Elektron portfolio saqlanmalarini yaratish masalalari
24.06.2009
Rukn: Internet.
Muallif: Sanjar Toshev.

pic

2008-yilda boshlangan Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi hozirgi kunda dunyoning biror-bir davlatini chetlab o’tmayapti. Bu muammoning ta’sirlarini bartaraf etish va inqirozdan chiqib ketish yo’llari qidirilmoqda, turli g’oyalar ilgari surilmoqda, tegishli qonun va qarorlar qabul qilinmoqda.

Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining Respublikamiz iqtisodiyotiga ta’sirini kamaytirish bo’yicha Respublika Prezidenti boshchiligida Davlat dasturi ishlab chiqildi va uning ijrosi amalda tatbiq etilmoqda. Davlat dasturida asosiy ustuvor vazifalar sifatida xalq xo’jaligida innovatsion texnologiyalardan keng foydalanish, qo’shimcha ish o’rinlarini yaratish va yosh kadrlarni ish o’rinlari bilan ta’minlash kabi masalalarga e’tibor qaratilgan. Bu borada Prezidentimizning «Jahon moliyaviy iqtisodiy inqirozi, O’zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo’llari va choralari» kitobida ham quyidagi fikrlar keltirib o’tilgan: «…innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish — O’zbekiton uchun inqirozni bartaraf etish va jahon bozoriga chiqishning ishonchli yo’lidir».

pic

Har yili Respublikamiz oliy ta’lim muassasalari va kasb-hunar kollejlarini minglab yoshlar o’z mutaxasisliklari bo’yicha tamomlab, eng asosiy muammo sifatida bu kadrlarni ish bilan ta’minlash vazifasi turadi. Bu kabi vazifalarning asosiy sabablari sifatida quyidagilarni keltirish mumkin:

  • ish beruvchi tashkilot yoki korxonalarda zarur kadrlarni izlab topish, ular to’g’risida to’liq va to’g’ri axborot tizimini yaratish zarurati;
  • yosh kadrlarning bilim va ish ko’nikmalarining qanday darajada ekanligini aniqlash bo’yicha aniq va ishonchli tizimini yaratish zarurati;
  • o’z navbatida, ish beruvchi korxona yoki tashkilot va undagi bo’sh ish o’rinlari haqida axborotlar tizimini yaratish zarurati;
  • bu ikki guruh (ish beruvchi va mutaxassis kadr) orasida uzviy aloqani ta’minlash bo’yicha zamonaviy axborot va telekommunikatsiya vositalaridan to’laligicha foydalanilmayotganligi.

    Yuqoridagi vazifalarni hal etishda yagona axborot tizimini yaratish, bu tizimda yosh kadrlarning elektron portfoliolar va ish beruvchilar to’g’risidagi ma’lumotlar saqlanmalarini tashkil etish eng muhim vazifalardan sanaladi.

    Umuman, portfolio tushunchasi biror-bir kasb egasining o’z ish faoliyati davomida bajargan ishlari to’g’risida axborot beruvchi ma’lumotnomaga nisbatan qo’llaniladi. Elektron portfolio haqida so’z yuritilganda buni faqat (veb) dizayn, fotografiya va dasturlash sohasida ish yuritayotgan kasb egalarining faoliyatida kuzatishimiz mumkin. Ayrim kasb egalari bu zamonaviy texnik yutuqlardan to’laligicha foydalanmayaptilar. Shu sababli ham Respublika miqyosida yosh kadrlar va turli kasb egalarining umumiy elektron portfoliolar saqlanmalarini yaratish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Zero, bu yerda asosiy maqsad ishchi kadrlarni o’z sohalariga doir ish bilan ta’minlash, ish beruvchi tashkilot va firmalarda kuchli mutaxassislikga ega, ilmiy salohiyati yuqori bo’lgan kadrlarni ishga jalb etishdan iborat.

    Elektron portfoliolar saqlanmalarini yaratishda ishchi kadr yoki kadrlarni tayyorlovchi bilim yurtlari, ish beruvchi (korxona, firma, tashkilot, kompaniya va boshqalarni), ta’lim muassasasiga mas’ul yoki biriktirilgan vazirlik va idoralar hamda huquqiy organlarning umumiy muloqotini yaratish zarur hamda har bir bo’limning o’ziga xos bajaradigan vazifalari mavjud. Quyidagi rasmda yuqorida sanab o’tilgan obyektlar o’rtasidagi o’zaro muloqotni grafik tarzda ifodalangan.

    pic

    Elektron portfoliolar saqlanmalarini yaratish bir inson yoki tashkilot zimmasidagi vazifa emas, shuningdek, uni yaratishda ma’lum talab va qonunlarlarga amal qilish shart hisoblanadi.

    Har bir obyekt uchun bajarilishi zarur bo’lgan talablarni ko’rib chiqadigan bo’lsak, quyidagilarga e’tibor qaratishimiz lozim bo’ladi.
    Elektron portfoliolar saqlanmalariga qo’yiladigan talablar:

  • portfoliolar saqlanmalaridagi ma’lumotlarning ishonchliligi;
  • ma’lumotlar bazasining ma’lum belgilangan vaqt oralig’ida yangilanib borishini tashkil etish;
  • ma’lumotlar saqlanmalaridagi axborotlarning mukammal himoyalanganligi va tashqi ta’sirlarga (dasturiy ta’minot va fizik ta’sirlar) chidamliligi;
  • doimiy ravishda xavfsizlikni ta’minlash, mijozlarga xizmat ko’rsatishda keng ko’lamdagi qulayliklar yaratish bo’yicha zamonaviy axborot va telekommunikatsiyaning dasturiy va apparat ta’minotidan foydalanish va ularni modernizatsiyalash;
  • portfolilar saqlanmalaridagi ma’lumotlarning ishchi kadr (yoki kadrlarni tayyorlovchi ta’lim muassasalari) va ish beruvchi manfaatlari va huquqlariga zid kelmasligi;
  • barcha yuqorida keltirib o’tilgan obyektlar o’rtasidagi muloqotni doimiy ta’minlash;
  • elektron portfoliolar saqlanmalarinining Desktop va Web dasturlari ko’rinishlarining mavjudligi;
  • ishchi kadrlarning portfoliodagi ma’lumotlardan foydalana olishlari uchun bu saqlanmalarning Internetga bog’langan bo’lishi va foydalanuvchilarga berilgan huquqlar asosida ularga foydalanish ruxsatlarining tashkil etilganligi.

    Ishchi kadrga (yoki kadrlarni tayyorlovchi ta’lim muassasalari) qo’yiladigan talablar:

  • ma’lumotlarning to’liqligi va ishonchliliga javobgarlik;
  • ishchi kadrning maktab, akademik litsey yoki kasb hunar-kolleji, oliy ta’lim muassasasidagi faoliyati davrida ko’rsatgan natija va yutuqlari (fan olimpiadalari, ilmiy ishlari va ma’ruzalari) to’g’risida batafsil (ish beruvchining ishchi kadr haqida ma’lumot olish huquqiga asosan) axborot berish shartliligi;
  • ishchi kadr tomonidan berilgan axborotning O’zbekiston Respublikasi qonunlariga zid kelmasliligi.

    Ish beruvchiga qo’yilgan talablar:

  • ma’lumotlarning to’liqligi va ishonchliliga javobgarlik;
  • ish beruvchi o’zidagi bo’sh ish o’rinlari, undagi sharoitlar va talablar to’g’risida to’liq va to’g’ri ma’lumot berishining zarurligi (ish beruvchining ishchi kadr haqida ma’lumot olish huquqiga asosan);
  • ish beruvchi tomonidan berilgan axborotning O’zbekiston Respublikasi qonunlariga zid kelmasliligi.

    Mas’ul vazirlik va idoralarga qo’yilgan talablar:

  • biriktirilgan oliy ta’lim muassasasilari, ilmiy tadqiqot institutlari va laboratoriyalarida tahsil olayotgan talabalar va ish faoliyatini yuritayotgan kadrlar to’g’risidagi ma’lumotlarning to’g’rililigini nazorat qilish;
  • to’plangan ma’lumotlarni portfoliolar saqlanmalaridagi ma’lumotlar bilan to’g’rililigini doimiy ravishda nazorat qilib borish.

    pic

    Huquqiy organlarga qo’yiladigan talablar:

  • elektron portfoliolar saqlanmalaridagi ma’lumotlarning xavfsizligini doimiy nazorat ostiga olish;
  • berilgan ma’lumotlar o’rtasida nomutanosiblik mavjud bo’lsa, ularni tekshiruvlar asosida bartaraf etish;
  • tomonlarning manfaat va huquqlarini tegishli qonun va hujjatlar asosida hal etish;
  • elektron portfoliolar saqlanmalaridagi ma’lumotlarni O’zbekiston Respublikasi manfaatlariga zid emasligini doimiy tekshirib boorish.

    Yuqorida keltirib o’tilgan talablar asosida yagona milliy elektron portfoliolar saqlanmalarini yaratish jamiyatimiz iqtisodini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu tizim orqali biz quyidagi foydalarga ega bo’lamiz:

  • ishchi kadrlarni o’z vaqtida sohalariga oid ish bilan ta’minlash;
  • ish beruvchi firma va tashkilotlarda qobiliyatli, yangilikga intiluvchan va ijodkor kadrlarning faoliyat yuritishishlariga keng o’rin berish;
  • ilmiy salohiyatli yoshlar va kadrlarning chet davlatlariga chiqib ketishining oldini olish, zero bu kabi yoshlar Respublikamizning taraqqiyoti uchun ham juda zarur. Ularni tayyorlash esa Respublika budjetidan salmoqli mablag’ talab etadi. Bu tizim orqali sarflanayotgan mablag’larni chetga chiqishini kamaytirish imkoniyati tug’iladi.
  • ishchi kadr (talaba-mutaxassis, kadr), ish beruchi va ularga biriktirilgan vazirlik va idoralar o’rtasida ishonchli va yagona axborot tizimining mavjudligi;
  • so’nggi yillarda jahonda keng muhokamada bo’lgan va loyihalari ishlab chiqilayotgan biopassport va elektron hukumat tizimini yaratish bo’yicha ham boshlang’ich qadamlar tashlash imkoniyati.

    Xulosa qilib aytganda, talaba va yosh kadrlarining milliy elektron portfoliolar saqlanmalarini yaratish Respublikaning nafaqat iqtisodiyoti, shuningdek ijtmoiy-siyosiy hayotida ham muhim o’rin tutadi. Chunki, ushbu tizim hozirda jahonda ommalashayotgan «Elektron hukumat» va «biopassport» kabi sohalarning Respublikamizdagi rivoji uchun dastlabki poydevor vazifasini bajarishi mumkin.

    Orphus system
    O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
    Telegramga qo`shmoq
    WhatsAppga qo`shmoq
    Odnoklassnikiga yubormoq
    VKontakteda bo`lishmoq