Elektron to‘lov imkoniyatlari kengaymoqda
25.12.2010
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: O‘zA.

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi “SSP Maroqand” unitar korxonasi bilan hamkorlikda o‘ziga xos “SMS-To`lov” elektron to‘lov tizimini taqdim etdi. Bu tizimni Savdo-sanoat palatasi mutaxassislari Germaniya va Yaponiya ekspertlarini jalb qilgan holda ishlab chiqdi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida istiqlol yillarida mamlakatimizda qulay biznes muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasiga yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, elektron to‘lovlar tizimi va xo‘jalik subyektlari o‘rtasida o‘zaro hisob-kitob samaradorligini oshirish uchun barcha shart-sharoit yaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Elektron to‘lovlar to‘g‘risida”gi va “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi qonunlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 30 yanvarda qabul qilingan “Elektron tijoratni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Tadbirda O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktorining o‘rinbosari A.Xo‘jayev ushbu yangi dasturiy mahsulotdan foydalanish qulayligini ta’kidladi. Mijoz unga ulanish uchun tijorat bankiga kelib, tizimda ro‘yxatga olinishi va xizmatni depozit hisob-raqam yoki bank plastik kartochkasining depozit hisob-raqamiga ulashi kifoya. Elektron raqamli imzodan foydalangan holda axborotni himoya qilishini ko‘zda tutadigan mazkur tizim O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligida tegishli espertizadan o‘tkazildi.

Shuni ta’kidlash kerakki, “SMS-To`lov” tizimi – bu mijoz bilan to‘lovlarni qabul qiladigan kompaniya o‘rtasidagi munosabatlarni boshqarishning avtomatlashtirilgan bank tizimiga ulangan protsessing to‘lov tizimidir. Undan foydalanuvchilar to‘lov punktlari va banklarga bormasdan, sanoqli daqiqalar ichida istalgan mobil telefon modeli yoki Internet tarmog‘i orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkoniga ega. Xizmatdan hafta davomida har kuni 24 soat foydalanish mumkin.

Bundan tashqari, “SMS-To`lov” tizimi orqali mobil va shahar telefon aloqa xizmati, provayderlar, kommunal xo‘jalik xizmatlarini, soliqlar va sug‘urta badallarini to‘lash, avia hamda temir yo‘l chiptalarini band qilib qo‘yish, sotib olish va boshqa servis xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq