Adobe Dreamweaver CS4 dasturini o‘rgatuvchi multimediyali o‘qitish tizimi
26.05.2010
Rukn: Internet, Texnologiya.
Muallif: Alisher Ashurov.

dreamweaver_26_05_2010

Hech kimga sir emaski, hozirgi kunda Internet va umuman, axborot texnologiyalari hayotimizni keskin o‘zgartirib yubormoqda. Jumladan, axborot texnologiyalarining ta’lim tizimiga tatbiq etilishi o‘z samarasini bermoqda. Kitoblarning elektron nushalari paydo bo‘lib, barcha jahon adabiyotining durdona asarlarini o‘qish imkoniga ega bo‘ldi.

. Natijada, elektron kutubxonalar shakllana boshladi. Bu esa o‘z navbatida, ta’lim tizimi samaradorligini oshirdi va mukammalashtirish imkonini berdi. Bunday kutubxona adabiyotlaridan foydalanishda ayrim noqulayliklar yuzaga keladi. Eng asosiysi, kompyuter monitori oldida uzoq o‘tirishga to‘g‘ri keladi. Bunda videokurs va videodarslardan foydalanish muhim o‘rin tutadi. Bu haqda batafsilroq to‘xtalsak. Gap shundaki, o‘zim yangiliklarga juda o‘chman, ya’ni yangi vositalar, dastur va texnologiyalarni o‘rganishga ishtiyoqim baland. Kerakli bo‘lsa ham zerikarli ishlarni bajarishga hushim yo‘q. Shuning uchun avvallari biron dasturlash tilini yoki texnologiyani o‘rganish uchun katta (misol uchun, PHP haqida) kitobni TATU kutubxonasidan olardimu, elliginchi-oltmishinchi betiga kelganda, erinchoqlikligim tutardi. Bu holat videokurslarni ishlatishni boshlaganimga qadar davom etdi.

So‘nggi yillarda turli texnologiyalarni videolar, aniqrog‘i, videodarslar orqali o‘rganish tobora odat bo‘lib bormoqda. Sababi ma’ruzalarni video shaklda yozish muammo bo‘lmay qoldi. Buning uchun bir qancha texnologiyalrni bilish kifoyadir. Shuning uchun videodarslar orqali o‘rganish ommaviy tus olmoqda. O‘zbekiston ta’lim tizimida ham ulardan foydalanilmoqda. Videodarslar orqali o‘rganish juda oson va tez samara beradi hamda ixtiyoriy inson o‘z bilimlarini video formatida yozib boshqalarga o‘rgatish imkoniga ega bo‘ladi. Endilikda ko‘plab qalin va ayrim tushunarsiz kitoblarni o‘qishga vaqt sarflanmaydi. Ularning o‘rnini videodarslar egallaydi.

Videokurs o‘zi nima? O‘quv videokursi ma’lum bir sohani yoki mavzuni yoritib beruvchi o‘ziga xos darslar yig‘indisidir. U o‘zida amaliy samaraga ega, nazariy va metodik materiallarni qamrab oladigan videoroliklardan iborat bo‘ladi. Videokurslar tinglovchilarga quyidagi imkoniyatlarni beradi: o‘qitishning interfaol usullarini qo‘llash natijasida o‘quv materialini to‘liq tushunish samaradorligini oshirish; kursni o‘rganayotganlarning qiziqishini oshirish, turli psixologik to‘siqlarni yengish hamda taqdim etilayotgan materialni tushunish va esda saqlashni osonlashtirish; o‘quv jarayonini yanada qiziqarli va ommaviy bo‘lishini ta’minlash; kerakli nazariy va eng muhimi, amaliy ko‘nikmalarni hosil qilish. Aksariyat videodarslar o‘rganilayotgan materialni hayotga tatbiq qilishga yordam beradi. Videodarslarda muallif qo‘yilgan muammoni batafsil va hammabop tilda bayon etishga harakat qiladi. Bu — tinglovchilar bilan o‘zaro interfaol aloqa hosil qilishga yordam beradi. Har bir videokurs CD yoki DVD-diskdagi o‘quv videofilmlardan hamda bu videokursni qanday qo‘llashga doir o‘quv va metodik yordamchi materallardan iborat bo‘lib, bu materiallar kursni foydalanuvchilar yakka holda yoki guruh bo‘lib o‘rganishida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi.

Odatda, bu disklarda ommaviy foydalanuvchilarga mo‘ljallab menyular ishlab chiqiladi va u orqali kursning ixtiyoriy darsini ko‘rish mumkin bo‘ladi. Videoroliklar barcha kompyuterlarda o‘qilishi mumkin bo‘lishi uchun ommaviy videoformatlarda yoziladi. So‘nggi vaqtlarda esa flash-rolikar ko‘rinishida videodarslarni yozish ham odat bo‘lmoqda. Bunga asosiy sabab video hajmining kichik bo‘lishidir. O‘quv videokursi faqatgina videofilm emas. Har bir videokurs bir qancha o‘zaro bir-birini to‘ldiruvchi elementlardan iborat bo‘lib, bu elementlarni qo‘llash ta’lim jarayonini soddalashtiradi. Ular yordamida bilim olish ta’limning boshqa odatiy va multimediyali ti-zimlaridan bir qancha afzalliklarga ega: biror-bir fanni, hunarni yoki texnologiyani o‘rganish uchun hech qayerga borish shart emas, bemalol uyingizda ham o‘rganishingiz mumkin; videodarslarni ko‘rish uchun ixtiyoriy vaqt ajratishingiz, kunning istalgan vaqtida o‘rganishingiz; mumkin, agar tushunmagan bo‘lsangiz, uni to‘liq qayta va ixtiyoriy joyidan ko‘rish imkoniga ega bo‘lasiz; videodarslar yordamida ta’lim olishda odatiy vositalarga nisbatan o‘z vaqtingiz va mablag‘ingizni tejaysiz; eng asosiysi, videodarslarda interfaol muhitning mavjudligidir.

Biroq hamma ham sifatli va foydali videokurslar va videodarslarni yarata olmaydi. Aytish mumkinki, hozirgi kunda turli xil veb-texnologiyalarni, Photoshop va Flash dasturlarini o‘rgatuvchi videokurslar mavjud. Ularning aksariyati rus va ingliz tilida, shu bois, o‘zbek tilida videokurslarni yaratish dolzarb masalalardan biridir. Veb-dasturlash sohasi bo‘yicha Adobe Dreamweaver CS4 dasturini o‘rgatuvchi multimediyali o‘qitish tizimi yaratilgan. Mazkur multimеdiyali qo‘llanma Adobe Dreamweaver CS4 dasturini vidеodarslar orqali o‘rgatishga mo‘ljallangan bo‘lib, bu qo‘llanmadan vеb-dasturlash ko‘nikmalariga ega bo‘lgan foydalanuvchilar hamda zamonaviy vеb-tеxnologiyalarni o‘rganmoqchi bo‘lganlar foydalanishlari mumkin. Ularning mavjud analoglaridan farqi shundaki, vidеodarslar to‘liq o‘zbеk tilida yaratilgan. Foydalanuvchi mеnyusi imkon darajasida soddalashtirilgan.

Multimediyali ta’lim tizimini yaratishda bir qator jarayonlarni bajarish kerak, jumladan, ta’lim sohasini tanlash va zarur fanlarni tahlil qilish, videodarslar yozishga mo‘ljallangan dasturlar orasidan eng yaxshisini tanlash, videodarslarni yozish hamda montaj qilish va boshqalardan iborat. Videodarslar yozadigan dasturlar bir nechtadir. Ulardan Webineria, UltraVNC Screen Recorder, Captivate, BB FlashBack Express, Camtasia Studio, Jing kabilarni alohida ajratib ko‘rsatish mumkin. Ular kompyuter ekranidagi harakatlar, mikrofondan ovozlarni yozadi hamda kompyuterlar tushunadigan video fayllar formatiga o‘girib beradi. Bu vositalardan Camtasia Studio dasturi o‘zining interfeysi, juda ko‘plab formatlari, video fayllarga turli xil belgilar va izohlar qo‘yilishi, darslarga menyular hosil qilinishi bilan ajralib turadi, shuningdek, bu dastur yordamida audio fayllarni ham yaratish mumkin. Dars yozish davomida ekranning kerakli joyini alohida ajratib ko‘rsatish imkoni ham mavjud. Ana shu afzalliklari tufayli videodarslar yozuvchi dastur sifatida Camtasia Studio tanlandi.

Camtasia Studio dasturi to‘rtta yordamchi qismlardan iborat: Camtasia MenuMaker, Camtasia Player, Camtasia Theater va Camtasia Recorder. Dasturning asosiy qismi, shubhasiz, Camtasia Recorder hisoblanadi. Barcha darslar aynan shu dastur yordamida yaratildi. Camtasia Studio dasturi oynasining pastki qismida timeline deb nomlanuvchi ishchi stoli mavjud bo‘lib, u orqali audio va video fayllar ustida turli xil amallarni bajarish mumkin. Bular jumlasiga fayllarni bir-biriga bog‘lash, keraksiz qismlarni qirqib tashlash kabilar kiradi. Asosiy oynaning markazida dastur ishlashi mumkin bo‘lgan fayllar ro‘yxatini ko‘rsatuvchi «Корзина клипов» (Clip Bin) qismi joylashgan. Shu fayllarni o‘ng tarafdagi videopleyerda ko‘rish mumkin. Bu kichkinagina Camtasia Player dasturi faqatgina bitta vazifani bajaradi — AVI fayllarini namoyish etadi.

dreamweaver_26_05_2010_4

dreamweaver_26_05_2010_5

Ta’lim tizimida turli darslar orasidan keraklisini topish qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Buning uchun foydalanuvchi uchun navigatsiya menyusini yaratish kerak bo‘ladi. Bunday navigatsiya interfeysini AutoPlay Media Studio dasturi yordamida hosil qilish mumkin. Mazkur dastur yordamida vizual obyektlarni qo‘llagan holda mukammal navigatsiyani yaratish mumkin. Interfeysda hosil bo‘ladigan har bir sahifa xuddi veb-sahifalar kabi ko‘rinishga ega bo‘lib, sahifalardagi obyektlarda turli xil amallarni belgilash mumkin. Yaratilgan multimediyali o‘qitish tizimi foydalanuvchilarga diskda keladi. Bu diskni kompyuter diskovodiga qo‘yganda diskdagi autorun.exe fayli ishga tushadi. Natijada foydalanuvchi uchun qulay bo‘lgan navigatsiya menyusi ekranda hosil bo‘ladi. 2-rasmda videokursning barcha sakkizta bo‘limi ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek, asosiy oynada kirish darsini ishga tushiruvchi tugma bo‘lib, bu darsda kursning maqsadi, o‘rgatadigan sohaning qisqacha tahlili hamda videokursdan foydalanish ko‘nikmalari yoritib berilgan. Ekrandagi mos tugmaga bosilganda kerakli bo‘limning ichki sahifasiga o‘tiladi. Bu sahifada shu bo‘limning darslari joylashgan bo‘ladi. Misol uchun, 1-bo‘limga kirilganda 3-rasmdagi oyna ochiladi:

dreamweaver_26_05_2010_2

dreamweaver_26_05_2010_3

Videokursdagi biror-bir bo‘limga kirilgandan so‘ng asosiy oynaga qaytish uchun navigatsiya tugmalari mavjud. Ularni qo‘llab asosiy oynaga qaytish, navigatsiya menyusini pastga tushirish va navigatsiya menyusini yopish mumkin. Multimеdiyali qo‘llanmaning dasturiy va tеxnik talablari: OT : Windows 2000/ NT/XP/Vista; Qattiq disk hajmi: ixtiyoriy; Opеrativ xotira: kamida 128 MB; Framework : ixtiyoriy; Flash Player : ixtiyoriy; Videokodek: TechSmith Screen Capture Codec; Audiokodek: Lame mp3.

Hozirda deyarli barcha sohaning elektron qo‘llanmalari mavjud. Biroq axborotning insonlarga nafi teksagina foydali bo‘ladi. Shunday ekan, multimediyali o‘qitish tizimlari tayyorlashda ham ana shu jihatga e’tibor qaratish zarur. Zero bugungi kunda biror-bir mavzu yoki texnologiyani o‘rganishning bundan osonroq usuli mavjud emas.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq