Optik transport tarmoqlar: izlanmalar qaysi yo‘nalishlarda bo‘lishi darkor?
29.04.2011
Rukn: Texnologiya.
Muallif: Abdulaziz Abdullayev, Bobur Abduxaliliv.

Bugungi kunda butun dunyoda, shu jumladan, O‘zbekistonda ham telekommunikatsiya sohasi bozori jadallik bilan rivojlanmoqda. Bu rivojlanishni tarmoqning barcha bo‘g‘inlarida kuzatish mumkin. Xususan, umumiy foydalanishdagi telefon tarmog‘ining kommutatsiya markazlari analogdan raqamliga o‘zgartirildi. Bu kommutatsiya markazlarida nafaqat an’anaviy kanallar kommutatsiyasi, balki zamonaviy paketlar kommutatsiyasini ham amalga oshirirsh mumkin.

Hozirgi davrda yuqori sifat va shovqingabardoshlilikni ta’minlovchi raqamli televideniyaga o‘tish ishlari qizg‘in pallada. Yaqindagina ko‘pchilikning orzusi bo‘lgan Internet global tarmog‘iga ulanish bugungi kunda xonadonlarda simli va simsiz usullar bilan amalga oshirilyapti. Mobil aloqa tizimlaridagi o‘zgarishlarni aytmasa ham bo‘ladi, lekin, e’tiborga molik eng katta o‘zgarish birlamchi transport tarmoqlarida kuzatilyapti deb aytish mumkin.

Shubhasiz, transport tarmoqlari telekommunikatsiya tarmoqlari ichida muhim o‘rin egallaydi. So‘nggi yillarda transport tarmoqlarida SDH va xWDM texnologiyalarini, uzatish muhiti sifatida optik tolali kabellarni qo‘llash natijasida aloqa olisligi, sifati, kanallar soni (o‘z navbatida, axborot uzatish tezligi), aloqa ishonchliligi va boshqa muhim xususiyatlarda ijobiy tomonga katta siljish kuzatildi.

Oxirgi paytda optik transport tarmog‘i termini sohada tez-tez uchray boshladi. Eng avvalo, chet el texnik adabiyotlariga tayangan holda bu terminga aniqlik kiritib o‘tamiz. Ingliz tilida yozilgan adabiyotlarda bu terminning Photonic Network, All-Optical Network, Open Transport Network, Full Optical Network kabi sinonimlari uchraydi, biroq shu o‘rinda, optik transport tarmoq (Optical Transpot Network — OTN) deganda ixtiyoriy optik tarmoqni emas, balki ma’lum qonuniyatlar asosida qurilgan va Xalqaro Elektr Aloqa Ittifoqi (XEAI) ning maxsus tavsiyanomalariga javob beradigan tarmoq nazarda tutiladi.

Optik transport tarmoq — uzatilayotgan ma’lumotni qayta ishlash va yetkazish bilan bog‘liq barcha funksiyalar elektr signallariga o‘zgartirishlarsiz, optik darajada amalga oshiriladigan tarmoq. Boshqacha qilib aytganda, optik tarmoq — bu optik aloqa liniyalari orqali tutashtirilgan optik elementlar majmuidir.

Yuqorida keltirilgan qoidalarga ko‘ra «transport tarmog‘i» va «optik transport tarmog‘i» orasidagi farqni bayon qilish mumkin. Transport tarmog‘ida ham optik aloqa kabellari qo‘llanilishi mumkin, biroq qurilmalarda (kommutatsiya qurilmalari, multipliksor, demultipleksor, regenerator va hokazo) signallarni qayta ishlash va yetkazish elektr signallarga o‘zgartirishlar orqali amalga oshiriladi.

Bu o‘rinda hozirda keng qo‘llanilayotgan SDH texnologiyasi optik transport tarmog‘i sarasiga kirmaydi, chunki bu texnologiya qurilmalarida qayta ishlash va yetkazish uchun signallar elektr ko‘rinishiga o‘zgartirilishi lozim. To‘liq optik tarmoqlarni qurish imkoniyati xWDM texnologiyasini qo‘llash tufayli paydo bo‘ldi.

Aslida, SDH texnologiyasi aralash (optik kabel va elektr qayta ishlovchi qurilma) tarmoqlarida qo‘llanilganligiga ham uncha ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Xo‘sh, nima uchun to‘liq optik tarmoqlarga o‘tish kerak? An’anaviy (to‘liqmas, aralash) optik tarmoqlar quyidagi kamchiliklarga ega:
1. Strukturaviy jihatdan murakkab;
2. Raqamli signallarni regeneratsiya qilish va qayta ishlash optik diapazonda emas, balki elektrik diapazonda (bu esa jarayonning o‘zini murakkablashishiga olib keladi) amalga oshiriladi;
3. Nisbatan chegaralangan tezlikka ega (masalan, SDH texnologiyasi oqimlari tartibi oshib borgani sayin bu tezliklarni qayta ishlovchi qurilmalar ham murakkablashib, tezliklarni ta’minlash qiyinlashib boradi).

Bu sanab o‘tilgan va boshqa kamchiliklar optik transport tarmoqlarga o‘tish zaruriyatini keltirib chiqaradi. Bir qarashda barchasi silliq kechayotgandek ko‘rinadi — optik kabellar mavjud, faqatgina mavjud qurilmalarni optik qayta ishlovchi va yetkazib beruvchi qurilmalarga o‘zgartirish kifoya, biroq buning barchasi biz o‘ylaganchalik oson emasdek ko‘rinadi. Agar an’anaviy transport tarmoqlaridan optik transport tarmoqlariga o‘tish bu tarzda oson amalga oshirilganda edi, texnik va dasturiy o‘zgarishlardan so‘ng barchamiz orzu qilgan tarmoqqa ega bo‘lar edik. Bu yo‘lda bizni bir qancha muammolar kutib turibdi. Ko‘rib o‘tilayotgan tarmoqni yetarli darajada yangiligi uchun kam o‘rganilganligi va butunlay optik tarmoq xususiyatlari bu muammolarni yuzaga keltiradi.

Mazkur muammolar quyidagilardan iborat:
1. Optik transport tarmoqlarni boshqarish. Aralash (SDH texnologiyasi asosida) tarmoqlarda ularning boshqaruv qismi mavjudligi hisobiga bu, tarmoqlarni boshqarish ancha oson edi yoki boshqacha qilib aytganda, tarmoqning «aqli» bor edi. Optik tarmoqlarni boshqarish qanday kechadi?

2. Optik transport tarmoqlar parametrlari ustida izlanishlar olib borish va bu parametrlarni yaxshilash. Optik transport tarmoqlar texnologiyasi ancha yangi bo‘lganligi tufayli bu tarmoqlar ustida izlanishlar olib borish hali nihoyasiga etmaganligi turgan gap. Tarmoq ishonchliligi, yashovshanligi, xizmat qilish muddati, aniqligi singari parametrlar hozirgi zamonaviy talablarni ta’minlay oladimi?

3. Mos optik tarmoq elementlarini tanlash. So‘nggi paytlarda optik tarmoqning muhim elementlari bo‘lgan optik multipleksorlar va demultipleksorlar, kross-konnektorlar, optik regeneratorlar (3R regeneratorlar) hamda kuchaytirgichlar singari qurilmalar keng tadqiq qilinmoqda. Bu qurilmalar ixtisoslashtirilgan kompaniya va firmalar tomonidan ishlab chiqilmoqda. Qurilmalar turli-tumanligiga qaramasdan, qurilayotgan optik tarmoq xususiyatlariga mos keladigan, iqtisodiy samarali va kelajakda oson o‘zgartirish, rivojlantirish mumkin bo‘lgan qurilmalarni tanlab olish esa muhim vazifalardan biri sanaladi.

4. Tarmoqni optimal strukturasini tanlash. Optik transport tarmoqlari arxitekturasi XEAI ning G.872 tavsiyanomasida bayon etilgan. Har bir davlat esa tarmoqni qurayotganda davlatning geografik holati, ma’muriy bo‘linishlari, tarmoq abonentlari zichligi va boshqa xususiyatlarni hisobga olgan holda tarmoq strukturasini tanlaydi.

5. Optik tarmoq interfeyslarini tadqiq qilish. Optik transport tarmoqlarida IP, ATM, PDH, SDH va boshqa texnologiyalar oqimlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri joylashtirilish (inkapsulyatsiya qilinishi) mumkin. Buning uchun har xil texnologiyalarning barchasini inkapsulyatsiya qiluvchi universal (ochiq) interfeys talab qilinadi. Oxirgi yillarda bu yo‘nalishda ham ancha ishlar olib borildi. Xususan, XEAI ning G.709 va G.979 tavsiyanomalari chiqarildi, biroq shu bilan birga, bu yo‘nalishda qilinadigan ishlar talaygina.

6. Optik tarmoqning axborot xavfsizligini ta‘minlash. Axborot xavfsizligi masalasi nafaqat optik tarmoqlarda, umuman telekommunukatsiyada dolzarb, muhim masala hisoblanadi. Hozirgi kunda axborot xavfsizligini ta‘minlashning turli usullari taklif qilinyapti va tadqiqotlar olib borilyapti. Bu usullarning eng qulay, optimalini tanlab olish yoki yangi usullarni taklif etish va asoslab berish mazkur yo‘nalish doirasiga kiradi. Optik transport tarmoqlarda bajarilishi, mukammallashtirilishi kerak bo‘lgan ishlar bisyor.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq