Beg‘ubor qalblar quvonchi
30.12.2010
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: O‘zA.

elka_30_12_2010

Mamlakatimiz bo‘ylab bolalarning quvonch va shodlik bayrami – an’anaviy “Prezident archasi” tantanalari boshlandi.

Poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida ushbu tantanalarning dastlabki tadbirlari bo‘lib o‘tdi. “Sen Yolg’iz Emassan” Respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi va Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida o‘tkazilayotgan tadbirga yurtimizdagi barcha Mehribonlik uyi va maxsus maktablarning tarbiyalanuvchilari, serfarzand, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari taklif etildi.

Mamlakatimizda millati, jismoniy va ijtimoiy ahvolidan qat’i nazar, barcha yoshlarning huquq-manfaatlarini ta’minlash va himoyalash, ularning puxta ta’lim-tarbiya olishi, salomatligini mustahkamlashi, o‘z iste’dodini namoyon etishi uchun zarur shart-sharoitni yaratish Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida barkamol avlodni tarbiyalash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarning ustuvor yo‘nalishini tashkil etadi. Bu borada qabul qilingan qator farmon va qarorlar, davlat dasturlari yoshlarning intellektual salohiyati va ma’naviyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotir.

elka_30_12_2010_1

Yakuniga yetayotgan Barkamol avlod yilida bu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami har qachongidan kengaydi. Ta’lim muassasalari, Mehribonlik uylari, maxsus maktablarning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, faoliyatini davr ruhiga hamohang tarzda tashkil etish, tarbiyachi-pedagoglar mehnatini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirildi.

Ota-ona mehridan bebahra, jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj, serfarzand oilalar farzandlarini ijtimoiy himoyalash, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularga puxta ta’lim-tarbiya berish, o‘z qiziqishi va intilishi bo‘yicha kasb-hunarga yo‘naltirish, jamiyatga faol ijtimoiy-psixologik moslashuviga yaqindan ko‘maklashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari salomatligini mustahkamlash, ularning ta’lim olishi, uy-joy bilan ta’minlanishi, bir so‘z bilan aytganda, kelgusida hayotini yo‘lga qo‘yishiga yaqindan ko‘maklashish borasidagi chora-tadbirlar samaradorligi yanada ortdi. Bu jarayonda alohida ehtiyojga muhtoj va taqdiri murakkab bolalarning jismoniy, ma’naviy, psixologik, intellektual rivojlanishini to‘g‘ri shakllantirish borasida yangi pedagogik usullar joriy etilmoqda.

elka_30_12_2010_2

– 2010 yilda Mehribonlik uyimiz tubdan ta’mirlandi, – deydi Toshkent shahridagi 23-Mehribonlik uyi direktorining o‘rinbosari Gulnora Qurbonboyeva. – To‘qqizinchi sinfni tamomlagan o‘smir yoshlar o‘rta maxsus, kasb-hunar bilim maskanlarida o‘qishni davom ettirmoqda. Ayni paytda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy himoyasi kuchaytirilib, ular turar-joylar bilan ta’minlanmoqda. Bularning barchasi Yurtboshimiz rahnamoligida yosh avlod kamoloti yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning amaldagi samaralaridir.

– “Prezident archasi” tadbirida ilk bor ishtirok etdim, – deydi 31-Mehribonlik uyining tarbiyalanuvchisi 11 yoshli Dinara Ahmadulina. – Bu yerdagi qiziqarli tadbirlar juda maroqli va quvnoq tarzda o‘tdi. Ajoyib sovg‘alarni olib, juda xursand bo‘ldik. Shunday ajoyib bayram va sovg‘alar uchun Prezidentimizdan juda minnatdormiz.

…Yasatilgan ulkan archa atrofida kuy-qo‘shiqlar yangradi. Bolalar Qorbobo va Qorqizga jo‘r bo‘lib ashulalar aytdi, raqsga tushdi. Yangi yil, qish faslining zavqi haqida tez aytish, maqol va she’rlar o‘qishdi. Tantanada qatnashgan barcha kichkintoylarga Prezident sovg‘alari topshirildi.

Bayram tadbirida bolalar badiiy jamoalari, estrada va sirk san’ati ustalari ijrosidagi “Yaxshivoyning Yangi yil sarguzashtlari” mavzuidagi teatrlashtirilgan musiqiy spektakl namoyish etildi.

“Prezident archasi” bayram tantanalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda ham bo‘lib o‘tmoqda.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq