Jahon moliyaviy inqirozining O’zbekiston axborot va kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga ta’sirini bartaraf etishning yo’llari va choralari mavzuiga bag’ishlangan seminar
30.06.2009
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

2009-yil 19-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo’umitasining «Jahon moliyaviy inqirozining O’zbekiston axborot va kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga ta’sirini bartaraf etishning yo’llari va choralari» mavzuiga bag’ishlangan seminari bo’lib o’tdi. Seminar O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bilan hamkorlikda o’tkazildi.

Mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov axborot va kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasini izchil rivojlantirish hamda uni hayotimizning barcha jabhalariga tatbiq etish lozimigini bir necha bor ta’kidlagan edi. Shunday e’tiborning natijasi sifatida so’nggi to’rt yil mobaynida AKT sohasida xizmat ko’rsatish hajmi jadal rivojlanib, yiliga o’rtacha 50 foiz o’sishni tashkil etayotganligini qayd etish lozim. Bugungi kunda mamlakatimizda AKT sohasini tartibga soluvchi mustahkam huquqiy bazani yaratish borasida o’ndan ortiq qonunlar va 63 ta qonunosti hujjatlar qabul qilingan.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan global iqtisodiy inqirozning salbiy ta’sirini bartaraf etish maqsadida 2008-yili «2009-2012 yillarga mo’ljallangan inqirozga qarshi choralar Dasturi» qabul qilingan bo’lib, unda tegishli chora-tadbirlar bilan bir qatorda mamlakatni iqtisodiy-ijtimoiyrivojlantirishning ustuvor yo’nalishlari belgilandi.

pic

Seminarda ta’kidlanganidek, ushbu Dastur qabul qilinishi va joylarda bajarilishi evaziga, 2009-yilning I choragida AKT sohasida 377,6 mlrd. so’mlik mahsulot ishlab chiqildi va xizmatlar ko’rsatildi, shundan aholiga 207,7 mlrd. so’mlik xizmat ko’rsatilib, o’sish sur’ati o’tgan yilning shu davri bilan solishtirilganda 40,1 foizni tashkil etdi. Eksportning prognoz ko’rsatkichlari 144,7 foizga bajarildi.

2009-yilgi AKT sohasida investitsion dasturga kiritilgan loyihalar bo’yicha I chorakda to’g’ridan to’g’ri chet el investitsiyasi va kreditlari 38,8 mln. AQSH dollari, soha korxonalarining o’z mablag’lari evaziga 8,8 mlrd. so’m miqdorida sarmoyalar o’zlashtirildi.

pic

Jahonda ro’y berayotgan iqtisodiy inqirozning mamlakatimiz AKT sohasiga ta’sirining oldini olish hamda Inqirozga qarshi choralar dasturini bajarish borasida aloqa va axborotlashtirish korxonalari tomonidan tarmoqni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, xizmatlar hajmini oshirish, moliyaviy resurslardan oqilona foydalanish, qishloq aloqa va telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu yo’nalishda «O’zbektelekom» AK tomonidan 169 raqamli telefon stansiyalar ishga tushirildi, (ularning 128 tasi qishloq joylarida), 8476,2 ming kanal kilometr uzunlikda optik tolali kabel yotqizildi, 30,8 mln AQSh dollari qiymatiga teng 9 ta yirik loyihani bajarishga kirishildi.»O’zbekiston pochtasi» OAJ tomonidan qishloq aholisiga pochta aloqasi xizmati ko’rsatish ko’lamini kengaytirish maqsadida olis va tog’li qishloq, joylarida 20 ta ko’chma pochta bo’limlari tashkil etildi. Joriy yilning oxirigacha yana 202 ta aholi punktlarini ko’chma pochta bo’linmalari bilan qamrab olish rejalashtirilgan.

Qayd etilgan loyihalarning amalga oshirilishi, avvalo qishloq, joylarda turmush darajasini yuksaltirish, AKT xizmatlari sifatini tubdan yaxshilashini ta’minlashi seminarda alohida ta’kidlanib o’tildi. Shuningdek, qishloq joylarda aloqa va telekommunikatsiya xizmatlariga ixtisoslashgan kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari faoliyatini jadal rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish va shu orqali yangi ish o’rinlari yaratish borasida ham fikr-mulohazalar bildirildi.

Seminar ishtirokchilari muhokama qilinayotgan masala bugungi kunda o’ta dolzarbligini ta’kidlab, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida aloqa va telekommunikatsiya sohasi korxonalarini uzluksiz ishlashini ta’minlash, xizmat sifatini tubdan yaxshilash maqsadida telekommunikatsiya tarmoqlari infratuzilmasini rivojlantirish, sohaga eng ilg’or texnologiyalarni joriy etish orqali zamonaviy infokommunikatsiya xizmatlarini ko’rsatish, energiyani tejashning samarali tizimini joriy etish, import o’rnini bosadigan axborot va telekommunikatsiya vositalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlab o’tdilar.

Seminarda soha korxonalari tomonidan ko’rsatilayotgan AKT xizmatlarini diversifikatsiya qilish, xizmat ko’rsatishni xalqaro sifat standartlariga o’tish bo’yicha tarmoq dasturlarini qabul qilish va amalga oshirishni jadallashtirish, korxonalarida qat’iy tejamkorlik tizimini joriy etish, ishlab chiqarish xarajatlari va xizmatlar tannarxini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqildi.

Seminar ishidaO’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlari, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, idora va ommaviy axborot vositalari vakillari, ekspert va mutaxassislar ishtirok etdilar.

Seminar yakunida qatnashchilar tomonidan bildirilgan takliflar asosida tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq