Elektron hujjat aylanishi takomillashmoqda
22.01.2011
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

small_411

2011-yil 21-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari Qo‘mitasi tashabbusi bilan “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi va “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik normalarini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Vazirlar Mahkamasi xodimlari, O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi va manfaatdor vazirlik hamda idoralarning vakillari, soha mutaxassislari, olimlar, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakat rivojlanishida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining muhimligi va zarurligini o‘zining chiqishlarida bir necha bor ta’kidlagan edi. Shu sababli bu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish birinchi navbatdagi vazifa sifatida turibdi. Davra suhbatida “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”gi, “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi Qonunlarning amal qilish mexanizmlarini takomillashtirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasining “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi Qonunini hayotga tatbiq etish natijasida respublikamizda elektron raqamli imzoni qo‘llash milliy infratuzilmasi shakllandi va tobora rivojlanib bormoqda. Chunonchi, elektron raqamli imzo kalitlarini ro‘yxatga olish markazlarini ro‘yxatdan o‘tkazish organi tuzildi, elektron raqamli imzo kalitlarini ro‘yxatga olish bo‘yicha sakkizta markaz ro‘yxatdan o‘tkazildi va faoliyat ko‘rsatmoqda. Respublikadagi elektron raqamli imzo foydalanuvchilarining umumiy soni bugungi kunda 150 mingtadan ortiqni tashkil etdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi Qonunning ijro etilishi holatini o‘rganish bo‘yicha doimiy ravishda tizimli faoliyat olib borilmoqda. Xuddi shunday mazkur qonunning normalarini takomillashtirish bo‘yicha nazorat-tahlil yo‘nalishidagi tadbirlar, muayyan mavzulardagi davra suhbatlari va seminarlar o‘tkazib borilyapti. Qayd etilgan yo‘nalishdagi faoliyatlar davomida aniqlanishicha, respublikada elektron raqamli imzo texnologiyalarini keng qo‘llash uchun huquqiy sharoitlarning yaratilganligiga qaramay, hozirgi kunda mazkur soha o‘zining yetarli rivojiga ega emas. Buning asosiy sabablaridan biri amaldagi qonunning ayrim moddalarida kamchiliklarning mavjudligi, kelajakda uni yanada takomillashtirish bilan uzviy bog‘liq.

“Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi Qonunga ayrim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishidan maqsad O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarini xalqaro huquq normalari va xorijiy davlatlarning elektron raqamli imzoni qo‘llash sohasidagi qonun hujjatlari bilan uyg‘unlashtirish; Qonun prinsiplarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanishining hozirgi zamon darajasiga muvofiqligini ta’minlash; Elektron raqamli imzoni qo‘llash masalalarida qonun hujjatlaridagi elektron raqamli imzolardan foydalanishni ancha to‘xtatib turgan mavjud kamchiliklar va huquqiy kamchiliklarni istisno etish shular jumlasidandir.

Taqdim etilayotgan O‘zbekiston Respublikasining “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi va “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”gi Qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi davra suhbatining bahs va munozaralarga boy kechishini ta’minladi.

Deputatlar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasining asosiy maqsadi quyidagi vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan:
1. Elektron raqamli imzo qo‘lda o‘zi qo‘ygan imzo bilan bir xil ahamiyatga ega ekanligi shartlarini, sohasidagi maxsus vakolatli organning vazifalari va vakolatlarini konkretlashtirish va aniqlashtirish;
2. Elektron raqamli imzodan foydalanuvchilar doirasini ularni yuridik shaxslar qatoriga kiritish yo‘li orqali kengaytiruvchi normalarning kiritilishi, bunday foydalanuvchilar tomonidan elektron raqamli imzodan foydalanish prinsiplari va yuridik shaxs elektron raqamli imzosining maqomini belgilash;
3. Elektron raqamli imzolarni olish va xizmat ko‘rsatish proseduralarining jahon amaliyotiga muvofiq elektron raqamli imzo ochiq kalitining qog‘oz eltuvchidagi sertifikatini berish zaruratining istisno etilishi hisobiga soddalashtirilishi.

So‘zga chiqqan parlament a’zolari, mutaxassislar, davlat boshqaruv organlari oldida turgan vazifalardan biri elektron raqamli imzoni ommaviylashtirishni, uni o‘quv yurtlari, byudjet va jamoat tashkilotlariga elektron raqamli imzo va dasturiy mahsulotlardan imtiyozli foydalanish shartlari asosida taqdim etish ekanligini qayd etdilar. Bu borada butun respublika hududida yuridik shaxslar moliyaviy va xo‘jalik subyektlari o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilishi ayniqsa, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning moliya va soliq hisobotlarini taqdim etish tizimida axborot xavfsizligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan qonun normalarini yanada takomillashtirish, uni amal qilish samaradorligini oshirish maqsadida tegishli me’yoriy hujjatlarni tayyorlash va tasdiqlashni davom ettirish hamda tushuntirish ishlari ko‘lamini kengaytirish zarurligi haqida fikrlar bildirildi.

Davra suhbati ishtirokchilari “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi va “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining loyihasini belgilangan tartibda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritishni taklif etdilar.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq