Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish – davr talabi
29.09.2010
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: O‘zA.

O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy sohada, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, zamonaviy axborotlashgan jamiyatni shakllantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar izchillik bilan va aniq maqsadni ko‘zlab amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari 2009 yilning asosiy yakunlari va 2010 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida ta’kidlaganidek, “kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish haqida gapirganda, yuqori texnologik telekommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirish biz uchun muhim strategik ahamiyatga ega ekanini alohida qayd etish darkor. Bugungi kunda hayotimizni kompyuter texnikasi, axborot texnologiyalari, internet, mobil telefon aloqasisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi”.

Mana shu masalalarning muhimligini hisobga olib O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi hamda Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi tomonidan shu yil 28 sentabr kuni “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi, “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining Toshkent shahrida va Buxoro viloyatida ijro etilishini o‘rganish natijalari ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda mustaqillik yillarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi ancha rivojlandi, mamlakatning iqtisodiy salohiyatini o‘stirishda va aholiga xizmat ko‘rsatishda ularning ahamiyati oshdi. Korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari o‘sib bormoqda, eng yangi texnika va texnologiyalar joriy qilinmoqda. Barcha viloyat markazlarida raqamli shaharlararo stansiyalar o‘rnatilgan, shaharlararo magistral va viloyat ichidagi aloqa liniyalarida umumiy uzunligi 12 ming kilometrdan ortiq tolali-optik kabel hamda raqamli radiorele liniyalari yotqizish ishlari amalga oshirildi, eng yangi televizion uzatkichlarni modernizatsiya qilish va o‘rnatish ishlari olib borildi, mintaqalarda radioga simsiz ulanish tizimi joriy qilindi. O‘zbekiston telekommunikatsiyalar tizimi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqaro kanallarga ega bo‘lib, dunyoning 180 mamlakatiga chiqa oladi, bunda tolali-optik va yo‘ldosh tizimidan foydalaniladi.

Elektron hujjat aylanishi tizimini rivojlantirish va amaliyotga joriy qilish, dasturiy mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish va uni qator yo‘nalishlar bo‘yicha eksport qilishni rivojlantirish yuzasidan muayyan ishlar qilindi, elektron raqamli imzolar kalitlarini ro‘yxatga olish bo‘yicha beshta markaz tuzildi. Bugungi kunda elektron raqamli imzolar kalitlari soni 80 mingdan ortiqroqni tashkil etadi. Soliq inspeksiyasi va statistika organlarida davlat statistika hisobotlarini elektron shaklda qabul qilish tizimini joriy etish borasida ishlar olib borilmoqda.

“Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ijro etish maqsadida Toshkent shahrining telekommunikatsiya tarmog‘i raqamli stansiyalar asosida butunlay rekonstruksiya qilindi. “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi “Toshkent shahar telefon tarmog‘i” filialining qo‘shimcha xizmatlaridan foydalanuvchi abonentlar soni 200 ming kishidan ortiqni tashkil etadi. Toshkent shahrida respublika telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi yaratilgan, ularga aloqa operatorlari tarmoqlarini ulash bo‘yicha muayyan ishlar olib borildi. Xususan, Toshkent shahrida bu tizimga xalqaro kommutatsiya markazining, “UzNet” ma’lumotlar uzatish tarmog‘ining filiali, “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi “Toshkent shahar telefon tarmog‘i” filialining optik magistral halqasi va “EAST Telecom|” qo‘shma korxonasining transport tarmog‘ining boshqaruv tizimlari ulangan. Buxoro viloyatida ushbu avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimiga xalqaro kommutatsiya markazi tizimlari va “Uz Mobile” simsiz ulanish tarmoqlari ulangan. Telekommunikatsiyalar sohasida faoliyatni amalga oshirish uchun Toshkent shahrida 850 ga yaqin va Buxoro viloyatida 150 dan ortiq xo‘jalik yurituvchi subyektga litsenziya berilgan.

“Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining ijro etilishini ta’minlash maqsadida Toshkent shahar hokimligi huzurida kompyuterlashtirish markazi tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy vazifalari axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tuman hokimliklari va ularning boshqaruv tuzilmalari faoliyatiga joriy qilishni jadallashtirish hamda elektron hujjat aylanishi tizimini qo‘llashdan iborat. Bugungi kunda shahar hokimligi bilan tuman hokimliklari o‘rtasida axborot almashishning korporativ tarmog‘i ishlab turibdi, “Microsoft Share Point” dasturiy ta’minoti bazasida elektron hujjat aylanishi tizimi tashkil etilgan.

Xuddi shunday markaz Buxoro viloyati hokimligida ham tashkil etilgan. Elektron hujjat aylanishi tizimi viloyatning 52 ta yirik korxona va tashkilotida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularda elektron va raqamli imzolar kalitlaridan foydalanilmoqda.

Masalani ko‘rish asnosida so‘zga chiqqan senatorlar va tegishli vazirlik hamda idoralar vakillari yuqorida aytib o‘tilgan qonun hujjatlarining ijro etilishini ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini yanada oshirishga e’tibor qaratdilar. Xususan, zamonaviy axborot texnologiyalari va elektron hujjat aylanishi tizimidan samarali foydalanish, innovatsion texnologiyalarni keng qo‘llash hisobiga yangi zamonaviy xizmat turlarini joriy qilish, servis infratuzilmasini rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, elektron hujjat aylanishi tizimida huquqni qo‘llash amaliyotidagi munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar bildirildi.

Masalani senatorlar, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qo‘mitalarining tegishli qarori qabul qilindi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq