Yil yakunlariga bag‘ishlandi
12.01.2011
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: O‘zA.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari kompleksining 2010 yil ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari hamda 2011 yildagi vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda kompleks tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2010 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalarning, jumladan, 2010 yil uchun belgilangan ko‘rsatkichlarning bajarilishi, ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, innovatsiya va investitsiya loyihalarining ijrosi, mahalliy ishlab chiqariladigan mahsulotlar turlarini va eksportbop mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasining 2010 yil 12 noyabrdagi qo‘shma majlisi hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18 yilligiga bag‘ishlangan yig‘ilishdagi ma’ruzalarida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash borasidagi ishlar belgilab olindi.

2010 yilda kompleks bo‘yicha jami 2 trillion 260,8 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, xizmatlar ko‘rsatildi. O‘sish sur’ati 2009 yilga nisbatan 119,1 foizni tashkil etdi. Aholiga 1 trillion 357,2 milliard so‘mlik (114,5 foiz) pullik xizmatlar ko‘rsatildi. Investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar bo‘yicha 413,5 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ o‘zlashtirildi yoki rejaga nisbatan 194,9 foizga bajarildi. Eksport prognozi ko‘rsatkichlari 132,3 foizni tashkil etdi.

Yig‘ilishda sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, “Barkamol avlod yili” Davlat dasturi doirasida bolalar sporti obyektlari, musiqa va san’at maktablari, suzish havzalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sport inshootlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarni o‘quv adabiyotlari, darsliklar bilan ta’minlashni yanada yaxshilash, ma’naviy targ‘ibot, xorijiy tillarni va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘rgatish borasidagi ishlarni takomillashtirish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy hokimlik organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishining holati, qog‘ozni tejash va undan oqilona foydalanishning ahvoli, “ZiyoNET” axborot ta’lim portalini axborot va ta’lim resurslari bilan boyitish to‘g‘risidagi masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda kompleks tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qo‘yilgan ustuvor vazifalar ijrosini amalga oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilab olindi, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq