Bunyodkorlik, mehr-muruvvat va ezgu orzular ayyomi
21.03.2011
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: O‘zA.

2827t

Mayin oftobning zarrin nurlari qalblarga ajib bir iliqlik olib kiradi. Nasim epkini yuzni silab o‘tadi. Bular yangilanish fasli – bahordan darak.

uza_21_03_2011

Yashillikka burkangan ona tabiat barchani o‘z bag‘riga chorlaydi. Yalpiz terayotgan bolakaylaru chakkasiga gul taqqan qizlar kulgusi atrofga taraladi. Musaffo osmon bag‘rida charx urayotgan qaldirg‘ochlar qo‘shig‘i olamni tutadi…

Yurtimizga biz orziqib kutgan, hayot abadiyligi, tabiatning ustuvor qudrati va cheksiz saxovatining betakror ifodasi, xalqimizning tiynatiyu ming yillik milliy qiyofasini o‘zida mujassam etgan Navro‘zi olam kirib keldi. Borliqdagi uyg‘onish va yangilanish timsoli bo‘lgan Navro‘z xalqimizning necha ming yillik tarixi, odamiylik, mehr-oqibat, muruvvat va himmat kabi ezgu fazilatlari umrboqiy ekanidan mujda beradi.

21 mart. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i bayramona bezatilgan.

uza_21_03_2011_5

Bu yerga hukumat a’zolari, deputatlar va senatorlar, fan, madaniyat, san’at, sport namoyandalari, ishlab chiqarish ilg‘orlari, tadbirkorlar, muhtaram otaxonu onaxonlar, turli sohalarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalarining vakillari tashrif buyurgan.

Soat 10.30. Maydonga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov kirib keladi.

uza_21_03_2011_1

Bayram tantanasiga hozir bo‘lganlar davlatimiz rahbarini qarsaklar bilan kutib oladilar.

Chorlov musiqasi yangraydi.

So‘z O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga beriladi.

Davlatimiz rahbari xalqimizni Navro‘z bayrami bilan muborakbod etadi.

Muazzam maydon bahorning, Navro‘zi olamning fusunkor tarovatini o‘zida mujassam etgan. Musiqa og‘ushida jonlanayotgan turfa gullar, mayin shaboda, qushlar chug‘ur-chug‘uri ajib bir uyg‘unlik bilan qalblarga jo bo‘ladi. Quyoshning zarrin nurlarida jilolanayotgan kamalakrang bahor chechaklari, qir-adirlar manzarasi barchaga yangilanish ayyomi shukuhini baxshida etadi.

Xalqimiz bu yil Navro‘zni alohida tayyorgarlik va ko‘tarinki ruh bilan kutib olmoqda. Bu istiqlolining yigirma yilligini qarshilayotgan ozod yurtimizning yigirmanchi Navro‘zidir. Prezidentimiz Islom Karimov jasorati bilan xalqimizga qaytarib berilgan, istiqlol tufayli qadr topgan asl milliy bayram, birdamlik shodiyonasi.

Yigirma yillik mustaqil taraqqiyot yo‘lining har bir yili, har bir dovoni zalvorli yutuqlar, betimsol o‘zgarishlar bilan Vatanimiz tarixi zarvaraqlariga bitilmoqda. Tarixan qisqa davr ichida milliy qadriyatlarimiz, urf-odat va an’analarimizni, xalqimizning asrlar davomida shakllangan mentalitetini hisobga olgan holda zamonaviy demokratik davlat qurishning mustahkam poydevori qo‘yildi va mustahkamlandi. Yigirma yil ichida O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmasi yuqori, bank-moliya tizimi barqaror yetakchi mamlakatlar safidan joy oldi.

Shunday farahbaxsh damlarda ona tabiatda ro‘y berayotgan yasharish, yangilanishlarni qalbidan o‘tkazayotgan hamyurtlarimizning ko‘nglida shodlik, yana bir Navro‘zga, go‘zal hayotning bebaho ne’matlariga eson-omon yetganimiz, elu yurtimiz tinchligi va farovonligi uchun shukronalik tuyg‘ulari jo‘sh uradi.

Qalblardagi Navro‘z zavqi fusunkor maydonga ko‘chadi. Bayramni madh etuvchi sarrin kuy og‘ushida ko‘z o‘ngimizda bahorning ajib manzaralari, ona yurtimizning betimsol tarovati – olrang lolalar, yam-yashil qir-adirlar, gullarga burkangan vodiylar, bog‘-rog‘lar namoyon bo‘ladi.

Maftunkor sahnada folklor va etnografik jamoalarning rang-barang ashula va raqslari boshlanadi. Sho‘x yallalarda, polvonu chavandozlar chiqishida Navro‘zning xilma-xil va noyob qirralari namoyish etiladi…

uza_21_03_2011_2

Ozod elning orzusi ham go‘zal. Ezgulik va yaxshilik ulug‘langan Navro‘z qadriyatlari hayotimizdan mustahkam joy olgan, eng yaxshi an’ana va odatlarimiz Navro‘z bilan uyg‘unlashgan.

…Navro‘z chinakam bahor bayrami, inson ruhini ko‘taruvchi, quvonch bag‘ishlovchi iliq tuyg‘ular, ezguliklar ayyomidir. Ertamizning egalari bo‘lgan bolalar chiqishlarida ham bu o‘z ifodasini topadi. Ularning maydon uzra yangrayotgan sho‘x-shodon kulgulari, mustaqil yurtning barkamol farzandlari ijrosidagi ona Vatanni, ko‘klamni, baxtiyor bolalikni madh etuvchi jarangdor kuy-qo‘shiqlar, jozibador raqslar barchaga zavq-shavq ulashadi. Navro‘z, Yoshlik va Barkamollikning naqadar uyg‘unligi ko‘z o‘ngingizda gavdalanadi…

Barkamol avlodni tarbiyalash xalqimizning eng ezgu qadriyatlaridan. Istiqlol yillarida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash masalasi davlatimiz va jamiyatimizning eng muhim vazifalaridan etib belgilandi. Yoshlarga ta’lim-tarbiya berish jarayonida ularning intellektual salohiyatini, ma’naviyatini yuksaltirish, jismonan chiniqtirishning samarali mexanizmi shakllandi.

O‘tgan 2010 yil – Barkamol avlod yilida bu boradagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Farzandlarimizga jahon ta’lim standartlari asosida bilim berish, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish maqsadida poytaxtimiz va viloyatlarda o‘nlab ta’lim muassasalari, zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan diagnostika, skrining va perinatal markazlari, musiqa va san’at maktablari barpo etildi.

Xalqimiz Navro‘zni yasharish va navqironlik pallasiga mengzaydi. Bu nafaqat tabiatda, ayni paytda hayotimiz, tutumlarimiz, turmush tarzimizda ham o‘z ifodasini topadi. Qir-adirlarda, yashillikka burkangan tabiat qo‘ynida boshlangan Navro‘z sayillari sochlariga tolbarg taqqan qizlar aytishuvi, bo‘z yigitlarning sport o‘yinlari, onaxonlar pishirgan sumalagu halim, hazilu askiyalar bilan yanada zavqli, yanada shukuhli bo‘ladi.

…Yangrayotgan zavqli musiqa, o‘yin-kulgu va sho‘x raqslar butun maydon uzra aks-sado beradi. Yuraklar junbushga keladi. Faxr-iftixor tuyg‘usi, ezgulik, saxovat tantanasi dillarni dillarga bog‘laydi.

uza_21_03_2011_3

Farzandlar kamolotida sportning o‘rni beqiyos. Necha ming yillik tarixga ega Navro‘z tantanalarida sport musobaqalariga alohida o‘rin berilishi ham buning yaqqol tasdig‘idir. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni, xususan, bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor yuksak samaralar berayotir. Bugun jahon arenalarida yosh sportchilarimiz qo‘lga kiritayotgan yutuqlar xalqaro miqyosda Vatanimiz obro‘sini yanada yuksaltirmoqda, o‘zbek farzandlarining ulkan salohiyatini namoyish etmoqda.

Istiqlol yillarida yurtimizda 1 ming 200 dan ziyod yangi sport inshooti barpo etildi va ularning mingdan ortig‘i qishloq joylarda qurildi. Bu farzandlarimiz sportning ko‘plab turlari bilan muntazam shug‘ullanishi uchun imkoniyat yaratdi. Ayniqsa, qizlarni sportga jalb etish, ular o‘ziga mos sport turlari bilan shug‘ullanishi uchun keng sharoit yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, badiiy gimnastikani rivojlantirish dasturi qabul qilingach, sportning ushbu nafis turi bilan shug‘ullanadigan qizlar soni 2010 yilning o‘zida 6-7 barobar ortdi.

Bu ulkan ishlar samarasini sportchilarimiz qo‘lga kiritayotgan muvaffaqiyatlar, medallar shodasida ham yaqqol ko‘rish mumkin. 2010 yili Xitoyda o‘tkazilgan yozgi Osiyo o‘yinlarida badiiy gimnastika bo‘yicha qizlarimiz ikkinchi o‘rinni egalladi. O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 11 oltin, 22 kumush, 23 bronza, jami 56 medal jamg‘arib, kuchli sakkizlikdan joy oldi. Hindistonning Dehli shahrida o‘zbek kurashi bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi VI jahon chempionatida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolari ikkitadan oltin va kumush hamda sakkizta bronza medalni qo‘lga kiritdi. Poytaxtimizda futbol bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida mamlakatimiz o‘smirlar terma jamoasi kumush medal va jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Agar 2005 yilda yurtimizda mutlaqo sog‘lom bolalar ko‘rsatkichi 52,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2010 yilda bu raqam 62,6 foizga yetdi. So‘nggi besh yilda mamlakatimizda sport bilan shug‘ullanadigan 10-14 yoshdagi bolalarning bo‘yi o‘rtacha 2,3, qizlarning bo‘yi 2 santimetr o‘sgan, vazni esa tegishli ravishda 2,6 va 2,9 kilogramm oshgan. Mana shu raqamlarning o‘ziyoq jismoniy tarbiya va sport hayotimizga yanada chuqur kirib borishi, bolalar sportini rivojlantirishning beqiyos natijalarini ko‘rsatadi.

…“Har tuning qadr o‘lubon, har kuning bo‘lsin Navro‘z”. Mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning bu boqiy satrlari Navro‘z har bir inson samimiy, toza niyatlarini, tuyg‘ularini yuzaga chiqaradigan, sevinchlari, orzu-niyatlarini, umidlarini do‘stlari, birodarlari bilan baham ko‘radigan qutlug‘ kun ekanini namoyon etadi. Bu jihatlar yurtimizdagi barqarorlik, mamlakatimizda yashayotgan turli millat vakillari o‘rtasida do‘stlik va totuvlik tobora mustahkamlanayotgani, yurtdoshlarimizning ona tabiatga mehr-muhabbati, ma’naviy qadriyatlarga sadoqatida ham o‘z in’ikosini topmoqda.

Inson sha’ni va qadr-qimmatini hamma narsadan ustun qo‘yish, ko‘mak va madadga muhtojlarga beminnat yordam berish, tinch-osoyishta hayotni asrash va mustahkamlash yo‘lida o‘zini ayamasdan xizmat qilish xalqimizning eng buyuk qadriyatlaridan. Davlatimiz rahbari tomonidan yuritilayotgan ana shu fazilatlarga xos oqilona siyosat bugun dunyo jamoatchiligi tomonidan keng e’tirof etilmoqda.

O‘tgan yili Prezidentimiz Islom Karimovning BMT Bosh Assambleyasining Mingyillik rivojlanish maqsadlari bo‘yicha oliy darajadagi yalpi majlisidagi nutqida mintaqamizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, ekologik muammolarni bartaraf etish borasida ilgari surilgan fikrlar keng qo‘llab-quvvatlandi. Sammit ishtirokchilari O‘zbekistonda Mingyillik deklaratsiyasida belgilangan maqsadlarga erishish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berdi.

– O‘zbekistonda har bir bayramning o‘zgacha shukuhi bor, – deydi bayram tantanasida ishtirok etgan Malayziyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdul Aziz. – Navro‘z bayramining o‘ziga xos qiyofasi meni maftun qildi. Bayram tantanasidagi ko‘tarinki ruh, odamlar yuz-ko‘zidagi quvonch va shodlik yurtingizdagi to‘kinlik, farovonlik, tinch va osuda hayotdan darak berib turibdi.

…Xalqimizda azaldan yangi yilning serhosil va omadli bo‘lishi Navro‘zning qanday kelishiga, uni qanday kutib olishga bog‘liq, deb bejiz aytilmaydi. Shu ma’noda, joriy yil davlatimiz rahbari tomonidan Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili, deb e’lon qilingani dehqonu fermerlarimizga, hunarmandu tadbirkorlarimizga qanot bag‘ishlamoqda.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bugungi kunda jamiyatimizdagi iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy barqarorlikning muhim omiliga, yurtimizni taraqqiyot yo‘lidan faol harakatlantiradigan kuchga aylanib bormoqda. Mazkur soha vakillari xalqimiz farovonligi, dasturxonimiz to‘kinligi, iqtisodiyotimizning jadal rivojlanishiga munosib hissa qo‘shayotir.

Yurtimizda 2010 yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari 8,5 foizni tashkil etdi. Jahon moliya institutlarining xulosasiga ko‘ra, bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 52,5 foizni tashkil etdi.

Ro‘zg‘orida farovonlik, oilasida tinchlik bo‘lsagina kishiga bayramlar, to‘y-tantanalar tatiydi. Mamlakatimizda aholi daromadlarini muttasil oshirish hamda turmush sifatini yaxshilash, bandligini ta’minlash masalasi davlatimizning doimiy e’tiborida. Mazkur yo‘nalishda o‘tgan yili amalga oshirilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar samarasida 950 mingdan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etildi. Aholining real pul daromadlari 2009 yilga nisbatan 23,5 foizga o‘sdi. Bugungi kunda har yuz oilaga o‘rtacha 132 televizor, 99 xolodilnik, 18 tadan ziyod konditsioner, 12 shaxsiy kompyuter, 27 tadan ortiq yengil avtomobil to‘g‘ri kelishi xalqimiz yuksak turmush darajasining amaldagi ifodasidir.

Dehqon va fermerlar, tadbirkorlarimizga yaratib berilayotgan keng shart-sharoit tufayli bugun ular o‘zlari yetishtirgan mahsulotni qayta ishlab, zamon talablari asosida iste’molchilarga yetkazib bermoqda. Yurtimizning chekka qishloqlarida ham o‘nlab kichik korxonalar ishga tushirilib, raqobatbardosh sifatli mahsulot ishlab chiqarilayotir. “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturi asosida joriy yilda bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda. Mamlakatimizning barcha hududlarida biznesni rivojlantirish uchun yanada qulay ishchan muhit yaratish, tadbirkorlik, kichik va xususiy biznesga keng erkinlik berish, mazkur sohaning eksport salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mustaqillik tufayli yurtdoshlarimizning ongu tafakkuri va dunyoqarashi o‘zgardi. Bir paytlar xususiy zavodi yoki fermasi u yoqda tursin, kichkinagina do‘koni bo‘lishi mumkinligini xayoliga ham keltirmagan kishilar bugun mulk egalari, katta yer sohiblari sifatida yurt taraqqiyoti, xalq farovonligiga hissa qo‘shmoqda.

Fermerlik harakati mamlakatimiz iqtisodiyotining tobora yetakchi kuchiga aylanayotir. Paxta xomashyosini tayyorlashdan boshi chiqmagan dehqonlarimiz bugun g‘alla va boshqa oziq-ovqat ekinlari yetishtirish borasida katta tajriba to‘pladi. Bir so‘z bilan aytganda, fermerlik har bir dehqonga o‘z mehnatining samaralaridan mustaqil bahramand bo‘lish, el-yurt dasturxoni to‘kinligini ta’minlash imkoniyatini berayotir.

– Bayramni tomosha qilar ekanman, mustaqil yurtimning yigirma yillik hayoti ko‘z oldimga keldi, – deydi Farg‘ona viloyati Rishton tumanidan o‘qituvchi Mavluda Usmonova. – Tarixan qisqa vaqt ichida Prezidentimizning oqilona siyosati tufayli yurtimiz qanday yutuqlarga erishganini mana shunday tantanalar shukuhida, yurtdoshlarimizning quvonchida ham ko‘rib turibmiz. Yoshlarimiz iqtidori, shijoatini ko‘rib, aziz Vatanimning kelajagi porloq, ertasi yorug‘ ekanini yana bir bor qalbdan his qildim.

…Qo‘shiqlar qo‘shiqlarga ulanadi. Sahnada ijro etilayotgan Navro‘z udumlari, marosimlar, sport o‘yinlaridan ko‘rinishlar qizigandan-qiziydi.

uza_21_03_2011_4

O‘zbekiston bugun jahonda o‘z so‘ziga, o‘z rivojlanish modeliga ega. Vatanimizning taraqqiyot yo‘li ko‘plab mamlakatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan namuna sifatida e’tirof etilayotir. 2010 yil may oyida Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi 43-yillik majlisining Toshkentda o‘tkazilishi buning yana bir tasdig‘i bo‘ldi. Ushbu nufuzli anjumanda ishtirok etgan xalqaro tashkilotlar va xorijiy delegatsiyalar rahbarlari jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida ham O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror rivojlanayotganini alohida ta’kidladi.

Yurtimizdagi qulay iqtisodiy muhit xorijlik biznes vakillarining qiziqishini oshirmoqda. Mamlakatimizda 2010 yilda 9,7 milliard AQSH dollariga teng miqdordagi investitsiyalar o‘zlashtirildi. Natijada 200 dan ziyod loyiha amalga oshirildi, o‘nlab ishlab chiqarish korxonalari ishga tushirildi.

Birgina avtomobil ishlab chiqarish sanoatining jadal rivojlanayotgani mamlakatimiz yuksak salohiyatini namoyon etadi. Asaka avtomobil zavodidan chiqayotgan zamonaviy yengil mashinalarga bo‘lgan talab nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham izchil oshayotgani nufuzli tashkilotlar tomonidan e’tirof etilmoqda.

O‘tgan Navro‘zdan bugungi ayyomgacha mamlakatimizda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Tabiatga tiriklikni, odamlar uchun yangi mehnat pallasini boshlab beradigan bu qutlug‘ bayramda poydevori qo‘yilgan ulkan ishlar o‘z samaralarini bermoqda.

Yurtimizning barcha hududlarida, chekka-chekka qishloqlarda qad rostlagan namunaviy loyihadagi ko‘rkam uy-joylar barchaning havasini tortmoqda. 2010 yili qishloq joylarda yashash uchun shahardagidan kam bo‘lmagan shart-sharoitga ega ana shunday 6,8 ming uy-joy barpo etildi. Ayni paytda yangidan qurilayotgan turar-joy massivlarida zamonaviy muhandislik-kommunikatsiya inshootlari bunyod qilinmoqda. Keng va ravon yo‘llar, tabiiy gaz, ichimlik suv tarmoqlari, elektr uzatish liniyalari qishloqlarimiz qiyofasi va sharoitini yangi bosqichga olib chiqayotir.

Bu yil yurtimiz bo‘ylab yana bir xayrli tashabbus quloch yozdi. “Vatanimiz mustaqilligining yigirma yilligiga yigirma tup ko‘chat – mening tuhfam” shiori ostida har bir yurtdoshimiz pok niyat, ezgu maqsad, ertangi kunga ishonch bilan mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazmoqda.

…Qalb torlarini chertib xalqimizning bebaho ma’naviy xazinasidan joy olgan mumtoz navolar yangraydi. Jozibali kuy-qo‘shiqlar, jilvakor raqslar bahorni, Navro‘zi olamni tarannum etadi…

Istiqlol yillarida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida milliy ma’naviyatimizni yuksaltirish, xalqimizning tarixi, o‘ziga xos urf-odat va an’analari, hayotiy qadriyatlarini tiklash masalasiga alohida e’tibor qaratilayotir.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, har qaysi jamiyatning demokratik nuqtai nazardan yangilanishi va yuksalishi shu jamiyatning, shu davlatning taraqqiyoti mahsulidir. Oliy Majlis palatalarining 2010 yil 12 noyabrda bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida yurtimiz taraqqiyot yo‘lining navbatdagi ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi. Xalqaro miqyosda keng e’tirof etilayotgan ushbu Konsepsiya “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyilini amalga oshirish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va demokratlashtirish bo‘yicha boshlangan islohotlarni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish, oldimizga qo‘ygan yuksak taraqqiyot marralariga erishishga xizmat qiladi.

…Muazzam sahnada estrada xonandalarining chiqishlari qalblarga surur baxshida etadi, yuraklar junbushga keladi. Qo‘shiqlarda Vatan, yoshlik va muhabbat madh etiladi.

Jannatmonand yurt tarovatini, buyuk xalqning tiynati va bunyodkorlik ruhini mujassam etgan Navro‘z yangilanish faslini, ezgu maqsadlar, orzu-umidlar, yangi va yanada yuksak marralarni boshlab beradi.

Yurtimizning barcha shahar va qishloqlarida Navro‘z tantanalari davom etmoqda.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq