Yoshlarning barkamol avlod bo‘lib ulg‘ayishida AKT’ning o‘rni
20.12.2009
Rukn: Tanlovga yuborilgan maqolalar.
Muallif: Abror Dadaxonov.

uchastnik O‘zbekiston respublikasida yoshlarga juda katta e’tibor qaratilib ularga har sohada katta imkoniyatlar ochib berilmoqda. Zero 2010-yil Barkamol avlod yili deb e’lon qilinishi ham bejiz emas. Xalqimiz qadimdan yoshlarga katta e’tibor qaratib, ularning barkamol avlod bo‘lib ulg‘ayishlarida juda katta ahamiyat berilmoqda. Bu o‘rinda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining o‘rni beqiyosdir. Hozirda axborot-kommunikatsiya texnologiyalar jadal rivojlanib, har sohada o‘z o‘rnini egallab bormoqda. Axborot asrida axborot almashinuvi va axborot qiymati oshib bormoqda.

Shu jumladan, O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tez sur’atlarda rivojlanmoqda. Uning qay sohasini olmaylik, unda olib borilayotgan ishlar tahsinga loyiqdir. Telekommunikatsiya sohasini olamizmi, mobil aloqa, internet sohasimi barcha barchasida juda katta ishlar olib borilmoqda. Internet tarmog‘ida mahalliy resurslar ham kundan-kunga ko‘payib bormoqda. Aholi ham ushbu resurslardan samarali fodalanib kelmoqdalar. Foydalanuvchilarning ko‘p qismini albatta yoshlar tashkil etadilar. Hozirda yoshlar internet tarmog‘idan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng miqyosda foydalanib kelishmoqda. Bu o‘z navbatida o‘sib kelayotgan yoshlarga har tomonlama o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoshlarga qanday imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda va uning istiqbollari qanday? Hozirda yoshlarimiz internet tarmogidan keng foydalanib, kerakli ma’lumotlar olishyapti, elektron pochta xizmatlaridan foydalanishmoqda, kerakli adabiyotlar kitoblarni qidirib topmoqdalar, chet ellardan do‘stlar orttirishmoqda va hokazo. Lekin yoshlarimiz uchun mahalliy resurslarimiz yetarlicha emasligi sir emas.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida O‘zbekiston yoshlarini rivojlanishida barkamol avlod bo‘lib yetishishida qanday ishlar olib borish lozim? Kelajak yoshlari aqlli, dono, hech kimdan kam bo‘lmaydigan, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, o‘z fikri va milliy mafkurasiga ega bo‘lgan yoshlar bo‘lib yetishishlari darkor.

Ma’lumki, yoshlar ta’lim-tarbiyasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari katta rol o‘ynaydi. Yosh avlodning ulg‘ayishida internet tarmog‘ida yoshlar uchun yaratilgan milliy resurslarimiz katta ahamiyatga ega. Shu o‘rinda yoshlarimiz uchun, ularni har tomonlama yetuk inson bo‘lib ulg‘ayishlari uchun qanday milliy resurslar yaratish lozim degan savol tug‘ilishi tabiiy hol. O‘zbekiston yoshlari uchun yaratiladigan resurslarimizda milliylik ifurib turmog‘i, O‘zbekiston yoshlari ruhiyatiga mos bo‘lmog‘i darkor. Ushbu resurslar yoshlarni bilimli bo‘lishlarida, ularni vatanga sadoqatli, milliy mafkuraviy o‘z fikriga ega bo‘lgan, o‘z tarixi, o‘zligidan, millatidan faxrlanadigan etib tarbiyalash, yoshlarni yagona g‘oya kelajagi buyuk davlat barpo etish g‘oyasida birlashtirmog‘i, jahonda har sohadaga yangiliklardan, ixtirolardan, yangi bilimlar bilan yanada o‘z tafakkurlarini oshirishlariga xizmat qilmog‘i lozim. Buning uchun O‘zbekiston yoshlari ijtimoiy tarmog‘i, ya’ni O‘zbekiston yoshlari portali yaratilishi muhim ahamiyatga ega. Portal quyidagi: O‘quvchilar uchun elektron kutubxona, maktab darsliklari, qo‘shimcha adabiyotlar, bilimlarni mustahkamlash, har bir fan bo‘yicha bo‘limlar, ensiklopediya, yangiliklar, O‘zbekiston yoshlari yutuqlari, jahon yoshlari yutuqlari, elektron tanlovlar, debatlar, tariximiz, tengdoshlar bilan tanishish, hordiq chiqarish, mashg‘ulotlar, kelajakda kim bo‘lmoqchisiz va hokazo bo‘limlarga ega bo‘ladi. Endi portal ushbu bo‘limlari qanday bo‘lishi va ularning yoshlarimiz yuksalishida qanday ahamiyatga egaligi bilan tanishib chiqsak:

O‘quvchilar uchun elektron kutubxona. Hozirda har bir viloyat va qishloqlardagi maktablarda kutubxona xizmatlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgi kunda yangidan-yangi adabiyotlar chiqib kelmoqda. Har doim ham kerakli adabiyotni kutubxonadan topish mushkul. Bo‘lganda ham ularning soni chegaralangan. Quyidagi vaziyatda albatta o‘quvchilarda kerakli adabiyotni qayerdan olish muammosi tug‘iladi. Ushbu vaziyatda ularga portalning elektron kutubxonasi katta yordamga keladi va o‘quvchilar o‘zlariga kerakli adabiyotni hech qanday qiyinchiliksiz qo‘lga kiritadilar. Bundan tashqari, Elektron kutubxona kundan-kunga yangi adabiyotlarga boyib boradi. Uning yana bir katta yutuqlaridan biri shuki u bir vaqtning o‘zida minglab kitobxonlarga xizmat ko‘rsatadi va ularning bilimlarini o‘stirishlarida katta xizmat ko‘rsatadi.

Maktab darsliklari. Shunday vaqtlar bo‘ladiki, o‘quvchilarga ayrim darsliklar zarur bo‘lib qoladi. Ular darsliklarga ega bo‘lishlariga qaramay, avval o‘qigan darsliklaridan nimanidir yoddan ko‘tarilgan bo‘lishlari yoki nimanidir aniqlashtirib olish zarurati tug‘ilganda portalning maktab darsliklari yordamga keladi. O‘quvchilarga qo‘shimcha bilimlar olish va bilimlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qo‘shimcha adabiyotlar. Hozirda yoshlarning barkamol bo‘lib yetishishlarida faqat maktab darsliklarida bilimlar yetarli bo‘lmay, o‘quvchilar qo‘shimcha adabiyotlarga extiyoj xis etadilar. Portalning bu bo‘limida o‘quvchilar darsliklardan olgan bilimlarini mustahkamlashga xizmat qiladigan qo‘shimcha adabiyotlar o‘rin olgan bo‘ladi. Bu o‘z navbatida, o‘quvchilarning olgan bilimlarini o‘z vaqtida mustahkamlab borishlarida katta xizmat ko‘rsatadi.

Bilimlarni mustahkamlash. Olingan bilimlar o‘z vaqtida mustahkamlab borilmasa, ular o‘z qiymatini yo‘qotib boradi. Portalning bu bo‘limi bilimlarni mustahkamlash uchun aniq fanlar bo‘yicha misol va masalalar to‘plamlari, qo‘shimcha laboratoriya ishlari, tajribalar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishida katta yordam beradi va o‘quvchilarning bilimlarini amaliy jihatda mustahkamlab borishlarida katta xizmat qiladi.

Har bir fan bo‘yicha bo‘limlar. Portalning fanlar bo‘yicha bo‘limlari bo‘lib, ularda shu fanlarni o‘zlashtirishda, ularni chuqurroq o‘rganish uchun o‘quvchilarga yaqindan yordam beradi. Fanlar bo‘yicha savol-javoblar, o‘quvchilarni qiynagan savollariga javob olishlariga va o‘z bilimlarini sinashga imkon beradi. Bu o‘z navbatida o‘quvchilarning o‘zlari yoqtirgan fanlarining yetuk o‘zlashtirishlariga xizmat qiladi.

Ensiklopediya. Kelajakda yetuk inson bo‘lib yetishishda o‘quvchilarning har sohada bilimlarga ega bo‘lishlari katta ahamiyatga egadir. O‘quvchilar har sohadagi bilimlarni olishlarida ensiklopediyalarning o‘rni juda katta. Bu borada portalning ensiklopediya bo‘limi o‘quvchilarga o‘z bilimlarni oshirib borishlarida katta xizmat ko‘rsatadi. Bu bo‘limda O‘zbekiston milliy ensiklopediyalari va har sohadagi ensiklopediyalar o‘rin egallaydi.

Yangiliklar. Yoshlar zamon bilan hamnafas ulg‘ayishlarida jahondagi talim, madaniyat, sport sohasidagi yangiliklaridan boxabar bo‘lishlari muhim ahamiyatga egadir. Bu borada yoshlarimizni portalimizning yangiliklar bo‘limi boxabar qilib boradi va yoshlarimizning zamon bilan hamnafas o‘sib borishlarida yaqindan yordam beradi.

O‘zbekiston yoshlari yutuqlari. Hech qaysi bir davlatda O‘zbekistondagichalik yoshlarga e’tibor berilmasa kerak. Zero 2010-yil “Barkamol avllod” yili deb e’lon qilingani ham so‘zimizning yaqqol isbotidir. Albatta yoshlarimiz ham shu e’tibor va ishonchni oqlashga mahkam bel bog‘laganlar. Bu borada katta yutuqlarga erishib kelmoqdalar. Portalning bu bo‘limida O‘zbekiston yoshlarining erishayotgan yutuqlari haqida yoritib boriladi. Bu o‘z navbatida, yoshlarimizni yanada yuksak cho‘qqilarga erishishga undaydi. Tengdoshlarining yutuqlarini ko‘rgan yoshlar o‘zlari ham yutuqlarga erishayotgan tengdoshlari kabi ular ham yangi bir marralarga intila boshlashlariga ko‘makdosh bo‘ladi.

Jahon yoshlari yutuqlari. O‘z navbatida, jahon yoshlarining yutuqlaridan ham xabardor bo‘lish yoshlarimizda ham ular erishgan cho‘qqilarni zabt etish kerak bo‘lsa undan ham yuqori cho‘qqilarni zabt etishga intilish va qiziqish ortadi. Zero biz hech kimdan kam emasmiz va kam bo‘lmaymiz ham.

Elektron tanlovlar. Tanlovlar yoshlarimizni rag‘batlantirib borish, ularning yanada bilim olishlariga turtki bo‘lib xizmat qiladi. Yoshlarimizning o‘zlarini ko‘rsatishlariga imkoniyat yaratib beradi. Lekin tanlovlar o‘tkazish bir necha qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Tanlov ishtirokchilarini bir joyga to‘plash ularning yo‘l xarajatlari va boshqalar xarajat va qiyinchiliklar tanlovlar o‘tkazishda muammolarni keltirib chiqaradi. Portalning elektron tanlovlar xizmatlari esa bu kabi muammolarni hal etib, o‘quvchilarning ham tanlovlarda ishtirok etishdagi duch keladigan muammolardan xalos etadi.

Debatlar. Hozirda yoshlarning o‘z fikri va mafkurasiga ega bo‘lishi juda katta ahamiyatga ega bo‘lib, bunda yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan debatlar samaradorligi yuqoridir. Bunda yoshlar o‘z fiklarini bildirib, o‘zgalar fikrlari bilan ham o‘rtoqlashadilar. Bu kabi debatlar yoshlarni mustaqil fikrlashga, o‘z dunyoqarashlarini kengaytirishga katta xizmat ko‘rsatadi. Portalning ushbu bo‘limida bu kabi imkoniyatlar yaratilib beriladi.

Tariximiz. O‘z tariximizni bilmay turib buyuk kelajak qura olmaymiz zero ota bobolarimiz erishgan yutuqlar o‘z davrida jahonni larzaga solgan. Yoshlarning o‘z tarixini bilishi kelajakka bo‘lgan ishonchini oshiribgina qolmay, o‘z ota–bobolari izidan borishlariga katta yo‘l ochib beradi. Portalda bunga ham alohida e’tibor berilagan bo‘lib, O‘zbekiston tarixi haqida to‘liq ma’lumotlar beriladi va yoshlarimizning tariximizni mukammal bilishlarida yaqindan ko‘makdosh bo‘ladi.

Tengdoshlar bilan tanishish. O‘zaro firk almashish bilimlarni mustahkamlash va yoshlarni birlashtirishga xizmat qiladi. Bu borada portalda yoshlar boshqa viloyat, tuman yoki shahardagi o‘z tengdoshlari bilan tanishish, ular bilan fikr almashish imkoniyatlari ochib berilgan bo‘lib, ularning hamjihatlikda fikr almashishlariga birgalikda yuksak cho‘qqilarni zabt etishlariga xizmat ko‘rsatadi.

Hordiq chiqarish. Albatta yoshlarning barkamol bo‘lib yetishishlarida ularning dam olishlarini mazmunli tashkil etish katta ahamiyatga ega. Portalning bu bo‘limida shu kabi masalalar ko‘zda tutilgan bo‘lib yoshlarning mazmunli hordiq chiqarishlariga xizmat qiladi. Milliy o‘yinlarimiz, aqlni charhlovchi va boshqa shu kabi o‘yinlarni o‘rin olgan bo‘lib yoshlarning mazmunli hordiq chiqarishlariga yordam beradi.

Mashg‘ulotlar. Yoshlarning har tomonlama yetuk bo‘lib ulg‘ayishlarida qo‘shimcha mashg‘ulotlarning o‘rni kattadir. Qo‘shimcha mashg‘ulotlarda o‘quvchilar o‘zlariga yoqqan mashg‘ulotlarga qatnashib o‘z bilimlarini oshirishlari, qo‘shimcha hunarlar o‘rganishlari mumkin.

Kelajakda kim bo‘lmoqchisiz. Yoshlar o‘z sohalarining yetuk mutaxassislari bo‘lib yetishishlari uchun avvaldan o‘z kasblarini aniqlab olishlari muhimdir. Bu borada Portalning kelajakda kim bo‘lmoqchisiz bo‘limi yordam beradi. Bunda turli kasblar haqida to‘liq yozilgan bo‘lib yetuk mutaxassis bo‘lib yetishish uchun nimalarga e’tibor berish kerakligi berib o‘tilgan. Bu yoshlarimizning avvaldan o‘zlariga mos kasb tanlashlarida yaqindan yordam beradi.

Biz yuqorida yoshlarning yetuk inson bo‘lib yetishishlarida AKT’ning o‘rnini O‘zbekiston yoshlari portali misolida ko‘rib chiqdik. Ko‘rinib turibdiki, AKT sohasi yoshlarimizning har tomonlama yetuk, aqlli, bilimli, o‘z fikriga ega bo‘lgan, o‘zligini anglagan, vataniga sadoqatli barkamol avlodlarni yetishtirishda juda katta ahamiyat kasb etadi.

Abror Dadaxonov, Toshkent shahar, S. Rahimov tumani,Vohid Zohidov nomidagi 146-maktab 9-sinf o‘quvchisi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq