Davlat Hokimiyati portali va uni ma’lumotlar bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi
10.06.2009
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Joriy yil 4 iyun kuni O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligida O’zbekiston Respublikasi Davlat Hokimiyati portali va uni ma’lumotlar bilan ta’minlash masalalariga bag’ishlangan seminar o’tkazildi.

pic

Unda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni va Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimlari, davlat idoralarining 130 nafardan ortiq vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir ochilishida O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Bosh direktorining birinchi o’rinbosari H.Muhitdinov mamlakatimizda Elektron hukumatni barpo etish borasida olib borilayotgan ishlar, Hukumat portalining ahamiyati va uni ma’lumotlar bilan to’ldirib borish borasida belgilangan vazifalar to’g’risida gapirdi.

Seminarda ishtirok etgan Prezident devoni va Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimlari davlat idoralari matbuot xizmatlarining o’rni va vazifalari haqida to’xtalib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini aholiga to’laqonli yetkazib berish ularning sa’y-harakatlariga bog’liq ekanini, buning uchun esa yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish lozimligini ta’kidlab o’tishdi.

Mamlakatimiz Prezidenti ta’kidlaganidek, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining O’zbekiston iqtisodiyotiga ta’sirini kamaytirish va oldini olishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish muhim omil hisoblanadi. Tadbirkorlarimizga yengillik tug’dirish uchun ham davlat idora va tashkilotlari o’z veb-saytlarini barcha zarur ma’lumotlar bilan to’ldirib borishlari, interaktiv xizmatlarni yo’lga qo’yishlari lozim bo’ladi. O’z o’rnida, bunday ma’lumotlar bazasi yaratilishi Hukumat portali ishini ham takomillashtiradi.

Ishtirokchilar tomonidan bildirilgan shu kabi fikr-mulohazalardan so’ng seminar ma’ruzachilariga navbat berildi. UZINFOCOM markazi bosh direktorining o’rinbosari Ravshan Alimuhamedov yangi ishga tushiriladigan O’zbekiston Respublikasi Davlat Hokimiyati portali yuzasidan ma’ruza qildi.

— Amalda ishlab turgan portal foydalanuvchilar tashrifi jihatidan eng ommabop saytlar qatoriga kiradi, — dedi ma’ruzachi. — Bir oy davomida Gov.uz portaliga 30 mingdan ortiq internet foydalanuvchisi tashrif buyuradi. Bu portal ommabopligi va katta ma’lumotlar bazasiga ega bo’lishiga qaramasdan, texnik tarafdan biroz eskirdi. Shu sababdan portalning yangi talqini ishlab chiqildi. G2C («Davlat — fuqarolar») va G2B («Davlat — biznes») kabi qo’shimcha modullarga ega yangi portal hukumatimiz faoliyati to’g’risida mamlakat aholisini, jahon hamjamiyati va biznes tuzilmalarini yanada samaraliroq axborot bilan ta’minlash imkonini beradi, davlat interaktiv xizmatlari ko’rsatishga, davlat va jamoatchilik o’rtasida aloqalarni takomillashtirish, davlat organlari faoliyatining oshkoraligini oshirishga xizmat qiladi.

Shu o’rinda yana bir taqqoslashni keltirib o’tsak: agar eski portal orqali asosan matn ko’rinishidagi ma’lumotlar taqdim etilgan bo’lsa, yangi talqinda foto, audio va video materiallarni ham joylashtirish imkoni bo’ladi.

UZINFOCOM markazi bosh mutaxassisi Olimjon Umarov o’z ma’ruzasida Hukumat portaliga ma’lumotlarni taqdim etish va joylashtirishning onlayn tizimi xususida so’z yuritdi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq