Toshkentda elektron kutubxona majmui ochildi
13.05.2010
Rukn: Texnologiya.
Muallif: .

Elektron kutubxona

Joriy yil 12 may kuni O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi qoshidagi Respublika axborot-kutubxona markazida Koreya Respublikasi granti asosida tashkil etilgan ilmiy-texnik adabiyotlar elektron kutubxona majmuining ochilish marosimi bo’lib o’tdi.

Ilmiy-texnik adabiyotlar elektron kutubxonasi O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi va Koreya xalqaro hamkorlik agentligining (KOICA) mutaxassislari ishtirokida tashkil etildi. Ushbu loyiha O’zbekistonda ilmiy-texnik adabiyotlar elektron kutubxonasining kompleks tizimini yaratish bo’yicha hukumatlararo bitim doirasida amalga oshirildi.

Elektron kutubxonaning ochilishida O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktori H.Muhiddinov O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 20 iyunda qabul qilingan “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to’g’risida”gi qarori aholiga ko’rsatilayotgan axborot-kutubxona xizmatini yanada rivojlantirish va takomillashtirish, kutubxona ishiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbarining mazkur qarori ijrosi samarasida so’nggi yillarda mamlakatimizda kutubxona sohasida muhim o’zgarishlar yuz berdi, axborot-kutubxona muassasalari faoliyati yangi bosqichga ko’tarildi. Yangi tashkil etilgan ilmiy-ma’rifiy muassasa taqdimoti ham buning yaqqol misolidir.

Axborot-kutubxonalarida aholiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda xizmat ko’rsatishni yaxshilash bilan birga tizimdagi muassasalar faoliyatini muvofiqlashtirish, axborotlashtirish va kutubxona ishida o’zaro hamkorlik va tashkiliy-uslubiy ta’minotni yo’lga qo’yish muhim o’rin tutadi.

Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi a’zosi Xak Jin Mun mamlakatlarimiz o’rtasidagi do’stlik va hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi. Ayni paytda iqtisodiy va gumanitar yo’nalishlardagi aloqalar ko’lami tobora kengaymoqda. Muvaffaqiyatli amalga oshirilgan ushbu loyiha ham ikki tomonlama strategik hamkorlik aloqalarining rivojlanib borayotgani samarasidir.

Respublika axborot-kutubxona markazi rahbari A.Ishmatovning aytishicha, Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi negizida tashkil etilgan yangi kutubxona jamoasi oldida ilmiy-texnik axborot resurslari fondini tashkil qilish, aholining to’plangan elektron axborot, jumladan, to’liq matnli axborotdan keng foydalanishini ta’minlash, markaziy hamda ilmiy va ilmiy-texnik axborot resurslarini doimiy qo’llab-quvvatlash kabi vazifalar turibdi.

Kutubxonaning asosiy vazifalari bosma nashrlar va chop etilmagan hujjatlarni raqamlashtirish, materiallarni ko’chirish va internetga joylashtirish, mualliflar, noshirlar, elektron baza generatorlari hamda tematik ilmiy-ma’rifiy jamoalardan elektron materillardan foydalanish huquqini olishdan iboratdir. Bu bilan foydalanish chegaralangan hujjatlardan (nodir filmlar, fotoalbomlar, qo’lyozmalar, dissertatsiyalar) keng foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Elektron kutubxona

Elektron kutubxona

Kutubxona yangi ta’mirdan chiqarilgan binoda ish boshladi. Bu yerda o’quv zali, kompyuter xonalari, kitoblar saqlanadigan joy, turli xildagi texnika, mebellar, kino uskunalari mavjud. Ayni paytda ushbu muassasaning kitob fondi shakllantirilmoqda. U mamlakatimiz va xorijda chiqarilgan yuzlab jilddagi turli adabiyotlar, davriy nashrlarni o’z ichiga oladi. Mazkur qo’llanmalar elektron formatga o’tkaziladi. Natijada tashrif buyuruvchilar ulardan on-layn rejimida foydalanishi, internet orqali obunani rasmiylashtirishi, shuningdek, elektron ilmiy-ommabop jurnallardan foydalanish uchun turli agentliklar, kutubxonalar va nashriyotlar bilan bog’lanishi mumkin bo’ladi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq