Arxiv ishi va yoshlar
04.04.2010
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: www.uza.uz.

Poytaxtimizda «O‘zarxiv» agentligi tomonidan «Arxiv ishi barkamol avlod nigohida» mavzuida yoshlarning ma’rifiy forumi o‘tkazildi.

«Barkamol avlod yili» Davlat dasturi doirasida tashkil etilgan tadbirda soha mutaxassislari, o‘qituvchilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, tarixchi olimlar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

«O‘zarxiv» agentligi bosh direktori A.Abdullayev, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi direktorining o‘rinbosari L.Orifjonova, Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari markaziy davlat arxivi direktori SH.Ermatov va boshqalar yurtimizda tariximizni xolis va haqqoniy o‘rganish orqali yoshlarda milliy tafakkur va sog‘lom dunyoqarash asoslarini mustahkamlash, navqiron avlodni millatimiz uchun yot bo‘lgan zararli ta’sirlardan himoyalash, ularning ma’naviy-mafkuraviy immunitetini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Yurtimizda arxiv ishini texnik va texnologik jihatdan modernizatsiyalash, sohani izchil ravnaq toptirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, «O‘zarxiv» agentligi tomonidan arxiv ishi va ish yuritishni yanada takomillashtirishga, qimmatli hujjatlar saqlanishini ta’minlashga va ulardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda tarmoqning me’yoriy va uslubiy bazasini takomillashtirish, ilg‘or texnika va texnologiyalarni arxiv ishi amaliyotiga tatbiq etish, hujjatlarga mukammal ilmiy-texnikaviy ishlov berishga oid yangiliklar jadal qo‘llanmoqda.

Bugungi kunda arxiv idoralarining zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlangani, tizimda elektron hujjat aylanishining joriy etilgani, nodir hujjatlarning elektron shakllari va sug‘urta fondlari yaratilayotgani murojaat etayotgan tadqiqotchilar, olimlar, talaba-yoshlarning ilmiy izlanishida ancha qulaylik yaratmoqda. Bu yo‘nalishdagi ishlarning samaradorligini oshirishda arxiv ishi bilimdonlari, olimlar, tadqiqotchilar, bo‘lg‘usi mutaxassis kadrlar, talaba-yoshlar ishtirokida o‘tkazilayotgan turli anjumanlar, ilmiy loyihalar, grant-dasturlar, ko‘rik-tanlovlar, o‘quv-seminarlar, ijodiy festivallar, amaliy muloqotlarning o‘rni va ahamiyati kattadir.

Forumda ta’kidlanganidek, soha ravnaqi, avvalo, unda faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislarning kasb malakasi, bilimi va mahoratiga bevosita bog‘liq. Hozir Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat instituti, bir qator o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim dargohlarida arxiv ishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda. Bunda nazariy mashg‘ulotlar bilan amaliyot o‘rtasidagi uyg‘unlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Forumda arxiv idoralari bilan oliy ta’lim dargohlari o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni yanada kuchaytirish, talabalarning arxiv idoralaridagi amaliyotini zamon ruhiga hamohang tazrda tashkil etish, bitiruvchilarning bitiruv-malakaviy ishlari mavzularini belgilashda uning dolzarbligi va samaradorligi nuqtai nazaridan yondashish, hujjatlarni saqlash va ta’mirlash laboratoriyalariga kimyogar-texnolog mutaxassislarni jalb qilish kabi masalalar atroflicha muhokama etildi.

Anjuman doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida saqlanayotgan nodir hujjatlar, fotosuratlar, xaritalardan iborat ko‘rgazma namoyish etildi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq