Ustoz jurnalistlar sharaflandi
06.05.2010
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: O‘zA.

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari rivojiga katta hissa qo‘shgan mehnat faxriylarini sharaflashga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan tadbirga urush va mehnat faxriylari, keksa jurnalistlar, oliy ta’lim dargohlarining professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar taklif etildi.

Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Sherzod G‘ulomov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yurtimizda xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, milliy matbuotni rivojlantirish, uning erkin fikr minbariga aylanishi uchun jahon andozalari darajasida sharoit va imkoniyatlar yaratish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladilar.

Urush va mehnat faxriylari, yoshi ulug‘ jurnalistlar holidan xabar olish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, uzoq yillar davomida samarali mehnat qilgan ijodkorlarning boy ish tajribasidan yosh avlodni bahramand etish, «Ustoz-shogird» an’analarini ravnaq toptirish va davom ettirish maqsadida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamkorligida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilayotir.

– Yurtimizda keksa avlod vakillariga alohida hurmat va ehtirom ko‘rsatishga oid ezgu ishlar ko‘lami tobora kengaymoqda, – deydi faxriy jurnalist, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Maqsud Qoriyev. – Yurtboshimiz tomonidan biz – yoshi ulug‘ ijodkorlarga, urush va mehnat faxriylariga ko‘rsatilayotgan izzat-ikrom, yuksak e’tibordan qalbimiz g‘urur va hayajonga to‘ldi. Vatanimizda milliy matbuotni yanada ravnaq toptirish, bu sohaga uzoq yillar davomida mehnati singgan insonlarga, faxriy jurnalistlarga hurmat va ehtirom ko‘rsatayotgani uchun Prezidentimizdan minnatdormiz.

Tadbirda urush va mehnat faxriylari, yoshi ulug‘ jurnalistlarga pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq