Axborot texnologiyalari olamini anglash yo’lida
13.02.2010
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

2010 yil 10 fevral, Toshkent. Joriy yilning 26 yanvaridan 13 fevralgacha Toshkent shahridagi 21-mehribonlik uyida uning tarbiyalanuvchilari uchun kompyuter savodxonligi bo’yicha trening o’tkazilyapti.

O’zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi bilan BMT Taraqqiyot Dasturining “O’zbekistonni rivojlantirish uchun AKT siyosatini shakllantirish va joriy etishda O’zbekiston Respublikasi G’ukumatiga ko’maklashish” (ICTP) qo’shma loyihasi trening tashkilotchisidir.

Treningdan ko’zlangan maqsad – o’sib kelayotgan yosh avlodning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasidagi bilimlari darajasini oshirish, yoshlarning axborot texnologiyalariga qiziqishini kuchaytirish, shuningdek mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga ularning o’qishida va keyinchalik ishida ham axborot texnologiyalaridan foydalana olishlarida ko’maklashishdan iborat.

Trening ICTP loyihasining AKT-volontyorlari tomonidan o’tkazilmoqda. Bu dasturga asosan, mehribonlik uyining tarbiyalanuvchilari Windows operatsion tizimida, Word, Excel, PowerPoint dasturlarida ishlash asoslarini o’zlashtirishadi, Internet tarmog’idan samarali foydalanish ko’nikmalarini hosil qilishadi.

Treningda 21-mehribonlik uyining 8 yoshdan 14 yoshgacha bo’lgan tarbiyalanuvchilari qatnashmoqdilar. Mashg’ulotlar mehribonlik uyining yangi jihozlangan, barcha zarur texnik vositalarga ega kompyuter xonasida, haftasiga 3 marotaba o’tkazilayapti.

Kelgusida 21-mehribonlik uyining tarbiyalanuvchilari uchun 3 guruhda bazaviy kompyuter ko’nikmalari bo’yicha trening o’tkazish rejalashtirilmoqda. Shuni ta’kidlab o’tmoqchimizki, testlar va suhbatlar natijalariga ko’ra uch guruhdan 12-15 kishi saralab olinib, ular AKT sohasidagi yanada mukammalroq (Photoshop, CorelDRAW dasturlari bilan ishlash, dasturlash asoslari va boshqa) treninglarda qatnashishlari ko’zda tutilgan.

Ushbu trening barkamol avlodni tarbiyalashda, yoshlar o’z ijodiy va intellektual salohiyatini namoyon etishlarida muhim bosqich bo’ladi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq