Bino Servis «Bino Servis» xizmat ko‘rsatadi

Hayot shiddat bilan davom etmoqda. Korxona va tashkilotlarda olib borilayotgan ishlar ham shunga mos ravishda rivoj topyapti. Bu rivojlanish, bu shiddat aloqa sohasi korxona va tashkilotlarida, ayniqsa, kuchli va keng miqyosli. Aholining aloqa xizmatiga ehtiyoj va talablari tobora ortib boryotganligi sohada mehnat qiluvchilarning ish sharoitlarini yanada yaxshilashni ham talab etmoqdaki, bu masala soha rahbarlarining doimiy diqqat-e’tiborida turibdi.

bin_15_07_2011

“O‘zbektelekom” AK tarkibida yangi “Bino Servis” filialining tashkil etilishi ham ana shu e’tibor natijasidir. Muxbirimiz mazkur filial direktori Asadjon Tog‘ayev bilan olib borilayotgan ishlar, maqsad va vazifalar haqida suhbatlashdi.

— Asad Nasrullayevich, avvalo, filialni tashkil etishdan qaysi maqsadlar ko‘zda tutilganligi haqida gapirib bersangiz.

— “O‘zbektelekom” AK bosh direktorining 2010 yil 18 noyabrdagi 384-buyrug‘i asosida tashkil etilgan “Bino Servis” filiali oldida kompaniya balansidagi binolar ekspluatatsiyasini tartibga solish, ularning sanitariya-gigiyenik va ekologik holatini nazorat qilish, energetik resurslar ta’minotini amaldagi me’yoriy hujjatlar talablariga rioya etilishini ta’minlashdek maqsadlar turibdi. Bu ishlarni amalga oshirish qirq nafarga yaqin xodimlar zimmasiga yuklatilgan.

— Xodimlarni ishga olishda qaysi jihatlarga ko‘proq e’tibor qaratildi?

— Albatta, bilim va tajribasiga. Bizning soha shundayki, agar bilimi va uquvi bo‘lmasa, o‘ziga topshirilgan vazifani uddalashi qiyin. Shuningdek, fidoyilik ham muhim fazilat. Zimmamizga yuklatilgan vazifani to‘liq bajarish uchun ham fidoyilik ko‘proq zarur deb o‘ylayman. Axir, kompaniya tasarrufidagi binolar bundan bir necha yillar oldin qurilgan. Ularni vaqtida ta’mirlab, eskirgan joylarini yangilab turmasa bo‘lmaydi. Qolaversa, bu binolarda ijarada turuvchi xodimlar uchun yetarli sharoit yaratib berish, faoliyatlari davomida paydo bo‘layotgan muammolar bo‘yicha ijarachilar manfaatlarini himoya qilish ham bizning zimmamizda.

— Filial xodimlari oldida yana qanday vazifalar turibdi?

— “O‘zbektelekom” AK balansidagi barcha ma’muriy binolardan foydalanishda yangi zamonaviy uskuna va vositalarni joriy etish, bu binolarda faoliyat yuritayotganlarga telekommunikatsiya va boshqa xizmat turlarini ko‘rsatish, energetik resurslar ta’minoti bo‘yicha tashkilotlar bilan o‘zaro to‘lovlarni amalga oshirish, kompaniya ijro apparatini zarur materiallar, uskunalar va jihozlar bilan ta’minlash, inshootlarni profilaktik ko‘rikdan o‘tkazish, muhandislik uskunalarini sozlash va texnik xizmat ko‘rsatish, binolar atrofini obodonlashtirish va sanitariya-gigiyenik holatini a’lo darajada saqlashdan iborat. Shuningdek, ogohlantirish nazorat tizimiga (yong‘in, suv toshqini va binoga ruxsatsiz kirish holatlarida) texnik xizmat ko‘rsatish, obyektlarni qo‘riqlash, kirish-chiqish tartibi va binoga kirishni nazorat qilish, umumiy foydalanish joylarini ta’mirlash va pardozlash, umumqurilish va ta’mirlash-montaj ishlarini olib borish ham bizning zimmamizga yuklatilgan.

— Bugungi kungacha qanday ishlar amalga oshirildi?

— O‘tgan yil noyabr oyidan shu yil boshigacha tashkiliy ishlarni amalga oshirdik. Joriy yil boshidan beri tasarrufimizdagi to‘rtta binoga kommunal xizmat ko‘rsatuvchi barcha tashkilotlar (elektr ta’minoti, issiq va sovuq suv, lift xizmati, SES) bilan yangi shartnomalar tuzildi. Binolardagi mavjud hisoblagichlarning yaroqliligi tegishli tashkilotlardan qayta ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ijarachilar bilan tuzilgan shartnomalar qayta ko‘rib chiqildi. Binolar atrofida obodonlashtirish-ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi. Yana bir nechta muhim loyihalarni bajarishga kirishganmiz. Rejalarimiz ko‘p, ularni to‘liq amalga oshirish o‘zimizga bog‘liq.

— Suhbatingiz uchun rahmat. Mas’uliyatli ishlaringizda muvaffaqiyat tilaymiz.

Muborak MIRKAMOLOVA suhbatlashdi

Manba: http://xabar.uz/uz/news/telecom/475/

Orphus system