat interaktiv xizmatlari 94tani tashkil etadi. Tasdiqlangan bazaviy interaktiv xizmatlari asosida on-layn tartibida 384 turdagi xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga muvofiq, 10900ta o‘quv muassasasi (maktab, akademik litseylar, kollejlar, oliy o‘quv yurtlari) «ZiyoNET» tarmog‘iga ulangan.

2011 yilning 1 yarim yili mobaynida AKMlar fondi 6718 nusxadagi adabiyotga oshdi hamda ularning umumiy fondi 4.940.188 nusxani tashkil etdi. Ushbu davrda AKMlar tomonidan elektron katalogga 78 567 hujjatlarning bibliografik yozuvi kiritilgan va ayni kunda jami 543 349 hujjatlarning bibliografik yozuvi mavjud.

Majlisda aloqa va axborotlashtirish sohasi korxona va tashkilotlari tomonidan “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan vazifalarning borishi ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga muvofiq sohaning jadal rivoji bo‘yicha kelgusi vazifalar ichimi hamda davlat dasturlari bajarilishida soha korxonalari rahbarlarining mas’ulligiga alohida urg‘u berildi.

Hay’at qatnashchilari aloqa va axborotlashtirish agentligi korxonalari ishlanmalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanishish imkoniga ega bo‘lishdi. Buning uchun agentlik foyesida stendlar tashkil etilib, unda aloqa va axborotlashtirish agentligi korxonalari tomonidan 2011 yilning olti oyi ichida amalga oshirilgan ishlar namoyish etildi.

dsc09370

Majlis ishida joriy yilda aloqa va axborotlashtirish sohasining asosiy vazifalari ham keng muhokama etildi, jumladan O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi korxonalari mamlakatimiz mustaqilligining 20-yilligiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotgani e’tirof etildi. Ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab, turli telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatiladigan operatorlik punktlari foydalanishga topshiriladi. Bundan tashqari, mazkur tantanaga bag‘ishlab markalar turkumi chop etiladi.

Yil yakuniga qadar O‘zAAA quyidagi ishlarni amalga oshirishni rejalashtirgan:
— ilmiy tadqiqotlar, yangi innovatsiya loyihalarini ishlab chiqish, talabalarni ilmiy-tadqiqot ishlariga keng jalb qilish, ilmiy-tadqiqot ishlarini ishlab chiqarish jarayonlari bilan integratsiyalash ishlarini jadallashtirish;
— soha korxonalari va sohadagi litsey, kasb-hunar kollejlari va boshqa o‘quv muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish;
— soha ta’lim muassasalarida zamonaviy texnologiyalarning rivojlanish tendensiyalarini hisobga olgan holda o‘quv jarayonini takomillashtirish, moddiy-texnik bazasini bosqichma-bosqich mustahkamlash;
— O‘quv jarayonini ishlab chiqarish bilan yaqinlashtirish, yoshlarni zamoanaviy qurilmalarda ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish, yosh mutaxassislarni ishlab chiqarishda ko‘nikmalarga ega bo‘lish jarayonini tezlashtirish imkoniyatlarini yaratish.

Hay’atda ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Orphus system