Ayol sog‘lom bo‘lsa, millat barkamol
08.03.2011
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: O‘zA.

2744t

“Turkiston” saroyida 5 mart kuni Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Ayollari sog‘lom elning farzandlari barkamol, kelajagi nurafshondir. Bu borada o‘zbekistonlik xotin-qizlarga – aziz va muhtarama onajonlarimiz, munis opa-singillarimizga havas qilsa arziydi. Bugun yurtimizda qaysi sohani olib ko‘rmang, o‘z o‘rnini topayotgan ayollar safi kengaymoqda. Aslida ayolning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi – uning hayotdan mazmun va quvonch topib yashayotganidan dalolatdir.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mustaqillikning ilk yillaridan xotin-qizlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, salomatligini mustahkamlash, bir so‘z bilan aytganda, ularga munosib shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar samarasini bugun har jihatdan sog‘lom va yetuk farzandlarimiz timsolida hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Zero, ayol salomatligi – oila sog‘lomligi, jamiyat mustahkamligi, mamlakat barqarorligidir.

2744

5 mart kuni poytaxtimizdagi Mustaqillik maydoni har qachongidan tarovatli va ko‘rkam qiyofa kasb etdi. Xotin-qizlar tashkilotlari faollari, iqtisodiyot, huquq, ilm-fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarida samarali mehnat qilayotgan xotin-qizlarimizning o‘zlaridek go‘zal gullari va latif tabassumi Bosh maydonimizga ajib bir latofat va fayz bag‘ishladi.

Hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi – Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga qo‘yilgan gullar baxtli xotin-qizlarimizning shukronaligi ifodasidir. Shu damda Baxtiyor ona haykali siymosida ham, unga boqib turgan ayollarimizning yuz-ko‘zida ham mushtarak ezgu fazilatlar – mehribonlik, fidoyilik, pok niyat, hayotidan mamnunlik hissi zuhur etardi.

2745

Shu kuni “Turkiston” saroyida Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbirda turli sohalarda ko‘p yillardan buyon samarali mehnat qilayotgan xotin-qizlar, nuroniy onaxonlaru lobar qizlar, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar, joylardagi xotin-qizlar tashkilotlari, turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlarining vakillari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari ishtirok etdi.

Tantanali yig‘ilishni Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi R.Usmonov ochdi.

Prezidentimiz Islom Karimovning O‘zbekiston xotin-qizlariga bayram tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov o‘qib eshittirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Akbarova mustaqil Vatanimizning o‘tgan yigirma yillik taraqqiyot yo‘lida xalqimiz erishgan har bir yutuq zamirida fidoyi va jonkuyar xotin-qizlarimiz mehnati mujassamligini, bularning barchasi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yurtimiz xotin-qizlarining jamiyatdagi o‘rni va mavqeini mustahkamlash, ezgu intilishlarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning yuksak samaralari ekanini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining 2004 yil 25 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida“gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Sog‘lom ona – sog‘lom bola, sog‘lom bola – sog‘lom kelajak, demakdir. Bu borada izchil amalga oshirilayotgan “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan dastur asosidagi keng ko‘lamli chora-tadbirlarni eslashning o‘zi kifoya. Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish yo‘lida barpo etilgan va zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan diagnostika, skrining va perinatal markazlari bugun har jihatdan sog‘lom naslni tarbiyalash imkonini bermoqda. Bu sa’y-harakatlarning samarasida bugun yurtimiz dunyoning 125 davlati orasida xotin-qizlar uchun qulay sharoitlar yaratish va onalikni muhofaza qilish borasida yetakchi o‘rinlardan birini egallab turibdi. Bu yo‘nalishda yurtimizda yaratilgan milliy tizim dunyoning ko‘plab rivojlangan mamlakatlarida namuna sifatida o‘rganilayotir.

Yurtimizda xotin-qizlar o‘rtasida sport tobora ommalashib, sportning qizlarimizga mos turlari jadal rivojlanmoqda. So‘nggi ikki yilda mamlakatimizda badiiy gimnastika bilan shug‘ullanadigan qizlar soni uch barobar oshdi, stol tennisi va suzish bilan shug‘ullanayotgan qizlar safi kengayib bormoqda. Barchinoyu To‘maris izdoshlarining iste’dod va mahorati dunyo sport jamoatchiligini ham hayratga solmoqda. 2010 yilda xalqaro miqyosdagi 42 musobaqada yurtimizdan 500 nafardan ziyod yosh sportchi ishtirok etgan bo‘lsa, ularning uchdan bir qismi qizlardir.

Millat davomchisi va kelajak avlod tarbiyachisi bo‘lgan xotin-qizlarimizga ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan yurtimizning barcha hududlarida o‘tayotgan tadbirlarda yana bir karra o‘zining yorqin ifodasini topmoqda.

Bugun chekka-chekka qishloqlarimizda ham tadbirkor, mehnatsevar, fidoyi va qo‘li gul xotin-qizlarning ezgu intilishlariga keng yo‘l ochilmoqda. Bu –ayollarimizning mehnati qadrlanayotganidan, iste’dod va salohiyati ro‘yobga chiqayotganidan dalolatdir. Agar 2005 yilda 198,4 ming nafar xotin-qiz ish bilan ta’minlangan bo‘lsa, 2010 yil davomida opa-singillarimiz uchun qariyb 460 mingga yaqin ish o‘rni yaratildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yilida bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda.

– Mamlakatimizda xotin-qizlarning ezgu intilishlarini ro‘yobga chiqarish borasida yaratilayotgan keng imkoniyatlar bizni yanada faol va tashabbuskor bo‘lishga undamoqda, – deydi Andijon tumanidagi “Savob fayzu baraka” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Azima Botirova. – Qishlog‘imizda tashkil etilgan zardo‘zlik va tikuvchilik sexlarida qizlarimiz tikkan milliy hunarmandchilik buyumlari juda xaridorgir. Shu bilan birga, uch gektar yerda iqlim sharoitimizga mos bambuk o‘simligini parvarishlayapmiz. Uning yog‘ochidan ko‘plab musiqa cholg‘ularini yasash mumkin. Bularning barchasi o‘nlab qishloq yoshlarini ish bilan ta’minlash imkonini bermoqda.

…Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimovning qaroriga muvofiq adabiyot, san’at, fan, ta’lim, madaniyat sohalarida erishgan alohida yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan 14 nafar qizga ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining bu yilgi sohibalari – Samarqand davlat universitetining 1-bosqich talabasi Umidaxon Jo‘rayeva, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatining 9-sinf o‘quvchisi Bibinoz Qaipova, Farg‘ona davlat universitetining 2-bosqich talabasi Dilnavoz Qo‘ldosheva xotin-qizlarni jamiyat hayotidagi faolligini yanada oshirish borasida ko‘rsatayotgan doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligi uchun davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik bildirdilar.

O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov xotin-qizlarga yurtimizda ko‘rsatilayotgan yuksak ehtirom barkamol avlodni voyaga yetkazishga xizmat qilishini ta’kidladi. Ona siymosi ulug‘langan she’rini o‘qib berdi.

2746

Saroy foyesida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Badiiy akademiya, “Hunarmand” uyushmasi hamkorligida tasviriy san’at va milliy hunarmandchilik sohalarida faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlar ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etildi.

Kechada san’at ustalari va yosh ijrochilarning bayram konserti namoyish etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi I.Sobirov, Qonunchilik palatasi Spikeri D.Toshmuhamedova, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri SH.Mirziyoyev ishtirok etdi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq