Videokonferensiyada qonun loyihasi muhokama qilindi
26.10.2010
Rukn: Texnologiya.
Muallif: .

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi hamda O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi hamkorligida axborot-kutubxona faoliyatining huquqiy asoslariga bag‘ishlangan videokonferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda xalqimizning boy ma’naviy merosini asrab-avaylash, ulardan, ayniqsa, yosh avlod tarbiyasida samarali foydalanish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir. Xususan, ajdodlarimiz tafakkuri nishonasi bo‘lgan eng qadimgi toshbitiklar va xalq og‘zaki ijodi namunalaridan tortib, bugungi kunda kutubxonalarimiz xazinasida saqlanayotgan minglab qo‘lyozmalar, tarix, adabiyot, san’at, siyosat, axloq, falsafa, tibbiyot, matematika, mineralogiya, kimyo, astronomiya, me’morlik, dehqonchilik va boshqa sohalarga oid qimmatbaho asarlarni saqlash hamda targ‘ib qilishda axborot-kutubxona va axborot-resurslarining o‘rni beqiyos bo‘layotir.

Ochiq muloqot tarzida bo‘lib o‘tgan anjumanda so‘z olganlar davlatimiz rahbarining «Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida» 2006-yil 20-iyundagi qarori mamlakatimiz axborot-kutubxona tarmog‘ining rivojlanishida muhim omil bo‘lganini alohida qayd etdilar. Mazkur hujjat e’lon qilinganidan so‘ng barcha hududlarda axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlari tashkil etilib, an’anaviy kutubxona xizmatidan zamonaviy axborot texnologiyalariga asoslangan axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishga asos solindi.

Ko‘rilgan choralar natijasida respublikamizda axborot-kutubxona muassasalarining umumiy soni 11850 tadan oshdi. Birgina joriy yilning o‘zida ularning faoliyati uchun Davlat budjetidan 47 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. Shuningdek, «Barkamol avlod yili» Davlat dasturi doirasida respublikada elektron kutubxona tizimini bosqichma-bosqich shakllantirish va integrasiyalashgan axborot-kutubxona tarmog‘ini yaratish bo‘yicha 2010-2015 yillarga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqildi. Unga asosan, Davlat budjeti, ijrochilar va homiylar hisobidan 89 mlrd. so‘m mablag‘ jalb etilishi ko‘zda tutilgan.

Shu kunlarda parlament quyi palatasida ko‘rib chiqilayotgan «Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, sohaning huquqiy asosini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi, shubhasiz.

Videokonferensiya ko‘rinishida tashkil etilgan ochiq muloqotda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardagi axborot-kutubxona muassasalarining rahbar va mutaxassislari mazkur qonun loyihasi yuzasidan o‘zlarining fikr-mulohazalari va amaliy takliflarini bildirdilar.

Jumladan, mutaxassislar o‘z amaliy tajribalaridan kelib chiqqan holda, qonun loyihasini maromiga yetkazish, axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish, sohaga zamonaviy usullarni keng joriy etish, kutubxonalarning aholi intellektual, madaniy, ma’naviy saviyasini oshirishdagi roli va ahamiyatini kuchaytirish, ta’lim muassasalari huzuridagi axborot-resurs markazlarini milliy axborot resurslari bilan boyitish, ularni «ZiyoNET» axborot tarmog‘iga ulash borasida aniq takliflar bildirishdi.
Anjuman yakunida muhokama etilgan masala bo‘yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.

Manba: http://parliament.gov.uz/

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq