Biometrik pasport afzalliklari va uni joriy etish
11.01.2011
Rukn: Intervyu.
Muallif: .

Prezidentimiz Islom Karimovning shu yil 5 yanvarda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq mamlakatimizda 2015 yilning oxirigacha pasportlashtirishning biometrik tizimiga to‘liq o‘tiladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi direktori Abdusattor Matkarimov O‘zA muxbiriga umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga javob beradigan ushbu tizimning afzalliklari, yangi hujjatlarni rasmiylashtirish va yangi pasport berish jarayoni qanday tartibda amalga oshirilishi haqida so‘zlab berdi.

– O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti – bu mamlakatimiz hududida va tashqarisida uning egasining fuqaroligi va shaxsini tasdiqlovchi asosiy hujjat hisoblanadi, – deydi A.Matkarimov. – Har bir inson uchun bunday pasportga ega bo‘lish va mustaqil Vatanining fuqarosi hisoblanish katta sharafdir. Ushbu hujjat fuqaroning o‘z mamlakati, xalqi taqdiriga daxldorligining ramziy ifodasi bo‘lib, u davlat himoyasida ekanini kafolatlaydi va zimmasiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi degan yuksak nomga munosib bo‘lishdek ulkan mas’uliyat yuklaydi.

Mamlakatimiz jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosi hisoblanadi va o‘zining barcha xalqaro majburiyatlariga rioya qilib kelmoqda. 1944 yilda qabul qilingan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi to‘g‘risidagi Chikago konvensiyasi va Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (IKAO) Monreal Assambleyasining 2004 yildagi rezolyutsiyasiga muvofiq ushbu tashkilot tarkibiga kiruvchi davlatlarga egalarining shaxsiy biometrik parametrlari va belgilangan ma’lumotlari haqida axborot jamlangan elektron chip hamda yuqori himoya darajasiga ega shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar joriy etilishini ta’minlash tavsiya etilgan.

– Biometrik pasportlarni joriy qilishdan qanday maqsadlar ko‘zlangan?

– Biometrik ma’lumotlarga ega pasportlar xalqaro fuqaro aeronavigatsiyasi xavfsizligini ta’minlash, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarning qalbakilashtirishga qarshi himoya darajasini oshirish, davlat chegarasidan o‘tishda shaxsni tezkor va aniq identifikatsiyalash mexanizmlarini takomillashtirish, xalqaro aviatashishlar sifati va samaradorligini yanada yaxshilash, ushbu transport turi xizmatlaridan foydalanuvchi yo‘lovchilar uchun imkon qadar qulayliklar yaratish maqsadida joriy etilmoqda.

Ayni paytda yuzdan ortiq mamlakatda zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida tayyorlangan biometrik parametrli pasportlar joriy etilgan.

IKAO a’zosi bo‘lgan mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimovning 2009 yil 23 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq xalqaro standart va talablarga javob beradigan bunday hujjatlarni joriy etish borasida tizimli hamda izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2011 yil 5 yanvarda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimi to‘g‘risidagi Nizom va O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarining biometrik harakatlanish hujjati to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi. Ularda biometrik pasport va hujjatlarni berish bilan bog‘liq barcha jarayonlar ko‘zda tutilgan.

– Biometrik pasportning amaldagi pasportdan farqi nimada?

– Biometrik pasport odatdagi barcha ma’lumotlardan tashqari, uning egasi haqida shaxsiy biografik ma’lumotlar, raqamli fotosurat hamda barmoqlar izlari tushirilgan biometrik parametrlarni o‘z ichiga olgan elektron axborotga ega bo‘ladi. Bunday chipga uch turdagi hujjat – O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti, O‘zbekiston Respublikasining diplomatik pasporti va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning harakatlanish hujjati ega bo‘lishi belgilandi. Xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan uch turdagi ushbu elektron hujjatlarning asosiy xususiyatlari shundan iboratki, ular yuqori darajada himoyalangan bo‘lib, chegaradan o‘tishda ulardan foydalanish qulaydir. Ularni qo‘llash esa O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasportini, shuningdek, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga harakatlanish hujjatlarini rasmiylashtirish, berish va almashtirish tartibini yanada takomillashtirishga ko‘maklashadi.

– Amaldagi pasportlarni biometrik pasportlarga almashtirish qanday muddatlarda amalga oshiriladi?

– Pasportlar ikki bosqichda almashtiriladi. Birinchi bosqich – 2011 yil mobaynida biometrik pasport mamlakatimiz vazirliklari, idoralari va muassasalari xizmatchilariga, xorijga chiqayotgan yoki chet eldagi jismoniy shaxslarga, shuningdek, muayyan yoshga to‘lgan yoki qonunchilikda ko‘zda tutilgan boshqa sabablarga ko‘ra pasport olayotgan fuqarolarga, 2012-2015 yilgacha bo‘lgan ikkinchi bosqichda esa qonunchilikda belgilangan tartib bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolariga beriladi.

– Davlat personallashtirish markazining vazifalari nimalardan iborat?

– Markaz davlatimiz rahbarining 2009 yil 23 iyunda qabul qilingan farmoniga muvofiq biometrik pasportlarni markazlashtirilgan holda tayyorlash, ularni hisobga olish va bunday hujjat bilan fuqarolarni o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida tashkil etilgan. O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimi to‘g‘risidagi Nizomda qayd etilganidek, personallashtirish – bu pasport blankiga uning egasi haqidagi biografik ma’lumotlarni va biometrik parametrlarni kiritish demakdir. Markazimiz uch turdagi elektron hujjat – O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti, O‘zbekiston Respublikasining diplomatik pasporti va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning harakatlanish hujjatlarini personallashtiradi.

Yangi pasport va harakatlanish hujjatlarining blankalari “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasida tayyorlanadi, markazimizda personallashtiriladi va o‘z egalariga hujjatlarni yig‘ish punktlarida, ya’ni ichki ishlar organlarining xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlarida topshiriladi.

Yana bir bor ta’kidlash joizki, biometrik pasport mamlakatimizda belgilangan tartibda bosqichma-bosqich joriy etiladi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining amaldagi pasporti esa 2015 yil oxirigacha haqiqiy hisoblanadi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq