“Kelajak ovozi – 2010” respublika ko‘rik-tanlovi yakunlandi
25.12.2010
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: O‘zA.

Yoshlar ijod saroyida “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi, “Kelajak ovozi” yoshlar tashabbuslari markazi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hamkorligida tashkil etilgan “Kelajak ovozi – 2010” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

2449

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yosh avlodni yuksak ma’naviyatli va salohiyatli, mustaqil fikrga ega, har jihatdan sog‘lom insonlar etib tarbiyalash, ular iste’dodini o‘z vaqtida aniqlash va qo‘llab-quvvatlashning puxta tizimi yaratilgan. Yurtimizning barcha hududlarida barpo etilayotgan jahon andozalari darajasidagi ta’lim muassasalari, ijodiyot va sport-sog‘lomlashtirish markazlari farzandlarimizning milliy va jahon ilm-fan, madaniyat, san’at namunalaridan bahramand bo‘lishi, o‘z qiziqishiga ko‘ra kasb tanlashi, ijodiy-intellektual salohiyatini yanada kengroq namoyon etishida muhim omil bo‘layotir.

“O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilayogan turli ijtimoiy loyihalar, grant dasturlari, ijodiy festivallar, ko‘rgazmalar, san’at haftaliklari, konsertlar, sport tadbirlari faol va izlanuvchan yoshlarning ezgu orzu-intilishlariga qanot bag‘ishlamoqda. Bu boradagi ishlar ko‘lami Barkamol avlod yilida yanada kengaydi.

An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Kelajak ovozi” ko‘rik-tanlovi yigit-qizlarning ijodiy-intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratish, innovatsion texnologiyalar, san’at, adabiyot, me’morchilik va dizayn sohasidagi ilg‘or loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va amaliyotga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘n besh yoshdan yigirma besh yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar ishtirok etgan tanlovda 2009 yilda oltmish uch ming nafardan ziyod yigit-qiz o‘z salohiyatini sinab ko‘rgan bo‘lsa, 2010 yilda ular soni yetmish bir mingdan ortdi. Bu tanlovga bo‘lgan qiziqish yil sayin kuchayib borayotganidan dalolatdir.

Mazkur ijodiy-intellektual bellashuvda g‘olib chiqqan yoshlar ilm-fan, madaniyat va san’atga oid turli ko‘rgazmalar, festivallar, nufuzli anjumanlarda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Ularning ilg‘or g‘oya va tashabbuslari axborot texnologiyalari, fanning turli yo‘nalishlari, me’morchilik, dizayn kabi sohalarda keng tatbiq etilayotir. O‘z iqtidorini muvaffaqiyatli namoyish etgan yoshlar bugun yurtimizdagi yetakchi kompaniyalar va tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot markazlarida samarali faoliyat ko‘rsatayotir.

Bu yilgi tanlovda qatnashchilar o‘z bilim va iqtidorini arxitektura va dizayn, axborot texnologiyalari, ratsionalizatorlik takliflar va texnik ishlanmalar, milliy va amaliy san’at, badiiy ijod va publitsistika kabi o‘n besh yo‘nalish bo‘yicha namoyish etdi. Ko‘rik-tanlov doirasida tashkil etilgan ilmiy-amaliy anjumanlar, seminarlarda yoshlarning innovatsion loyihalari va ilmiy ishlanmalari atroflicha muhokama etildi.

Taniqli olimlar, musavvirlar, san’at va madaniyat namoyandalari, jurnalistlar ishtirokida o‘tkazilgan mahorat saboqlari, media-maktab mashg‘ulotlarida yoshlarning muayyan sohalardagi faoliyati atroflicha tahlil etildi, ularga zarur maslahatlar berildi. Turli konsertlar, viktorinalar, badiiy ko‘rgazmalar, intellektual bellashuvlar mazkur tanlovning yoshlarga xos barkamollik, zakovat va ma’naviyat bayramiga aylanishida alohida ahamiyat kasb etdi. Yoshlar poytaxtimizdagi maydonlar, muzeylar, tasviriy san’at galereyalari, ko‘rgazma zallari, tarixiy yodgorliklarda bo‘lib, istiqlol yillarida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdilar.

– Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini olib borishga oid dasturiy ta’minot bo‘yicha loyiham tanlovda yuksak baho olganidan juda xursandman, – deydi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filiali talabasi Muhabbat Rahmonova. – Tanlov o‘z ilmiy-ijodiy faoliyatimizni yana bir karra chuqur tahlil etish, malakali mutaxassislar ko‘rigidan o‘tkazish, ustozlar maslahatidan bahramand bo‘lish, tengdoshlarimiz ijodi bilan yaqindan tanishish, yangidan-yangi do‘stlar orttirish imkonini berdi. Bularning barchasi yurtimizda biz, yoshlar kamolotiga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy natijasidir.

Ko‘rik-tanlovning ratsionalizatorlik takliflar va texnik ishlanmalar yo‘nalishi g‘olibi – Laziz Akobirov Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutida ta’lim oladi. U taqdim etgan akustik ishlov berish yo‘li bilan mevalarni quritish moslamasi iqtisodiy tejamkorligi, ekologik jihatdan bezararligi, qo‘llash uchun qulayligi bilan olim va mutaxassislar e’tiborini jalb etdi.

“Kelajak ovozi – 2010” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi g‘oliblarining ilmiy ishlanmalari va loyihalarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq