Muvofiqlashtiruvchi kengash majlisi
29.06.2011
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: O‘zA.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining “O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktori H.Muhiddinovning “O‘zbekistonda dasturiy ta’minot industriyasini rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi axboroti haqida”gi 2011 yil 17 maydagi 289-II-son qaroriga binoan mamlakatimizda dasturiy ta’minot ishlab chiqarish industriyasini yanada rivojlantirish masalasi ko‘rib chiqildi.

Internet tarmog‘ida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan va chiqarilayotgan dasturiy mahsulotlarning hamda dasturiy ta’minotni ishlab chiquvchi kompaniyalarning va ularga bo‘lgan ehtiyojlarni yoritish maqsadida yaratilgan Software.uz portalining ish faoliyatini tashkillashtirish masalasi muhokama qilindi.

Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparatida, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarida yagona himoyalangan elektron pochta va elektron hujjat aylanishi tizimini joriy etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Jumladan, ta’lim jarayonida kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish tizimini joriy etish va uni isloh qilish maqsadida O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi tomonidan Xalq ta’limi vazirligi va O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan ishlar alohida e’tirof etilib, bu yo‘nalishda “O‘quvchining elektron kundaligi” va “O‘zbekistonda elektron kitob (Jet Book)lardan foydalanish” loyihalarini respublika miqyosida ta’lim sohasida samarali tatbiq etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, idoralararo “Tovarlarning bojxona ekspertizasi” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan hamkorlikda foydalanish, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan soliq va statistika organlariga davriy ravishda topshiriladigan hisobotlarni to‘liq elektron shaklga o‘tkazish borasida O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat statistika qo‘mitalarida amalga oshirilayotgan ishlar batafsil ko‘rib chiqildi.

Elektron raqamli imzoning ochiq kalitlari sertifikatlarini qo‘llash va haqiqiyligini e’tirof etish, uni takomillashtirish maqsadida “O‘zbekistonda elektron raqamli imzo infratuzilmasini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” loyihasi atroflicha muhokama qilindi.

Ko‘rilgan masalalar bo‘yicha mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlari tinglandi, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va takliflar berildi. Majlis natijalari yuzasidan Muvofiqlashtiruvchi kengashning tegishli qarori qabul qilindi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq